Oʻzbekiston aprel oyida qariyb $2 mlrdlik oltin eksport qildi
2025 yilning yanvar-aprel oylarida Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi 16,3 foizga oshib, 24,6 milliard dollarga yetdi. Eksport hajmining asosiy qismini oltin tashkil etib, mazkur davrda uning eksporti $5,48 mlrdni tashkil etdi.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning dastlabki toʻrt oyida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 16,3 foizga oshib, $24,6 milliardga yetdi. Bu koʻrsatkich eksportning 35,1 foizga oʻsib, $11,88 milliardni, hamda importning 2,9 foizga koʻtarilib, $12,72 milliardni tashkil etgani hisobiga yuzaga keldi. Natijada tashqi savdo balansidagi salbiy farq oʻtgan yilgi $3,58 milliarddan $846,3 milliongacha qisqardi.
Oltin eksporti savdo balansiga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda
Aprel oyida Oʻzbekiston $1,91 milliardlik oltin eksport qildi. Umuman olganda, yilning dastlabki toʻrt oyida qimmatbaho metall eksporti $5,48 milliardni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 60 foizga oshdi.
Asosiy savdo hamkorlari
Xitoy $4,18 milliardlik koʻrsatkich bilan Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkori boʻlib qolmoqda (+5,6%). Rossiya esa $3,7 milliard bilan ikkinchi oʻrinda turibdi, biroq ushbu koʻrsatkich 3 foizga pasaygan. Qozogʻiston ($1,39 mlrd), Turkiya ($834 mln) va Janubiy Koreya ($584,1 mln) ham savdo aylanmasida yetakchi oʻrinlarni egallagan. Oʻntalikdan Afgʻoniston, Fransiya, Germaniya, Hindiston va BAA ham joy oldi.
Eksport tarkibi
Sanoat mahsulotlari
Oltindan tashqari, sanoat mahsulotlari asosiy eksport guruhini tashkil qilmoqda. Ushbu segment $1,2 milliardni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 10,7%ga kamaydi. Toʻqimachilik mahsulotlari eksporti $531,6 millionni (-24,4%), rangli metallar $455,3 millionni tashkil etdi. Poʻlat va choʻyan eksporti esa ikki baravarga kamayib, $35,5 millionni tashkil etdi. Shu bilan birga, noruda qazilmalar ($71,2 mln) va metall buyumlar ($64,2 mln) eksporti 50% dan ortiqqa oʻsdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Oziq-ovqat mahsulotlari eksporti $663,6 millionga yetib, 40,5 foizga oʻsdi. Sabzavot va mevalar eksporti $429,3 millionni (+41,9%), don mahsulotlari esa $170,6 millionni (+33,6%) tashkil etdi.
Kimyo mahsulotlari
Kimyo mahsulotlari eksporti $602,1 millionni (+17,6%) tashkil etdi. Ular orasida noorganik moddalar $338,9 mln, oʻgʻitlar esa $126,2 mlnni tashkil etdi (+61,2%).
Yoqilgʻi-energetika resurslari
Mazkur guruh eksporti 21,8%ga oshib, $417,6 millionni tashkil etdi. Tabiiy gaz eksporti qariyb ikki baravarga oʻsib, $199,7 millionga yetdi. Elektr energiyasi eksporti ham 29,6%ga koʻpayib, $71,7 millionni tashkil etdi.
Mashinasozlik mahsulotlari
Mashinasozlik mahsulotlari eksporti $336,2 mlnni tashkil etdi (+5,7%). Avtomobillar eksporti 23,6%ga kamayib, $90,4 mlnni tashkil qilgan boʻlsa, elektrotexnika mahsulotlari 14,1%ga oʻsib, $73,3 mlnni tashkil etdi. “Boshqa transport uskunalari” eksporti besh baravar oshib, $63,2 mlnni tashkil etdi.
Xizmatlar eksporti
Xizmatlar eksporti $2,5 milliardni tashkil etib, umumiy eksportning 21,1 foizini egalladi. Bu segment 36,4 foizga oʻsdi. Eng katta ulush turizm ($1,18 mlrd), transport ($924,6 mln) va IT xizmatlari ($234,7 mln) hissasiga toʻgʻri keladi.
Import tarkibi
Mashinasozlik mahsulotlari
Importda eng yirik ulush mashinasozlikka tegishli boʻlib, $4,31 milliardni tashkil etdi (-5,1%). Avtomobil importi $964,4 mlnni tashkil etib, 18,6%ga kamaydi. Shu bilan birga, ehtiyot qismlar va jihozlar importi 34,4%ga oshib, $544,4 mlnni tashkil etdi.
Sanoat mahsulotlari
Sanoat mahsulotlari importi $2,06 milliardni (+5%) tashkil etdi. Choʻyan va poʻlat, metall buyumlar, toʻqimachilik hamda rezina mahsulotlari importi oʻsishda davom etmoqda.
Kimyo mahsulotlari
Kimyo mahsulotlari importi $1,65 milliardga (+7,7%) yetdi. Tibbiy tovarlar importi $610,2 mlnni tashkil etdi (-3,9%), birlamchi plastmassalar esa $304,6 mlnni tashkil etib, 30,3%ga oshdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Oziq-ovqat mahsulotlari importi $1,28 milliardni tashkil etib, 13,7%ga oshdi. Goʻsht va goʻsht mahsulotlari importi sezilarli darajada — 66,7%ga oʻsdi.
Yoqilgʻi-energetika resurslari
Mazkur segmentda import hajmi 27,4%ga kamayib, $970,2 mlnni tashkil etdi. Neft mahsulotlari va tabiiy gaz importi sezilarli ravishda qisqardi. Elektr energiyasi importi esa $65,1 mlnni (-9,8%) tashkil etdi.
Xizmatlar importi
Xizmatlar importi $1,34 milliardni tashkil etib, 38,6%ga oshdi. Eng katta ulush turizm ($744,7 mln), transport ($270,5 mln) va IT xizmatlari ($131,7 mln) hissasiga toʻgʻri kelmoqda.