12 012.120 so‘m

increase

32.290

13 935.260 so‘m

increase

30.270

166.120 so‘m

increase

1.130

12 012.120 so‘m

increase

32.290

1 soat avval
Bank
43

“Oshgan energiya tariflari, yuqori ichki talab va tashqi iqtisodiy noaniqliklar” — MB asosiy stavka oʻzgarishsiz qolgani haqida

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qoldi.

Regulyator qarorni energiya tariflari oshishining ikkilamchi taʼsiri, yuqori ichki talab va tashqi iqtisodiy noaniqliklar bilan izohladi.

Inflyatsion kutilmalar pasayib, bazaviy inflyatsiya prognozi yaxshilansa, keyinchalik stavkani bosqichma-bosqich tushirish uchun asoslar yuzaga kelishi mumkin.

“Oshgan energiya tariflari, yuqori ichki talab va tashqi iqtisodiy noaniqliklar” — MB asosiy stavka oʻzgarishsiz qolgani haqida
Foto: AI/Pinkod.uz

Markaziy bank boshqaruvi 17 iyundagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Regulyator inflyatsiyaning pasayganiga qaramay, ichki talabning yuqoriligi, energiya tariflari oshishi va tashqi iqtisodiy xatarlar qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirishni talab qilayotganini bildirdi.

May oyida Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 5,5 foizgacha pasaydi. Markaziy bank buni, asosan, oʻtgan yili energiya tariflari oshirilishining inflyatsiyaga bevosita taʼsiri hisob-kitoblardan chiqib ketgani bilan izohladi.

Biroq narxlar oʻsishining barqaror tarkibiy qismi yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etdi. Xizmatlar narxining oʻsishi sekinlashgan boʻlsa-da, oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasida tezlashish kuzatildi.

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etmoqda. Moliya sohasi ekspertlarining uzoq muddatli prognozlari ham yaxshilangan. Shunga qaramay, chakana savdo, xizmatlar, turizm va investitsiyalarning yuqori surʼatlarda oʻsishi iqtisodiyotdagi yalpi talab kuchli boʻlib qolayotganini koʻrsatmoqda.

Bundan tashqari, soʻnggi oylarda byudjet xarajatlarining faollashishi kelgusi choraklarda iqtisodiy oʻsish va isteʼmol talabini qoʻllab-quvvatlashi kutilmoqda.

Markaziy bank iyun oyidan energiya resurslari tariflarining oshirilishi inflyatsiyaga qisqa muddatli taʼsir qilishini qayd etdi. Tariflarning bevosita taʼsiridan tashqari, transport, ishlab chiqarish va boshqa xarajatlarning koʻpayishi orqali ikkilamchi inflyatsion bosimlar ham yuzaga kelishi mumkin.

Regulyator 2026 yil yakunida inflyatsiya 6,5 foiz atrofida, iqtisodiy oʻsish esa 7–7,5 foiz oraligʻida boʻlishi haqidagi prognozlarini oʻzgarishsiz qoldirdi.

Markaziy bankka koʻra, iqtisodiyotda shakllangan ijobiy real foiz stavkalari aholi va biznesni jamgʻarishga ragʻbatlantirmoqda, kreditlashning muvozanatli oʻsishini taʼminlamoqda hamda inflyatsion bosimlarni cheklashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, jahon bozorlarida oziq-ovqat va energiya narxlarining oʻzgaruvchanligi, logistika xarajatlarining oshishi hamda tashqi moliyaviy resurslarning qimmatligicha qolishi asosiy xatarlar sifatida koʻrsatildi.

Markaziy bank inflyatsion kutilmalar izchil pasayib, tariflar oshishining ikkilamchi taʼsiri cheklangan holda bazaviy inflyatsiya prognozi yaxshilansa, kelgusida pul-kredit sharoitlarini bosqichma-bosqich yumshatish uchun asoslar yuzaga kelishini maʼlum qildi.


Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026 yil 29 iyul kuniga belgilangan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+