Oq uy Xitoy tovarlari qayta yoʻnaltirilishi mumkin boʻlgan 40 dan ortiq davlatni sanadi — roʻyxatda Oʻzbekiston ham bor
Oq uy Xitoy tovarlarini noqonuniy qayta joʻnatish xavfi mavjud boʻlgan 40 dan ortiq davlatni uch guruhga ajratdi. Birinchi ikki guruhga katta savdo hajmi va Xitoy taʼminot zanjirlari bilan yuqori integratsiyaga ega mamlakatlar kiritilgan. Oʻzbekiston esa aniqlangan tranzit hajmi nisbatan past, biroq bunday yoʻnalish sifatida ishlatilishi mumkin deb baholangan uchinchi guruhdan joy oldi.

Bu haqda AQSh Oq uyining Savdo va ishlab chiqarish siyosati idorasi avgust oyida eʼlon qilgan “The Great Transshipment Scam” hisobotida maʼlum qilindi.
Hujjat noqonuniy qayta joʻnatishni yuqori boj qoʻllanadigan mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotni pastroq tarifga ega uchinchi davlat orqali AQShga olib kirish sifatida izohlaydi. Bunda tovar qayta qadoqlanishi, yorligʻi yoki hisob-fakturasi almashtirilishi, kichik hajmda qayta ishlanishi yoxud kelib chiqish mamlakati notoʻgʻri koʻrsatilishi mumkin.
Oq uyga koʻra, bunday sxemalardan foydalanish 2018 yilda AQSh Xitoy mahsulotlariga qoʻshimcha bojlar joriy qilganidan keyin kengaygan. Natijada avval Xitoydan toʻgʻridan toʻgʻri yetkazib berilgan ayrim mahsulotlar uchinchi davlatlar orqali eksport qilina boshlagan.
Hisobotda bu tizim “yashirin qayta joʻnatish tarmogʻi” deb atalgan. Uning tarkibiga ishlab chiqarish maydonlari, erkin iqtisodiy zonalar, bojxona omborlari, logistika platformalari va qayta eksport markazlari kirishi qayd etilgan.
Oʻzbekiston uchinchi guruhga kiritildi
Oq uy qayta joʻnatish xavfi mavjud davlatlarni uch guruhga ajratgan.
Birinchi guruhga Xitoy bilan bogʻliq tovarlar katta hajmda oʻtadigan Kanada, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Isroil, Yaponiya, Meksika, Janubiy Koreya va Tayvan kiritilgan.
Ikkinchi guruhdan Xitoy taʼminot zanjirlariga chuqur integratsiyalashgan Braziliya, Indoneziya, Malayziya, Tailand, Turkiya va Vetnam joy olgan.
Oʻzbekiston esa noqonuniy qayta joʻnatish hajmi nisbatan kichik, biroq Xitoy tovarlarini yoʻnaltirish uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan davlatlarni birlashtiruvchi uchinchi guruhga kiritilgan.
Ushbu guruhdan, shuningdek, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Gruziya, Bangladesh, Kambodja, BAA, Ummon, Panama, Singapur, Shveysariya va yana qator mamlakatlar joy olgan.
Oq uy bu guruhdagi davlatlarning xavf omillari sifatida arzon ishchi kuchi, erkin iqtisodiy zonalar, port yoki chegara infratuzilmasi, bojxona omborlari, kichik yigʻuv quvvatlari va bojxona nazoratining cheklangan imkoniyatlarini koʻrsatgan. Biroq hujjatda ushbu omillarning qaysi biri aynan Oʻzbekistonga tegishli ekani ochiqlanmagan.
Alohida tasnifda Oʻzbekiston Qozogʻiston, Ozarbayjon va Gruziya bilan birga “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusining quruqlikdagi tranzit tugunlari qatorida qayd etilgan. Hisobotga koʻra, bunday yoʻnalishlar temiryoʻl va quruqlik portlari orqali yuklarni birlashtirish hamda ularni dengiz transportiga topshirishda ishlatilishi mumkin.
Oʻzbekiston “yirik firibgarlikda” ayblandimi?
Daryo.uz ushbu xabarni “Troya oti: AQSh 40 dan ortiq davlatni yirik firibgarlikda aybladi. Roʻyxatda Oʻzbekiston ham bor” degan sarlavha bilan eʼlon qildi.
Biroq Oq uy hisobotida Oʻzbekistonning muayyan firibgarlik yoki bojxona qoidabuzarligini sodir etgani haqida alohida dalil keltirilmagan. Mamlakat “noqonuniy qayta joʻnatish xavfi mavjud” yurisdiksiyalardan biri sifatida tasniflangan.
Yaʼni AQSh maʼmuriyati Oʻzbekiston hududidagi transport va logistika yoʻlaklari Xitoy tovarlarini qayta yoʻnaltirish uchun ishlatilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu Oʻzbekistonda bunday holat aniqlangani yoki mamlakat rasmiylari ushbu jarayonda qatnashganini anglatmaydi.
Hisobot mualliflari ham Xitoydan toʻgʻridan toʻgʻri importning qisqarishi va uchinchi davlatlardan yetkazib berishning oshishi barcha holatlarda noqonuniy qayta joʻnatishni isbotlamasligini tan olgan. Savdo oqimidagi oʻzgarishlarning bir qismi ishlab chiqarish, investitsiyalar va taʼminot zanjirlarining qonuniy ravishda boshqa davlatlarga koʻchishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Shu sabab Oʻzbekistonning roʻyxatga kiritilishini “yirik firibgarlikda ayblanish” emas, AQSh tomonidan potensial xavfli tranzit yoʻnalishi sifatida baholanish deb talqin qilish aniqroq.
Noqonuniy qayta joʻnatish hajmi $40 mlrddan $303 mlrdgacha baholangan
Hisobotda Xitoy bilan bogʻliq noqonuniy qayta joʻnatishning yillik hajmi turli metodologiyalar asosida $40 mlrd bilan $303 mlrd oraligʻida baholangan:
- Goldman Sachs — qariyb $40 mlrd;
- Oq uy Iqtisodiy maslahatchilar kengashi — $34,2–89,6 mlrd;
- Exiger — qariyb $75 mlrd;
- AQSh Savdo vazirligi — $109 mlrdlik savdo oqimi oʻzgarishi;
- Altana — $303 mlrdgacha boʻlgan yuqori xavf chegarasi.
Ushbu koʻrsatkichlarni qoʻshib hisoblash mumkin emas. Ular turli maʼlumotlar, tovar guruhlari va baholash usullariga asoslangan. Bundan tashqari, $109 mlrdlik savdo oqimi oʻzgarishining bir qismi qonuniy ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlaridagi oʻzgarishlarni ham qamrab olishi mumkin.
Hisobotning $75 mlrdlik markaziy ssenariysida AQShning yoʻqotilgan boj tushumlari yiliga $19–34 mlrdga baholangan. Mualliflarning hisob-kitobiga koʻra, bu 450 mingga yaqin ish oʻrnining qisqarishi, yalpi ichki mahsulotning $113–150 mlrdga kamayishi va federal byudjet tushumlarining $19–26 mlrdga pasayishiga olib kelishi mumkin.
Biroq bu raqamlar amalda kuzatilgan natijalar emas, balki iqtisodiy model asosida shakllantirilgan taxminlardir.
AQSh importchilar ustidan nazoratni kuchaytiradi
Donald Tramp 2026 yil 3 iyunda bojxona nazoratini kuchaytirish boʻyicha farmonni imzolagan edi.
Farmonga muvofiq, import qiluvchilardan mulkdorlari, biznes aloqalari, ichki aktivlari va kutilayotgan import hajmi haqida qoʻshimcha maʼlumot talab qilinadi. Ayrim tovarlar boʻyicha ishlab chiqaruvchi, mahsulot tarkibi va taʼminot zanjiri tafsilotlari ham ochiqlanishi kerak.
Oq uy, shuningdek, sunʼiy intellekt yordamida yuklarning yoʻnalishi, deklaratsiyadagi kelib chiqish mamlakati, mahsulot tarkibi va eksportchi davlatdagi ishlab chiqarish quvvatini taqqoslaydigan “Detective Border” tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Natijada Oʻzbekistondan AQShga eksport qilinadigan ayrim mahsulotlarning kelib chiqishi, Xitoy komponentlarining ulushi va mamlakatda amalga oshirilgan qayta ishlash darajasi chuqurroq tekshirilishi mumkin.
Hozircha esa Oʻzbekiston yoki mamlakat kompaniyalariga qarshi alohida tekshiruv, qoʻshimcha boj, sanksiya yoxud AQSh bozoriga kirishni cheklash chorasi eʼlon qilinmagan.









