Oʻzbekiston davlat qarzi 2027 yilda YaIMning 27,2 foizigacha kamayadi — XVJ
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekistonda davlat qarzi va byudjet taqchilligi qisqarishda davom etishini prognoz qilmoqda. Biroq XVJ davlat korxonalari, banklar va davlat-xususiy sheriklik loyihalari bilan bogʻliq shartli majburiyatlar, shuningdek, byudjetning oltin narxlariga qaramligi fiskal xatarlarni saqlab qolayotganini taʼkidladi.

XVJning Oʻzbekiston iqtisodiyoti boʻyicha 2026 yilgi baholashiga koʻra, mamlakat davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati kelgusi yillarda pasayishda davom etadi.
Oʻzbekiston davlat qarzi 2024 yilda YaIMning 30,9 foizini tashkil etgan boʻlsa, 2025 yilda 28,6 foizgacha kamaydi.
Jamgʻarma prognoziga koʻra, davlat qarzi 2026 yilda YaIMning 28,2 foiziga, 2027 yilda esa 27,2 foiziga tushadi.
Qarzning YaIMga nisbatan qisqarishi iqtisodiyot hajmi davlat qarziga qaraganda tezroq oʻsayotganini anglatadi. Yaʼni qarzning nominal miqdori oshishi mumkin boʻlsa-da, mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan qarz yuki pasayadi.
Shu bilan birga, XVJ faqat rasmiy davlat qarzini emas, davlat korxonalari, davlat banklari hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalari orqali shakllanishi mumkin boʻlgan shartli majburiyatlarni ham hisobga olish zarurligini taʼkidlamoqda.
Agar davlat korxonasi, bank yoki yirik infratuzilma loyihasi moliyaviy qiyinchilikka uchrasa, uning qarzlari va boshqa majburiyatlarini davlat byudjeti hisobidan qoplash zarurati yuzaga kelishi mumkin.
Shu sababli jamgʻarma bunday fiskal xatarlarni muntazam baholash, ochiq eʼlon qilish va byudjet rejalashtirish jarayonida hisobga olishni tavsiya qilgan.
Umumiy tashqi qarz ham kamayishi kutilmoqda
XVJ hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 2025 yilda YaIMning 54,2 foizini tashkil etgan.
2026 yilda bu koʻrsatkich 51,8 foizgacha, 2027 yilda esa 49,5 foizgacha kamayishi prognoz qilinmoqda.
Umumiy tashqi qarz davlat va xususiy sektorning xorijiy kreditorlar oldidagi majburiyatlarini oʻz ichiga oladi. Shu sababli uni faqat davlat qarzi bilan tenglashtirish toʻgʻri emas.
Tashqi qarzning YaIMga nisbatan kamayishi ijobiy holat boʻlsa-da, XVJ qarzning valyuta tarkibi, toʻlov muddatlari va qarzdor tashkilotlarning moliyaviy barqarorligi ham muhimligini qayd etmoqda.
Daromadi asosan soʻmda shakllanadigan, ammo qarzi xorijiy valyutada boʻlgan korxonalar milliy valyuta qadrsizlangan taqdirda qoʻshimcha bosimga duch kelishi mumkin. Chunki valyutadagi qarzni toʻlash uchun koʻproq soʻm talab etiladi.
Byudjet taqchilligi 1,5 foizgacha qisqaradi
Oʻzbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi ham soʻnggi yillarda qisqarib bormoqda.
2023 yilda byudjet taqchilligi YaIMning 4,6 foizini tashkil etgan boʻlsa, 2024 yilda 3 foizgacha, 2025 yilda esa 2,1 foizgacha pasaydi.
XVJ 2026 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi YaIMning 1,5 foizigacha qisqarishini kutmoqda. 2027 yilda esa taqchillik yana 2 foizgacha kengayishi mumkin.
Prognozga koʻra, 2026 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari YaIMning 28,2 foizini, xarajatlar esa 29,7 foizini tashkil etadi.
Byudjet holatining yaxshilanishiga yuqori iqtisodiy oʻsish, soliq tushumlarining koʻpayishi va jahon bozoridagi yuqori oltin narxlari yordam bergan.
Biroq XVJ davlat xarajatlarining oltin va boshqa mineral resurslardan olinadigan oʻzgaruvchan daromadlarga haddan tashqari bogʻlanib qolishidan ogohlantirmoqda.
Oltin narxi yuqori boʻlgan davrda byudjetga qoʻshimcha daromad tushadi va davlat xarajatlarini koʻpaytirish imkoniyati paydo boʻladi. Ammo jahon bozorida oltin narxi pasaysa, avval oshirilgan xarajatlarni moliyalashtirish qiyinlashishi mumkin.
Mineral daromadlarsiz taqchillik uchun chegara taklif qilindi
XVJ byudjet siyosatini xomashyo narxlaridagi oʻzgarishlardan himoya qilish uchun qoʻshimcha fiskal mezon joriy etishni tavsiya qilmoqda.
Jamgʻarma mineral resurslardan olinadigan daromadlar hisobga olinmagan birlamchi byudjet taqchilligi uchun yuqori chegara belgilash mumkinligini qayd etdi.
Bunday qoida oltin narxi va mineral daromadlar oshgan davrda davlat xarajatlarining keskin koʻpayib ketishini cheklashi mumkin.
Shuningdek, oltin narxlari pasaygan davrda byudjetni keskin qisqartirish zaruratini kamaytirib, davlat xarajatlarining barqarorligini taʼminlashga yordam beradi.









