Oleg Anashev Tenge Bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari lavozimidan ketdi
Tenge Bank kuzatuv kengashi Oleg Anashevning boshqaruv raisi oʻrinbosari sifatidagi vakolatlarini tugatdi. U bu lavozimga 2026 yil 8 mayda tayinlangan va uch oydan sal koʻproq ishlagan.

Tenge Bank kuzatuv kengashi Oleg Anashevning boshqaruv raisi oʻrinbosari sifatidagi vakolatlarini tugatdi. Qaror 18 avgust kuni qabul qilingan, biroq bank uning lavozimdan ketish sabablarini ochiqlamagan.
Korporativ maʼlumotlar yagona portalida eʼlon qilingan muhim faktga koʻra, oʻzgarishdan keyin Tenge Bank ijroiya organi toʻrt kishidan iborat boʻlib qoldi.
Bank boshqaruviga Beybit Faleyev raislik qilmoqda. Uning tarkibida, shuningdek, boshqaruv raisi oʻrinbosarlari Bayan Imasheva va Doniyor Abduraxmanov hamda boshqaruvchi direktor Madina Yusupova faoliyat yuritmoqda.
Tenge Bank’ning rasmiy saytida Anashev 2026 yil 8 maydan boshqaruv raisi oʻrinbosari etib tayinlangani koʻrsatilgan. Shundan kelib chiqilsa, u ushbu lavozimda uch oydan sal koʻproq ishlagan.
Anashev bank tizimida 2000 yildan buyon faoliyat yuritadi. U avval Qozogʻistondagi ABN AMRO Asset Management va ABN AMRO Bank Kazakhstan tuzilmalarida, keyinchalik Halyk Bank tizimida turli lavozimlarda ishlagan. 2020 yil avgustida Tenge Bank kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi etib saylangan.
Tenge Bank Qozogʻistonning Halyk Bank’iga toʻliq tegishli shoʻba bank hisoblanadi. Bank Oʻzbekistonda 2019 yildan buyon faoliyat yuritmoqda.









