Oshgan banklar foydasi, pasaygan omonat stavkalari va qimmatlashgan propan — hafta dayjesti
Ortda qolgan haftada Oʻzbekiston banklarining sof foydasi 68 foizga oshgani, xususiy banklar davlat banklaridan ikki baravar tezroq oʻsayotgani maʼlum boʻldi.
Aholi omonatlari boʻyicha oʻrtacha stavka 5,5 yillik minimumga tushdi, propan esa ikki savdo kunida 65 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, Open Banking’ni joriy etish rejasi tasdiqlandi va ANORBANK aksiyadori Qahramonjon Olimovga nisbatan Interpol qizil xabarnomasi eʼlon qilindi.
Pinkod 21–27 sentabr kunlaridagi asosiy iqtisodiy, moliyaviy va texnologik yangiliklarni jamladi.

Xususiy banklar davlat banklaridan ikki baravar tezroq oʻsmoqda
Davlat ulushi boʻlmagan banklar aktivlari bir yilda 29 foizga oshib, 386 trln soʻmga yetdi. Davlat banklarida oʻsish 14 foizni tashkil qildi. Natijada davlat banklarining tizim aktivlaridagi ulushi qariyb 3 foiz punktga kamayib, 62 foizga tushdi. Batafsil
Banklar sof foydasi 68 foizga oshdi
Banklar yanvar–iyul oylarida 12,34 trln soʻm sof foyda oldi. Oʻtgan yilga nisbatan oʻsish qariyb 5 trln soʻmni tashkil qildi. Sof foiz marjasi 9,3 foizga oshgan bir paytda, nofoiz daromadlar 48 foizga koʻpayib, 61,5 trln soʻmga yetdi. Batafsil
Aholi omonatlari stavkalari 5,5 yillik minimumga tushdi

Avgustda jismoniy shaxslarning soʻmdagi muddatli omonatlari boʻyicha oʻrtacha stavka 18,4 foizgacha pasaydi. Koʻrsatkich bir oyda 0,5 foiz punktga, bir yilda esa 3 foiz punktga tushdi. Bu 2021 yil fevralidan beri qayd etilgan eng past daraja. Batafsil
Depozitlarda dollar ulushi 19 foizgacha kamaydi
Banklardagi xorijiy valyuta depozitlarining umumiy depozitlardagi ulushi bir yilda 24 foizdan 19 foizga tushdi. Shu davrda soʻmdagi depozitlar 42,6 foizga oshgan boʻlsa, xorijiy valyutadagi mablagʻlar atigi 6,6 foizga koʻpaydi. Batafsil
Oʻzbekistonda Open Banking joriy etiladi
Markaziy bank 2026–2030 yillarga moʻljallangan FinTech strategiyasini tasdiqladi. Hujjat Open Banking va Open Finance, ochiq API standartlari, yangi raqamli identifikatsiya infratuzilmasi hamda mintaqaviy toʻlov tizimlarini rivojlantirishni nazarda tutadi. Batafsil
Davlat banklari 20 ta yangi mahsulot taklif qilishi kerak

Toʻqqizta davlat bankiga bir oy ichida biznesni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi 20 ta yangi mahsulot ishlab chiqish topshirildi. Yangi yondashuvda kredit berishda garovdan tashqari biznesning pul oqimi, shartnomalari, debitorlik qarzi va tovar aylanmasi ham hisobga olinadi. Batafsil
Markaziy bank BlackRock bilan hamkorlik qiladi
Markaziy bank dunyodagi eng yirik investitsiyalarni boshqaruvchi kompaniyalardan biri BlackRock bilan xalqaro zaxiralarni boshqarish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganadi. Tomonlar aktivlarni taqsimlash, investitsiya portfelini shakllantirish va xatarlarni boshqarish boʻyicha tajriba almashadi. Batafsil
Tezcoin mikromoliya bozorining 36 foizini egalladi
Mikromoliya tashkilotlari aktivlari bir yilda qariyb ikki baravar oshib, 18,9 trln soʻmga yetdi. Uzum Nasiya mikroqarzlarini beruvchi Tezcoin’ning oʻzi sektor aktivlarining 36 foizini, kredit portfelining esa 37,8 foizini jamlagan. Batafsil
Propan ikki kunda 65 foizga qimmatlashdi
Birja savdolarida propanning bir tonnasi 7,4 mln soʻmdan 12,2 mln soʻmgacha oshdi. Keskin oʻsish suyultirilgan gaz narxiga qoʻyilgan 10 foizlik cheklov bekor qilinganidan keyin yuz berdi. Batafsil
Toshkent markazidagi 3,2 gektar davlat mulki savdoga chiqarildi

Anhor boʻyidagi ikkita yirik davlat koʻchmas mulki 660,2 mlrd soʻm boshlangʻich narxda auksionga qoʻyildi. Milliy kutubxona ortidagi 1,3 gektar yashil hududda esa avtoturargoh va xiyobon qurish rejalashtirilmoqda. Anhor boʻyidagi obʼektlar | Avtoturargoh loyihasi
ANORBANK aksiyadori Interpol qidiruviga berildi

ANORBANK Kuzatuv kengashi aʼzosi va bankning 49,4 foiz aksiyasi egasi Qahramonjon Olimovga nisbatan Interpol qizil xabarnomasi eʼlon qildi. Interpolning ochiq qaydida qidiruvga sabab boʻlgan ayblov koʻrsatilmagan. Batafsil
Bank xodimlari mijoz omonatidan $300 ming oʻzlashtirgani aytilmoqda
Toshkentda tijorat banklaridan birining masʼul shaxslari mijozning $500 minglik omonatidan $300 mingni qalbaki hujjatlar orqali oʻzlashtirgani aniqlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Batafsil
“Mikrokreditbank” rahbariyatida oʻzgarishlar boʻldi
Bank kuzatuv kengashiga toʻrt nafar yangi mustaqil aʼzo saylandi. Shuningdek, boshqaruv raisi oʻrinbosari Sodir Melibayev lavozimidan ketib, bankda IT boʻyicha maslahatchi etib tayinlangani maʼlum qilindi. Kuzatuv kengashi | Sodir Melibayev
YouTube monetizatsiyasi Google bilan muhokama qilindi

Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan Oʻzbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasini muhokama qildi. Uning taʼkidlashicha, shaxsga doir maʼlumotlar va raqamli toʻlovlar boʻyicha qonunchilik takomillashtirilgan. Batafsil
Meta 100 grammli VR-koʻzoynakni taqdim etdi
Meta Connect 2026 konferensiyasida 100 grammli Meta VR Glasses, kamerasiz Ray-Ban Meta Audio va Muse sunʼiy intellekt agenti uchun alohida qurilma namoyish qilindi. VR-koʻzoynak 2027 yil bahorida $1 300 dan sotuvga chiqariladi. Batafsil
Marko Rubio Oʻzbekistonga 100 dan ortiq AQSh kompaniyasi rahbarlarini olib keladi
AQSh davlat kotibi oktabr oʻrtalarida yirik biznes delegatsiyasi bilan Oʻzbekistonga kelishi kutilmoqda. Samarqandda oʻtadigan muzokaralarda savdo, investitsiya, energetika xavfsizligi va Markaziy Osiyodagi iqtisodiy aloqalar muhokama qilinadi. Batafsil









