11 986.300 so‘m

increase

10.940

13 937.670 so‘m

decrease

-83.080

163.610 so‘m

increase

0.700

11 986.300 so‘m

increase

10.940

2 soat avval
Bozor
26

“Oʻzbekiston global kapital bozori uchun ochiq va ishonchli hamkorga aylandi”, — Saida Mirziyoyeva UzNIF’ning Londondagi IPO’si haqida

Bugun UzNIF aksiyalari ilk bor London fond birjasida ommaviy savdoga chiqarildi.

IPO jarayonida xalqaro investorlar qiziqishi yuqori boʻlib, savdolar boshlanganidan keyin UzNIF qimmatli qogʻozlari London va Toshkent bozorlarida IPO narxidan sezilarli yuqori darajada savdo qilindi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu jarayonni Oʻzbekiston iqtisodiy tarixidagi muhim bosqich deb baholab, mamlakat global kapital bozori uchun ochiq va ishonchli hamkorga aylanganini taʼkidladi.

“Oʻzbekiston global kapital bozori uchun ochiq va ishonchli hamkorga aylandi”, — Saida Mirziyoyeva UzNIF’ning Londondagi IPO’si haqida

Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) aksiyalari ilk bor bir vaqtning oʻzida London va Toshkent fond birjalarida ommaviy savdoga chiqarildi. Bu mamlakat kapital bozori tarixida davlat aktivlari xalqaro investorlar eʼtiboriga bunday miqyosda taqdim etilgan birinchi holat boʻldi.

London fond birjasida UzNIF qimmatli qogʻozlari savdosi boshlanishi munosabati bilan maxsus tadbir oʻtkazildi. Unda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi.

Saida Mirziyoyeva ushbu jarayonni mamlakat iqtisodiy tarixidagi muhim bosqich sifatida baholab, Oʻzbekiston global kapital bozori uchun yanada ochiq va ishonchli hamkorga aylanayotganini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, tizimli islohotlar natijasida iqtisodiyot hajmi sezilarli kengayib, davlat institutlari samaradorligi hamda investorlar uchun kafolatlar mustahkamlangan.

“Tizimli va izchil islohotlar natijasida iqtisodiyotimiz 3 barobar oʻsdi, davlat institutlari samaradorligi ortib, investorlar uchun kafolatlar mustahkamlandi. Natijada Oʻzbekiston global kapital bozori uchun yanada ochiq va ishonchli hamkorga aylandi”, — degan Administratsiya rahbari.

UzNIF’ning IPO’si Franklin Templeton bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Jamgʻarma aksiyalari London fond birjasida global depozitar tilxatlar — GDR shaklida, Toshkent fond birjasida esa oddiy aksiyalar koʻrinishida joylashtirildi. Davlat UzNIF’dagi 31 foizlik ulushini sotib, qariyb 603,6 mln dollar jalb qilgan. Joylashtirish natijasida jamgʻarma qiymati taxminan 1,95 mlrd dollarga baholangan.

IPO’ning asosiy qismi xalqaro bozorga toʻgʻri keladi. Sotilgan ulushning qariyb 97 foizi London bozorida GDR — global depozitar tilxat shaklida, 3 foizga yaqini esa Toshkent fond birjasida oddiy aksiyalar sifatida joylashtirildi. London bozorida bitta GDR narxi 25 dollar etib belgilangan boʻlsa, Toshkentdagi taklifda bir dona aksiya narxi 4,65 soʻm, oʻzbekistonlik rezident jismoniy shaxslar uchun 12 mlrd soʻmgacha boʻlgan buyurtmalarda esa chegirma bilan 4,41 soʻmni tashkil qilgan.

Xalqaro investorlar qiziqishi ham yuqori boʻldi. IPO oldidan BlackRock, Franklin Resources, Redwheel hamda Allan & Gill Gray Foundation’ga tegishli treasury kompaniyalari jami 300 mln dollarlik GDR sotib olish majburiyatini olgan. Euronews maʼlumotiga koʻra, IPO jarayonida investorlar talabi 2,8 mlrd dollardan oshgan, buyurtmalar esa taklif hajmidan toʻrt martadan koʻproq yuqori boʻlgan.

“Mamlakatimiz IPO jarayonlarida “BlackRock”, “Franklin Resources”, “Redwheel” kabi koʻplab yirik xalqaro investorlarning ishtirok etishi dunyo hamjamiyati tanlagan yoʻlimiz, salohiyatimiz va kelajagimizga ishonch bildirayotganining yorqin isbotidir”, — dedi Saida Mirziyoyeva oʻz Telegram kanalida.


18 may kuni UzNIF qimmatli qogʻozlari savdosi Toshkent va London bozorlarida IPO narxidan yuqori darajada boshlandi. Toshkent Respublika fond birjasida savdolarning ilk kunida UzNIF aksiyalari eng koʻp savdo qilinayotgan aktivlardan biriga aylandi. Pinkod maʼlumotiga koʻra, deyarli ikki soat ichida bitimlar hajmi 1,2 mlrd soʻmdan oshgan, bitta aksiya narxi esa 6,20 soʻmga yetgan. Bu IPOdagi chegirmali narx — 4,41 soʻmga nisbatan 40,6 foizlik oʻsishni anglatadi. Savdolar davomidagi eng yuqori narx 7,50 soʻmni tashkil etdi.

London fond birjasida esa UzNIF GDR’lari 27,50 dollar narx bilan ochilgan. Bu 25 dollarlik IPO narxidan 10 foiz yuqori koʻrsatkichdir. Savdolar davomida GDR’larning eng yuqori narxi 27,8 dollargacha koʻtarilgani qayd etilgan.

UzNIF portfelida mamlakatning strategik ahamiyatga ega yirik davlat kompaniyalaridagi ulushlar jamlangan. Ular orasida transport, energetika, telekommunikatsiya, bank va infratuzilma sohalaridagi aktivlar bor. 

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+