OpenAI Sora video yaratish platformasini ishga tushganidan koʻp oʻtmay yopmoqda
OpenAI oʻtgan yili katta shov-shuv bilan taqdim etgan Sora video platformasini kutilmaganda yopishini eʼlon qildi. Shu bilan birga, Disney bilan rejalashtirilgan 1 mlrd dollarlik kelishuv ham bekor qilindi, bu esa OpenAI’ning video AI yoʻnalishidagi strategiyasi oʻzgarayotganini koʻrsatmoqda.

OpenAI oʻtgan yili ishga tushirgan generativ sunʼiy intellekt asosidagi video yaratish ilovasi — Sora’ni yopishini rasman eʼlon qildi. Kompaniya qaror sabablarini ochiqlamadi, biroq bu yangilik AI video bozorida katta rezonans uygʻotdi.
Sora jamoasi seshanba kuni eʼlon qilgan bayonotida foydalanuvchilarga minnatdorchilik bildirib, shunday dedi: “Sora bilan xayrlashyapmiz. Sora orqali kontent yaratgan, uni ulashgan va atrofida hamjamiyat shakllantirgan barchaga rahmat. Siz yaratgan ishlar muhim edi va bu yangilik koʻpchilikni ranjitishini bilamiz.”
Shuningdek, OpenAI yaqin orada qoʻshimcha maʼlumotlar — ilova va API uchun aniq muddatlar, shuningdek foydalanuvchi ishlanmalarini saqlab qolish boʻyicha tafsilotlarni eʼlon qilishini maʼlum qildi. Ayni paytda kompaniya qoʻshimcha izoh berishdan tiyilgan.
Disney bilan milliard dollarlik hamkorlik bekor boʻldi
Soraʼning yopilishi atigi uch oy avval Disney bilan tuzilgan yirik kelishuv fonida sodir boʻldi. Uch yillik litsenziya bitimiga koʻra, Sora Disney, Marvel, Pixar va Star Wars olamiga oid 200 dan ortiq qahramonlar asosida foydalanuvchi soʻrovlariga mos videolar yaratishi kerak edi.
Rejaga koʻra, ChatGPT Images bilan birgalikda 2026 yil boshida “fan-inspired” videolar ishlab chiqarilishi, Disney+ esa ularning saralangan qismini platformaga joylashtirishi koʻzda tutilgan edi.
Biroq endilikda Disney OpenAI bilan hamkorlikni toʻxtatdi. Bu hamkorlik doirasida media gigant OpenAI’ga 1 milliard dollar investitsiya kiritishi ham rejalashtirilgan edi. Kompaniyani Sem Altman boshqaradi.
Disney vakili Variety nashriga bergan izohida OpenAI qarorini hurmat qilishini bildirib, AI sohasidagi hamkorlik boshqa shakllarda davom etishini taʼkidladi.
Sora’ning yopilishi bilan birga ChatGPT ham matndan video yaratish funksiyasini yoʻqotadi. Bu esa OpenAI’ning video generatsiya yoʻnalishidan vaqtincha yoki toʻliq chiqayotganini anglatishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Sora ilk bor 2024 yil fevralida taqdim etilgan, dekabr oyida ommaga chiqarilgan va 2025 yil sentabrda alohida ilova sifatida ishga tushirilgan edi.









