Oʻzbekiston aholisining atigi 15 foizi kundalik xaridlarni faqat naqd pulda amalga oshiradi — MB
Markaziy bank soʻrovnomasiga koʻra, aholining 15 foizi kundalik xaridlarda faqat naqd puldan, 33 foizi bank kartasidan, 52 foizi esa ikkala shakllarni birgalikda qoʻllashi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, respondentlarning 47 foizi bir martalik naqd xarid summasi 100–500 ming soʻm oraligʻida ekanini bildirgan.

Oʻzbekistonliklarning atigi 15 foizi kundalik xaridlarda faqat naqd puldan foydalanadi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan naqd pul odatlari boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovnomada keltirib oʻtilgan.

Respondentlarning 33 foizi bank kartalaridan foydalanishini, 52 foizi esa naqd va naqdsiz shakllarni birgalikda qoʻllashini bildirgan. Ayniqsa, Andijon, Jizzax, Namangan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida naqd toʻlovlar ulushi nisbatan yuqori boʻlib qolmoqda.

Soʻrovnoma ishtirokchilarining 14 foizi qaytim oʻrniga muntazam ravishda gugurt, saqich kabi arzon mahsulotlar berilishini aytgan. 17 foiz esa bunday holatga vaqti-vaqti bilan duch kelishini bildirgan. Mazkur holat mayda pullarning yetishmasligi va chakana savdo nuqtalaridagi notoʻgʻri amaliyotlar bilan bogʻliq.
Naqd xaridlar hajmi

Ishtirokchilarning 47 foizi bir martalik naqd xaridlari 100 mingdan 500 ming soʻmgacha boʻlishini maʼlum qilgan. 35 foiz respondent 100 ming soʻmgacha, 12 foiz 500 mingdan 1 million soʻmgacha, 6 foiz esa 1 million soʻmdan yuqori qiymatdagi xaridlar qilganini bildirgan.
Naqd muomalada 10 ming, 50 ming va 100 ming soʻmlik kupyuralarga ehtiyoj yuqori

Soʻrov natijalariga koʻra, aholining naqd puldagi kundalik xarid va xarajatlari uchun aynan 10 ming, 20 ming, 50 ming va 100 ming soʻmlik kupyuralar eng koʻp ishlatiladi. Ayniqsa, Qoraqalpogʻistonda 10 ming, Andijon viloyatida esa 20 ming soʻmlik kupyuralarga ehtiyoj yuqoriligi aniqlangan.
Aholining 34 foizida umuman jamgʻarma yoʻq
Aholining 34 foizi hech qanday jamgʻarmaga ega emasligini bildirgan. Qolganlar esa jamgʻarmalarini bank kartalarida (23%), bank omonatlarida (20%) yoki naqd pul shaklida (23%) saqlashini aytgan. Shu bilan birga, 35 foiz respondent mobil ilovalar orqali jamgʻarma shakllantirishni odat qilgan. Bu esa zamonaviy moliyaviy texnologiyalar jadal rivojlanayotganidan darak beradi.

Biroq respondentlarning 37 foizi mobil ilovalar haqida xabardor boʻlsa-da, ulardan foydalanmaydi.
Pulning haqiqiyligini aniqlash borasida aholining aksariyati himoya ipi, boʻrtma tasvirlar va rang oʻzgaruvchan elementlarga eʼtibor beradi. Faqatgina 15 foiz respondent suv belgisi kabi himoya elementlarini bilishini bildirgan.
Mavzuga doir: Pulning haqiqiy ekanligini qanday qilib tekshirsa boʻladi?