Oltin narxi $3 500 ga yaqinlashdi
Oʻzbekistonda 5 grammlik oltin quymasi narxi ilk marotaba 7,4 mln soʻmdan oshdi.
Jahon bozorida esa oltin narxi ilk marotaba troya unsiya uchun $3 500 ga yaqinlashdi. Soʻnggi savdolarda narx maksimal darajada — $3 495 ga yetdi.

Oʻzbekistonda oltin quymalari narxi rekord darajaga koʻtarildi. Banklarda hozir oltin quymasining grammi 1 mln 493 ming 470 soʻmdan sotilmoqda. 5 grammlik quyma narxi esa 7 mln 467 ming soʻmni tashkil etadi.
Toʻliq narxlar:
- 5 gramm — 7 mln 467 ming soʻm
- 10 gramm —14 mln 935 ming som
- 20 gramm — 29 mln 869 ming soʻm
- 50 gramm — 74 mln 673 ming soʻm
- 100 gramm —149 mln 347 ming soʻm
Oltin quymalarini banklardan sotib olish imkoniyati mavjud. Banklarning manzillari va batafsil maʼlumotlarni Markaziy bank rasmiy saytidan topish mumkin.
Jahon bozorida oltin narxi
Jahon bozorida oltin narxi ilk marotaba $3 500 ga yaqinlashdi. UBS Group kabi yetakchi moliyaviy institutlar bu narxga yil oxiriga kelib erishiladi, deb taxmin qilgan edi. Biroq, oltin bu marrani deyarli zabt etib boʻldi. Soʻnggi savdolarda narx maksimal darajada — $3 495 ga yetdi. Xabar nashr qilinayotgan paytda oltin narxi $3 487 boʻlib turibdi.

Narxlarning keskin koʻtarilishiga global iqtisodiy beqarorlik, inflyatsiya xavotirlari, savdo urushlari va markaziy banklarning qimmatbaho metalga boʻlgan kuchli talabi asosiy sabab boʻldi.
Shuningdek, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Federal zaxira tizimi rahbari Jerom Pauellni lavozimidan chetlashtirish ehtimolini koʻrib chiqayotgani ham oltin narxiga taʼsir koʻrsatgan muhim omillardan biridir.
Avvalroq, Goldman Sachs oʻz prognozini yangilab, oltin narxi yil yakuniga qadar $3 700 ga yetishini maʼlum qilgan edi. Bankning taʼkidlashicha, AQSh iqtisodiyotida retsessiya (inqiroz) ehtimoli 45 foizni tashkil qiladi. Agar bu ssenariy amalga oshsa, oltin narxi bundan ham yuqoriga koʻtarilishi mumkin.