Oʻzbekiston davlat qarzi 2025 yil boshidan beri $2,2 mlrdga oshdi
Yanvar-mart oylarida Oʻzbekistonning davlat qarzi $2,2 mlrdga koʻpayib, $42,4 mlrddan oshdi.
Bu oʻsish asosan tashqi qarz hisobiga toʻgʻri kelmoqda — uning hajmi $1,8 mlrdga koʻpayib, $35,6 mlrdga yetgan.
Xoʻsh, qarz kimlardan jalb qilingan va bu mablagʻlar qayerga yoʻnaltirilmoqda?

2025 yil 31 mart holatiga Oʻzbekistonning jami davlat qarzi 42,43 milliard AQSh dollarini tashkil etmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotlarida keltirib oʻtilgan.
Davlat qarzi yil boshidan beri $2,22 milliardga, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan esa $7,5 milliardga koʻpaygan. Koʻrsatkich miqdoriy jihatdan oshgan boʻlsa-da, uning YaIMga nisbati 35 foizdan 33,5 foizga tushgan.

Birinchi chorakda qarz asosan tashqi manbalar hisobiga oshgan boʻlib, hozirda davlat qarzining 84 foizi yoki $35,56 milliardi tashqi qarz hissasiga toʻgʻri keladi. Ushbu koʻrsatkich chorak davomida $1,83 milliardga koʻpaygan.
Tashqi qarzning $19,74 milliardi qatʼiy foiz stavkada, $15,67 milliardi esa oʻzgaruvchan foiz stavkada olingan. Aksariyat tashqi qarzlar uzoq muddatli kreditlar shaklida jalb qilingan boʻlib, ularni toʻlash muddati bir yildan ortiq.
Ichki qarz miqdori esa $6,87 milliardni tashkil qilib, yil boshidan buyon 390 million dollarga oshgan.
Asosiy kreditorlar kimlar?
Davlat tashqi qarzining $19,27 milliardlik qismi xalqaro moliya institutlaridan olingan. Bular quyidagilar:
- Jahon banki — $7,75 mlrd
- Osiyo taraqqiyot banki — $7,45 mlrd
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $1,66 mlrd
- Islom taraqqiyot banki — $932 mln
- Xalqaro valyuta jamgʻarmasi — $650 mln
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — $374 mln
- Boshqa institutlar (Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi, OPEK jamgʻarmasi, Yevropa investitsiya banki) — $461 mln
Shuningdek, tashqi qarzning 30 foizi xorijiy hukumatlarga tegishli moliya tashkilotlari hisobiga toʻgʻri kelmoqda:
- Xitoy taraqqiyot davlat banki, Eksimbank va boshqalar — $3,64 mlrd
- Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi — $3,07 mlrd
- Fransiya taraqqiyot agentligi — $1,02 mlrd
- Koreya Eksimbanki va taraqqiyot jamgʻarmasi — $745 mln
- Germaniya davlat banki — $445 mln
- Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi — $136 mln
- Ispaniya davlat banki — $68 mln
- Boshqalar — $1,5 mlrd
Bundan tashqari, $5,66 milliardlik tashqi qarz xalqaro obligatsiyalar orqali investorlar tomonidan moliyalashtirilgan.
Qarz mablagʻlari qayerga yoʻnaltirilmoqda?
Davlat qarzi quyidagi sohalarga yoʻnaltirilmoqda:
- Byudjetni qoʻllab-quvvatlash — $16,8 mlrd (47%)
- Yoqilgʻi-energetika sanoati — $5,89 mlrd (17%)
- Qishloq va suv xoʻjaligi — $3,04 mlrd (9%)
- Uy-joy kommunal xoʻjaligi — $2,9 mlrd (8%)
- Transport va infratuzilma — $2,86 mlrd (8%)
- Sogʻliqni saqlash, taʼlim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari — $2,47 mlrd (7%)
- Tadbirkorlik va sanoat ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash — $854 mln (2%)
- Kimyo sanoati — $721 mln (2%)