Oʻzbekiston banklarida depozitlar kreditlardan qariyb 5 baravar tezroq oʻsdi
2026 yil 1 avgust holatiga Oʻzbekiston banklaridagi depozitlar 482,7 trln soʻmga yetdi. Bir oyda depozitlar 8,9 trln soʻmga koʻpaygan boʻlsa, kredit portfeli atigi 1,8 trln soʻmga oshgan.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, iyul oyida bank tizimidagi depozitlar 1,9 foizga, kreditlar esa 0,3 foizga oʻsdi. Shu tariqa, bir oy davomida depozitlarning mutlaq oʻsishi kreditlarnikidan qariyb 5 baravar yuqori boʻldi.
Yillik hisobda tafovut yanada katta. 2025 yil 1 avgustda tijorat banklaridagi depozitlar 360,4 trln soʻmni tashkil etgan boʻlsa, bir yil ichida ular 122,3 trln soʻmga yoki 33,9 foizga koʻpaygan.
Kreditlar hajmi esa shu davrda 576,2 trln soʻmdan 644,6 trln soʻmga yetgan. Oʻsish 68,4 trln soʻm yoki 11,9 foizni tashkil etdi. Demak, yillik oʻsish surʼati boʻyicha ham depozitlar kreditlardan qariyb uch baravar tez koʻpaygan.
Natijada banklarning kredit portfeli bilan depozit bazasi oʻrtasidagi farq qisqarmoqda. 2025 yil avgust boshida kreditlar hajmi depozitlardan qariyb 216 trln soʻmga koʻp boʻlgan boʻlsa, 2026 yil avgust boshiga kelib bu tafovut 162 trln soʻmgacha kamaygan.
Bank tizimining boshqa koʻrsatkichlarida ham oʻsish kuzatilgan. Jami aktivlar bir yil ichida 19,3 foizga, bank kapitali esa 18,6 foizga koʻpaygan.
Eng yirik banklar
Aktivlar hajmi boʻyicha Oʻzmilliybank yetakchilikni saqlab qoldi — uning aktivlari 1 avgust holatiga 145,8 trln soʻmni tashkil etdi.
Keyingi oʻrinlarda Agrobank — 124,2 trln soʻm va Oʻzsanoatqurilishbank — 105,2 trln soʻm bilan joylashgan.
Ayni paytda, bir oy ichida Agrobank aktivlari qariyb 5,7 trln soʻmga oshgan. Oʻzsanoatqurilishbank aktivlari esa aksincha, 3,4 trln soʻmga kamaygan.
Markaziy bank statistikasi bank tizimida jalb qilinayotgan mablagʻlar kreditlashdan sezilarli tezroq oʻsayotganini koʻrsatmoqda. Agar bu tendensiya davom etsa, banklarning kreditlarni moliyalashtirishda depozit bazasiga tayanish imkoniyati oshib, kreditlar va depozitlar oʻrtasidagi tafovut yanada qisqarishi mumkin.









