Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari yangi tarixiy maksimumga yetdi — $66,3 mlrd
Yil oxiriga kelib Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari 66,3 mlrd dollarga yetdi. Bir yil davomida zaxiralar hajmi 25,1 mlrd dollarga oshgan. Eng katta oʻsish oltin zaxiralari hissasiga toʻgʻri keldi.

Oʻzbekistonning xalqaro oltin-valyuta zaxiralari tarixda ilk bor 66 mlrd dollardan oshdi. Bu haqda Markaziy bank maʼlumotlarida keltirib oʻtilgan.
2025 yil dekabr oyida zaxiralar hajmi bir oyda qariyb 5,1 mlrd dollarga koʻpayib, 66,3 mlrd dollarga yetdi.
Zaxiralardagi eng katta oʻsish oltin hisobiga toʻgʻri keldi. Xususan, qimmatbaho metallning qiymati bir oy ichida 50,86 mlrd dollardan 55,1 mlrd dollargacha oshdi.
Oltinning fizik hajmi ham koʻpaydi: dekabr oyida u 0,4 mln troy unsiyaga oshib, 12,6 mln troy unsiyani tashkil etdi. Natijada, mamlakat oltin zaxiralari bir yil avvalgi 12,3 mln troy unsiyadan yuqori daraja bilan yilni yakunladi.
| Koʻrsatkichlar | 1 yanvar 2025 | 1 dekabr 2025 | 1 yanvar 2026 |
| Rasmiy zaxira aktivlari (mlrd $) | 41,2 | 61.23 | 66,31 |
| Oltin (mlrd $) | 32,03 | 50,86 | 55,09 |
| Sof hajmi (mln troya unsiya) | 12,3 | 12,2 | 12,6 |
| Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari (mlrd $) | 8,6 | 9,81 | 10,64 |
| Shu jumladan qimmatli qogʻozlar | $101,7 mln | $1,52 mlrd | $1,53 mlrd |
Zaxiralar tarkibidagi xorijiy valyutadagi aktivlar ham biroz oshib, 10,64 mlrd dollarni tashkil etdi. Qimmatli qogʻozlar portfeli esa yil yakunida 1,5 mlrd dollarga yetdi. Taʼkidlash joizki, Markaziy bank ushbu instrumentlarga investitsiyani dastlab 35 mln dollar bilan boshlagan edi.
Umuman olganda, bir yil davomida Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari 25,1 mlrd dollarga oshdi. Garchi oltinning fizik hajmi atigi 0,3 mln troy unsiyaga koʻpaygan boʻlsa-da, uning qiymati 2,2 barobar, yaʼni 123 foizga oshdi.
Bu, avvalo, jahon bozorida oltin narxining rekord darajada qimmatlashgani bilan izohlanadi. Xususan, faqat bir oy ichida narxlar oʻsishi taʼsiri oltin zaxiralari qiymatini 2,9 mlrd dollarga oshirdi.
2025 yil boshida oltin zaxiralari qiymati 32 mlrd dollarni tashkil etgan boʻlsa, bir yil ichida bu koʻrsatkich 23 mlrd dollarga oshib, 55,1 mlrd dollarga yetdi.









