Oʻzbekiston aholisi pullarini asosan qaysi banklarda saqlamoqda?
2025 yil 1 may holatiga koʻra, Oʻzbekiston bank tizimida aholi va tashkilotlar tomonidan jamlangan umumiy depozitlar hajmi 339,2 trillion soʻmni tashkil etmoqda.
Pinkod aholi aynan qaysi banklarda koʻproq mablagʻlarini saqlayotgani haqida maʼlumot taqdim etadi.

2025 yil 1 may holatiga koʻra, Oʻzbekiston bank tizimida aholi va tashkilotlar tomonidan jamlangan umumiy depozitlar hajmi 339,2 trillion soʻmni tashkil etmoqda.
Ushbu raqamlarning 129,9 trillion soʻmi yoki 38,3 foizi jismoniy shaxslarga tegishlidir. Qolgan qismi esa yuridik shaxslar, yaʼni korxonalar va tashkilotlarning depozitlaridir. Aholi tomonidan kiritilgan mablagʻlarning 56,7 trillion soʻmi davlat ulushi mavjud banklarda, 73,3 trillion soʻmi esa xususiy va xorijiy banklarda saqlanmoqda.
Pinkod aholi aynan qaysi banklarda koʻproq mablagʻlarini saqlayotgani haqida maʼlumot taqdim etadi.
1. Kapitalbank – 23,5 trillion soʻm
Hozirda eng koʻp aholi omonatiga ega boʻlgan bank – Kapitalbank hisoblanadi. Bankning jami depozit portfeli 37,8 trillion soʻm boʻlib, shundan 23,5 trillion soʻmi jismoniy shaxslar, yaʼni oddiy mijozlar tomonidan qoʻyilgan.
2. Oʻzmilliybank – 13,3 trillion soʻm
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (Oʻzmilliybank) umumiy depozitlar hajmi boʻyicha yetakchi oʻrinda turadi – 41 trillion soʻm. Biroq aholi omonatlari 13,3 trillion soʻmni tashkil etib, bu bankda asosan yuridik shaxslar, yaʼni korxonalar faolroq saqlovchi sifatida ishtirok etmoqda (27,8 trillion soʻm).
3. Agrobank – 10,4 trillion soʻm
Agrobank qishloq xoʻjaligi sohasi bilan chambarchas bogʻliq boʻlsa-da, jismoniy shaxslar depozitlari boʻyicha ham yuqori oʻrinda turadi. Bankda 23 trillion soʻmlik umumiy depozit mavjud boʻlib, shundan 10,4 trillion soʻmi aholi omonatlaridir.
4. Oʻzsanoatqurilishbank – 7,5 trillion soʻm
Ushbu bankda umumiy depozitlar hajmi 23,9 trillion soʻmni tashkil etadi. Biroq aholi omonatlari 7,5 trillion soʻm atrofida boʻlib, yirik korxonalar tomonidan qoʻyilgan mablagʻlar (16,4 trillion soʻm) asosiy qismini egallaydi.
5. Asakabank – 7,46 trillion soʻm
Asakabankda 17,6 trillion soʻmlik jami depozitlar mavjud. Shundan 7,46 trillion soʻm aholi tomonidan qoʻyilgan. Qolgan qism esa yuridik shaxslarga tegishli.
6. Anorbank – 7,4 trillion soʻm
Yangi banklar orasida tez surʼatda rivojlanayotgan Anorbank umumiy 10,65 trillion soʻmlik depozit portfeliga ega. Ushbu tarkibdagi aholi omonatlari esa 7,4 trillion soʻmni tashkil etadi.
7. Hamkorbank– 7,1 trillion soʻm
Bankda umumiy 12,6 trillion soʻmlik depozit mavjud. Shundan jismoniy shaxslarning ulushi 7,1 trillion soʻmni tashkil etadi.
8. TBC Bank – 5,4 trillion soʻm
TBC Digital kompaniyasiga tegishli boʻlgan TBC Bank Oʻzbekistonda toʻliq raqamli bank sifatida tanilgan. Jami depozitlar 6,1 trillion soʻm boʻlib, shundan 5,4 trillion soʻmi jismoniy shaxslarga tegishlidir.
9. Xalq banki – 5,3 trillion soʻm
Oʻzbekistonning eng qadimiy banki boʻlgan Xalq Bankida jami 25,9 trillion soʻmlik omonat saqlanadi. Shundan 20,6 trillion soʻm yuridik shaxslarga, 5,3 trillion soʻm esa aholi omonatlariga toʻgʻri keladi.
10. Aloqabank – 5,28 trillion soʻm
Aloqabankdagi jami depozitlar 15,05 trillion soʻmni tashkil etadi. Shundan 5,28 trillion soʻmi jismoniy shaxslar tomonidan kiritilgan.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil aprel oyidan boshlab banklar ommaviy ravishda oʻz omonat stavklarini 23 foizdan oshmaydigan qilib pasaytirgan edi.
Shundan soʻng esa, banklardagi jismoniy shaxslar uchun ochiladigan milliy valyuatadagi omonatlar oʻrtacha foiz stavkasi 2024 yil may oyidan beri eng past darajaga tushib ketdi.