Oʻzbekistondagi umumiy pul massasida naqd pulning ulushi 18,9 foizgacha tushdi
2025 yil 1 iyul holatiga kelib, umumiy pul massasida naqd pullarning ulushi 2,2 foizga kamayib, 18,9 foizni tashkil etdi.
Shunga qaramay, Markaziy bank yilning birinchi yarmida 5,2 trillion soʻmlik qoʻshimcha naqd pul muomalaga chiqargan.

2025 yilning yanvar–iyun oylarida Oʻzbekistonda umumiy pul tushumlari 491 trillion soʻmni tashkil etdi. Ushbu koʻrsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshgan. Bu haqda Markaziy bank hisobotida maʼlumot berilgan.
Hisobotga koʻra, terminallar orqali tushgan mablagʻlar ulushi umumiy tushumlarda 41 foizdan 43 foizgacha, savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida esa 45 foizdan 48 foizgacha koʻtarilgan. Bu raqamlar toʻlovlarning tobora koʻproq raqamli shaklga oʻtayotganini koʻrsatmoqda.
Banklar orqali amalga oshirilgan naqd pul aylanmasi 563 trillion soʻmni tashkil etgan. Shundan 277 trillion soʻmi tushum, 286 trillion soʻmi esa aholi va tashkilotlarga berilgan naqd pullardan iborat. Ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 23 foizga oshgan.

2025 yilning birinchi yarmida bank kartalariga tushgan mablagʻlar hajmi 676 trillion soʻmga yetib, bu oʻtgan yilga nisbatan 1,4 barobarga koʻpaygan. Shu bilan birga, naqdlashtirilgan mablagʻlar ulushi 2023 yildagi 24 foizdan, 2024 yilda 23 foizga, 2025 yilda esa 19 foizgacha kamaygan. Bu naqd puldan foydalanishning izchil ravishda qisqarayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, mavsumiy omillar fonida naqd pullarga boʻlgan talab oshgan. Mazkur talabni qoplash maqsadida Markaziy bank muomalaga 5,2 trillion soʻmlik qoʻshimcha naqd pullar chiqarishga majbur boʻlgan.

2025 yil 1 iyul holatiga kelib, umumiy pul massasida naqd pullarning ulushi 18,9 foizni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga kamaygan. Bu esa iqtisodiyotda raqamli toʻlovlar ulushi ortib borayotganini, hamda pul muomalasi tobora zamonaviylashayotganini koʻrsatadi.