12 547.380 so‘m

decrease

-34.590

14 665.380 so‘m

decrease

-32.880

157.020 so‘m

decrease

-0.730

12 547.380 so‘m

decrease

-34.590

08-avgust, 12:43
Texnologiya

OpenAI yangi GPT-5 modelini barcha foydalanuvchilar uchun bepul taqdim etdi

OpenAI oʻzining uzoq kutilgan flagman modeli — GPT-5’ni rasman taqdim etdi.

GPT-5 berilgan birgina soʻrov orqali toʻliq ishlaydigan veb-oʻyin yaratish qobiliyatini namoyish qildi.

Yangi model imkoniyatlari va undan qanday qilib foydalanish haqida batafsil:

OpenAI yangi GPT-5 modelini barcha foydalanuvchilar uchun bepul taqdim etdi
Foto: AI / Pinkod.uz

OpenAI oʻzining uzoq kutilgan flagman modeli GPT-5’ni rasman taqdim etdi. Yangi model deyarli barcha jihatlarda avvalgilardan bir necha barobar kuchli ekanligi aytilmoqda. 

OpenAI rasmiy maʼlumotiga koʻra, yangi model barcha foydalanuvchilarga, jumladan bepul foydalanuvchilarga ham taqdim etilgan. GPT-5 avvalgi versiyalarga qaraganda aqlliroq, tezroq, foydaliroq va aniqroq boʻlib, “gallyutsinatsiya” (xato maʼlumot berish) darajasi ancha past. Altman buni obrazli tarzda quyidagicha taʼrifladi: 

GPT-4’dan GPT-5’ga oʻtish — xuddi iPhone’ning piksel tasviridan Retina displeyga oʻtishga oʻxshaydi. “GPT-5 — istalgan mavzuda, xuddi PhD darajasidagi mutaxassis bilan suhbatlashayotgandek his uygʻotadi”, — dedi u.

Skrinshot: Pinkod.uz

Kelasi haftadan boshlab Pro foydalanuvchilar Gmail, Google Contacts va Google Calendar’ni ChatGPT’ga ulash imkoniga ega boʻlishadi. Boshqa tariflarda esa bu imkoniyat keyinchalik yoqiladi. ChatGPT bu maʼlumotlardan qachon foydalanish kerakligini avtomatik aniqlaydi, foydalanuvchi esa buni oldindan belgilashi shart boʻlmaydi.

Shuningdek, foydalanuvchilar suhbat rangini oʻzgartirishlari va toʻrtta tayyor “shaxsiyat” — Cynic (Kinoyachi), Robot, Listener (Tinglovchi) va Nerd (Texnik)dan birini tanlashlari mumkin. OpenAI maʼlumotiga koʻra, bu shaxsiyatlar keyinchalik Advanced Voice Mode’ga ham qoʻshiladi.

GPT-5 kodlash sohasida ham oldingi modellarni ortda qoldirdi. U SWE-Bench Verified (74,9%), SWE-Lancer (GPT-5-thinking — 55%) va Aider Polyglot (88%) kabi benchmark testlarida avvalgi modellarni ortda qoldirgan. Ushbu testlar modelning xatolarni tuzatish, mustaqil dasturlash vazifalarini bajarish va bir nechta tillarda ishlash qobiliyatini baholaydi.

OpenAI’ning xavfsizlik boʻyicha tadqiqot rahbari Aleks Beutel GPT-5-thinking versiyasida “aldash, qoidani buzish yoki vazifani xakerlik yoʻli bilan hal qilish ehtimoli ancha kamayganini” taʼkidladi. 

Tizim kartasida esa model “mukammal boʻlmasa-da, yecha olmaydigan vazifalarda toʻgʻri javob bera olish”ga oʻqitilgani qayd etilgan. Tadqiqotchilar GPT-5’ni veb-brauzer funksiyasiz sinovdan oʻtkazganida, uning gallyutsinatsiyadarajasi GPT-4oʻga qaraganda 26% past boʻlgani aniqlandi. GPT-5-thinking esa o3 modeliga nisbatan 65% kam xato qiladi.

Model “xavfsiz yakunlash” usulidan foydalanadi — yaʼni javob imkon qadar foydali boʻlishi bilan birga xavfsizlik chegarasida qoladi. GPT-5 5 000 soatdan ortiq “qizil jamoa” (red teaming) sinovlari hamda tashqi tashkilotlar bilan hamkorlikda tekshirilgan.

OpenAI maʼlumotiga koʻra, ChatGPT’ning haftalik faol foydalanuvchilari hozirda qariyb 700 millionni tashkil etadi. Bundan tashqari, 5 million pullik biznes foydalanuvchisi va 4 million API’dan foydalanayotgan dasturchilar mavjud.

ChatGPT bitta soʻrovning oʻzida toʻliq ishlaydigan oʻyin yaratib berdi

Pinkod GPT-5’ning kodlash imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazdi. Ilgari web-oʻyin yaratishni soʻraganimizda, avvalgi modellar odatda 50–90 qator kod bilan oddiy oʻyin tayyorlardi. Yangi model esa atigi bir soʻrovda, qariyb 300 qator kod yozib, kutilmagan darajada sifatli va mukammal oʻyin ishlab chiqdi.

Oʻyin “Catch the Briefcase” deb nomlanib, unda foydalanuvchi qahramonni boshqaradi. Maqsad — osmonda uchib kelayotgan portfellarni ilib olish va iloji boricha koʻproq ball toʻplash. Portfel olib kelinganda ochko qoʻshiladi, oltin portfel esa qoʻshimcha hayot beradi. Qizil rangdagi bolgʻachalar (gavel) esa hayotni kamaytiradi, shuning uchun ulardan ehtiyot boʻlish kerak.

Darajalar oshgan sari tezlik va murakkablik ortadi, foydalanuvchi esa yuqori natija uchun ketma-ket portfellarning kombinatsiyasini yigʻishga harakat qiladi. Oʻyinda klaviatura va sensorli boshqaruv mavjud boʻlib, natijalar brauzer xotirasida saqlanadi. Oʻyinni mazkur havola orqali sinab koʻrish mumkin.


GPT-5’dan qanday qilib foydalanish mumkin?

Yangi modeldan foydalanish uchun:

  • Brauzer orqali ChatGPT.com saytiga kiring.
  • Mavjud akkaunt orqali tizimga kiring yoki roʻyxatdan oʻting.
  • Odatiy holatda GPT-5 avtomatik ishga tushadi. Agar ishga tushmasa, soʻrov oynasidan “think longer” menyusini tanlang.
Skrinshot: Pinkod.uz

Agar shunda ham model ishga tushmasa, demak hozircha OpenAI bu imkoniyatni barcha foydalanuvchilarga yoqmagan boʻlishi mumkin.

GPT-5’ni shuningdek Microsoft Copilot va Notion yordamchilari orqali ham sinab koʻrish mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+