Orient Finans Bank 736 mlrd soʻmlik qoʻshimcha aksiyalar chiqaradi
Mazkur chiqaruv natijasida bank ustav kapitali 1,9 trln soʻmdan 2,7 trln soʻmgacha oshadi. Aksiyalar imtiyozli sotib olish huquqi asosida ikki yuridik va ikki jismoniy shaxs oʻrtasida taqsimlanadi. Ular orasida Boks federatsiyasi raisi oʻrinbosari ham bor.

Orient Finans Bank ustav kapitalini oshirish maqsadida umumiy nominal qiymati 736 milliard 433 million 985 ming soʻm boʻlgan, egasining nomi yozilgan, hujjatsiz shakldagi oddiy qoʻshimcha aksiyalarni muomalaga chiqaradi.
Bu haqda korporativ maʼlumotlar yagona axborot portalida maʼlumot berilgan.
Qoʻshimcha chiqarilayotgan aksiyalar soni 589 million 147 ming 188 dona boʻlib, har birining nominal qiymati 1 250 soʻm etib belgilangan. Mazkur chiqaruv natijasida bank ustav kapitali 1,9 trln soʻmdan 2,7 trln soʻmgacha oshadi.
Aksiyalar bankning mavjud quyidagi aksiyadorlari oʻrtasida yopiq obuna shaklida joylashtiriladi:
- TECHEXPERTMASH MChJ – 65 577 686 dona
- METRAFOR MChJ – 21 875 053 dona
- Polatov Saken Djetibayevich – 336 724 796 dona
- Axmedjanova Sitora Baxadirovna – 164 969 653 dona
Aksiyalar “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 35–36-moddalariga muvofiq, imtiyozli sotib olish huquqi asosida yopiq obuna tarzida joylashtiriladi.
Aksiya olayotgan shaxslar haqida
Polatov Saken Djetibayevich
1975 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Orient Group Management MChJ asoschilaridan biri (33,51% ulush bilan). Shuningdek, u Oʻzbekiston boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti hisoblanadi.
Ayni paytda Saken Poʻlatov Orient Finans Bankʼning 57,2% aksiyalariga egalik qiladi. Unga qoʻshimcha tarzda 336,7 million dona aksiya ajratilishi koʻzda tutilgan.
Axmedjanova Sitora Baxadirovna
Sitora Axmedjanova bankning 28 foiz aksiya paketiga egalik qiladi. Ochiq manbalarga koʻra, u quyidagi yuridik shaxslarda ham taʼsischi hisoblanadi:
- BALANCED BEAUTY MChJ
- SHIFOBAXSH BULOQ MChJ
- STS-VOSTOK MChJ
- SMILE EYES MChJ
Yangi chiqariladigan aksiyalardan unga 164,9 million dona ajratiladi.
TECHEXPERTMASH MChJ
Kompaniyaning yagona taʼsischisi — Petuxova Natalya Valerevna, u TECHEXPERTMASH’ning 100% ulushiga egalik qiladi. Natalya Petuxova yana quyidagi yuridik shaxslarda ham taʼsischi hisoblanadi:
- ADLEX-ADVOKAT advokatlik firmasi (100%)
- ELECTRO-ENGINEERING MChJ (45%)
- ZAFAR RESORT MChJ (50%)
TECHEXPERTMASH yangi chiqariladigan 65,6 million dona aksiya sotib oladi.
METRAFOR MChJ
Ushbu yuridik shaxsga 100 foizlik ulush bilan Abduraximova Lola Dagarovna egalik qiladi. Kompaniyaga 21,9 million dona aksiya ajratilishi rejalashtirilgan.