12 758.360 so‘m

decrease

-19.760

14 820.110 so‘m

decrease

-111.120

163.340 so‘m

decrease

-0.670

12 758.360 so‘m

decrease

-19.760

8 soat avval
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston Mobiuz aloqa operatorini $300 mlnga sotishni rejalashtirmoqda — Bloomberg

Nashr manbalariga koʻra, agar Mobiuz boshqa operatorlar bilan birlashsa, davlat potensial xaridorni qoʻllab-quvvatlashga tayyor. Hozirda Qatar, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon va Yevropa investorlari Mobiuz’ni xususiylashtirishga oldindan qiziqish bildirmoqda.

Oʻzbekiston Mobiuz aloqa operatorini $300 mlnga sotishni rejalashtirmoqda — Bloomberg
Foto: AI / Pinkod.uz

Oʻzbekiston Mobiuz mobil aloqa operatorini 300 mln dollarga sotishni rejalashtirmoqda. Bloomberg’ning ikki ishonchli manbasiga koʻra, bu jarayonga Yaqin Sharq va Yevropadan investorlar jalb qilinishi mumkin.

Universal Mobile Systems MChJ, yaʼni Mobiuz, mamlakatdagi toʻrtinchi yirik operator hisoblanadi.

Nashr manbalariga koʻra, agar Mobiuz boshqa operatorlar bilan birlashsa, davlat potensial xaridorni qoʻllab-quvvatlashga tayyor.

Hozirda Qatar, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon va Yevropa investorlari Mobiuz’ni xususiylashtirishga oldindan qiziqish bildirmoqda.

Bloomberg taʼkidlashicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakili ushbu masala yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

Mobiuz’ning 100 foizlik ulushini sotish boʻyicha tender iyun oyida eʼlon qilingan boʻlib, ariza topshirish muddati 1 avgustga qadar belgilangan. Mazkur savdo boʻyicha xalqaro moliyaviy va strategik maslahatchi sifatida Rothschild & Co jalb etilgan.

Fitch Solutions’ga qarashli BMI maʼlumotlariga koʻra, 2024 yil oxirida Oʻzbekistonda mobil aloqa foydalanuvchilari soni 35,6 millionga yetgan boʻlib, ulardan 20,9 foizi Mobiuz abonentlari boʻlgan. Kompaniyaning asosiy raqobatchilari — davlatga qarashli Uztelecom, Coscom hamda Dubayda joylashgan Veon Ltd kompaniyasiga tegishli Unitel MChJ.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi maʼlumotiga koʻra, Mobiuz 2024 yilda 164 million dollar daromad va 41 million dollar miqdorida EBITDA (yaʼni foiz, soliq, amortizatsiya va eskirishdan oldingi foyda) qayd etgan.

Veon (Beeline) matbuot xizmati Mobiuz tenderida ishtirok etishi yoki yoʻqligi yuzasidan aniq izoh bermagan. Biroq kompaniya muntazam ravishda yangi oʻsish imkoniyatlarini koʻrib chiqishini bildirgan va Oʻzbekistonni oʻzining ustuvor bozorlaridan biri deb atap, bu yerda raqamli xizmatlarini kengaytirishga intilayotganini taʼkidlagan.

Mobiuz haqida

Universal Mobile Systems – Mobiuz brendi ostida GSM, UMTS va 4G LTE texnologiyalarida mobil aloqa va mobil internet xizmatlarini koʻrsatadi. 2024 yilda kompaniyaning sof tushumi 2,086 trillion soʻmni tashkil etgan, abonentlar soni esa 7,8 million nafarga yetgan.

UMS dastlab Oʻzbekiston hukumati va Rossiyaning MTS kompaniyasi oʻrtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan. 2016 yilda MTS oʻz ulushini sotgan. 2018 yildan kompaniya Raqamli ishonch jamgʻarmasiga tegishli boʻlgan. Jamgʻarma 2021 yilda tugatilgach, UMS kompaniyasining egalik huquqi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga oʻtgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+