“Oʻzavtosanoat”ning yarim yillik sof foydasi 50 foizdan ortiq kamaydi
Kompaniya “Jizzax Avtomobil Zavodi” MChJ (Volkswagen ishlab chiqaruvchisi), UZAUTO MOTORS AJ va BYD UZBEKISTAN FACTORY MChJ kabi yirik korxonalarning taʼsischisi hisoblanadi.

Oʻzbekistondagi bir necha yirik avtomobil korxonalari taʼsischisi hisoblangan “Oʻzavtosanoat” AJ 2025 yilning birinchi yarim yilligiga oid moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.
Hisobotga koʻra, korxona 2025 yilning dastlabki olti oyida 33,4 mlrd soʻm sof foyda olgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 51 foizga kam. Maʼlumot uchun, 2024 yilning shu davrida kompaniya 68,2 mlrd soʻm sof foyda olgan edi.
1 iyul holatiga koʻra, kompaniya ixtiyoridagi jami aktivlar miqdori 6,2 trln soʻmni tashkil qilmoqda. Bu esa hisobot davri boshiga nisbatan 821 mlrd soʻmga kamaygan.
Shu bilan birga, korxonaning asosiy faoliyatdan olinadigan daromadida oʻsish kuzatilgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 60 foizga oshib, 85,6 mlrd soʻmni tashkil qilgan.
Biroq dividend daromadlari keskin pasaygan — hisobot davrida bu turdagi daromad 912,9 mln soʻmni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, oʻtgan yilning shu davrida mazkur koʻrsatkich 43,4 mlrd soʻm boʻlgan.
Maʼlumot oʻrnida, “Oʻzavtosanoat” AJ Oʻzbekistondagi avtomobil sanoatining yetakchi ishtirokchisidir. Kompaniya “Jizzax Avtomobil Zavodi” MChJ (Volkswagen ishlab chiqaruvchisi), UZAUTO MOTORS AJ va BYD UZBEKISTAN FACTORY MChJ kabi yirik korxonalarning taʼsischisi hisoblanadi.
Kompaniyaning daromad soligʻidan oldingi foydasi esa 40,8 mlrd soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, soliq toʻlovlaridan soʻng sof foyda 33,4 mlrd soʻmni tashkil etdi. “Oʻzavtosanoat” 6,4 mlrd soʻm daromad soligʻi toʻlagan.
Avvalroq Pinkod UzAuto Motors’ning 2025 yilning birinchi choragida sof foydasi ikki barobar kamaygani haqida xabar bergandi.
Yanvar–mart oylarida kompaniya 637,5 milliard soʻm sof foyda koʻrgan. Bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizlik pasayishni anglatadi.