12 265.770 so‘m

increase

7.390

14 492.010 so‘m

increase

36.930

159.070 so‘m

decrease

-0.420

12 265.770 so‘m

increase

7.390

2 soat avval
Bank
60

OKMK va “arvoh” kompaniyalar: shubhali ofshor firmalar qanday qilib 200 mln dollarlik tenderlarni yutib oldi?

Oʻzbekistonning eng yirik va strategik sanoat korxonalaridan biri — Olmaliq kon-metallurgiya kombinati atrofida yuz millionlab dollarlik davlat buyurtmalari “arvoh” kompaniyalar orqali taqsimlangan boʻlishi mumkinligi haqidagi fosh etuvchi surishtiruv eʼlon qilindi.

Xalqaro jurnalistlar aniqlagan sxema Buyuk Britaniya, Gruziya va Singapur orqali choʻzilib, tajribasiz, egalari yashirilgan firmalar qanday qilib OKMKning ishonchli hamkoriga aylanganini savol ostiga qoʻymoqda.

OKMK va “arvoh” kompaniyalar: shubhali ofshor firmalar qanday qilib 200 mln dollarlik tenderlarni yutib oldi?
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekiston iqtisodiyotining "toj durdonasi" sanalgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) atrofida yirik xalqaro mojaro kuzatilmoqda. OCCRP (Organized Crime and Corruption Reporting Project) jurnalistik surishtiruvi asosida Singapurdan Buyuk Britaniya va Gruziyagacha choʻzilgan murakkab va shubhali sxema mavjudligini fosh etganini daʼvo qilmoqda.

Surishtiruv markazida Buyuk Britaniyada roʻyxatdan oʻtgan ikki kompaniya — Lemixton Solutions Ltd va Golders Business Ltd turibdi. Rasmiy hujjatlarga koʻra, ushbu firmalar soʻnggi uch yil davomida OKMKning “ishonchli hamkori”ga aylangan. Ammo bu hamkorlik bir qator jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda.

Eng eʼtiborga molik jihat shundaki, mazkur kompaniyalarning togʻ-kon sanoatida hech qanday tajribasi, faoliyat tarixi yoki muvaffaqiyatli loyihalari mavjud emas. Bundan ham qizigʻi, 2021 yildan buyon har ikki kompaniya Buyuk Britaniyaning rasmiy reestri — Companies Houseʼga oʻzini “dormant”, yaʼni faoliyatsiz kompaniya sifatida hisobot qilib kelgan.

Britaniya qonunchiligiga koʻra, “dormant” maqomidagi kompaniya tijorat faoliyati bilan shugʻullanishi, shartnomalar tuzishi yoki moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishi qatʼiyan man etiladi. Shunga qaramay, aynan shu “faoliyatsiz” deb eʼlon qilingan davrda Lemixton Solutions OKMKdan 22,5 million dollar, Golders Business esa 13 million dollarlik tenderlarni qoʻlga kiritgan. Bundan tashqari, bu firmalar Oʻzbekistonga yuzlab yuk joʻnatmalarini amalga oshirgani ham qayd etiladi.

2025 yil oxirigacha Lemixton’ning egasi sifatida 71 yoshli britaniyalik buxgalter Vendi Meri Enn Konroy koʻrsatilgan edi. Markaziy Osiyo bilan hech qanday aloqasi boʻlmagan bu ayol qanday qilib Oʻzbekistonning konchilik giganti bilan shartnoma tuzishi mumkin?

Jurnalistlar qoʻngʻirogʻi va shoshilinch “tozalash” amaliyoti

OCCRP va Finance Uncovered jurnalistlari shubhali bitimlar yuzasidan kompaniyalarga rasmiy soʻrov yuborganidan soʻng, Buyuk Britaniyaning kompaniyalar reestri — Companies House’da gʻalati va shoshilinch oʻzgarishlar boshlandi. Kompaniyalar egaligi qisqa vaqt ichida bir necha bor almashtirildi, hujjatlar esa orqa sana bilan qayta rasmiylashtirildi.

Voqealar rivoji quyidagicha kechgan:

  • 2 dekabr — jurnalistlar murojaatidan soʻng, kompaniya egasi sifatida koʻrsatilgan Vendi Konroy roʻyxatdan chiqarildi.
  • 5 dekabr — yangi hujjatlarda firma egasi sifatida Grigoriy Xvan (61 yosh) paydo boʻldi. Qizigʻi shundaki, hujjatlarga koʻra u goʻyoki 2018 yildan buyon kompaniya egasi boʻlib kelgan, yaʼni maʼlumotlar orqa sana bilan “tuzatildi”.
  • Yanvar oyining boshida — Xvan ham toʻsatdan roʻyxatdan oʻchirildi. Uning oʻrniga Kolumbiya fuqarosi Felipe Guerrero kiritildi. U ham xuddi avvalgilar kabi 2018 yildan beri kompaniya egasi sifatida koʻrsatildi.

Xalqaro ekspertlar bu ketma-ketlikni “haqiqiy benefitsiar egalarni yashirishga qaratilgan qoʻpol va shoshma-shosharlik bilan amalga oshirilgan urinish” deya baholamoqda.

Bu ismlar ortida kimlar turibdi?

Grigoriy Xvan — Oʻzbekiston Stol tennisi federatsiyasining sobiq vitse-prezidenti. U Toshkent viloyatida otasi nomi bilan atalgan mashhur stol tennisi klubiga egalik qiladi. 

Felipe Guerrero esa togʻ-kon sanoatida mutlaqo nomaʼlum shaxs. Uning nomi asosan Janubiy Koreyada avtomobil savdosi va goʻzallik mahsulotlari bilan shugʻullangan kichik firmalar hujjatlarida uchraydi. Konchilik yoki yirik sanoat loyihalari bilan bogʻliq hech qanday iz topilmagan. Ammo keyinchalik bu shaxs boshqa davlat orqali bogʻlangan keyingi sxemaga aloqador ekanligi maʼlum boʻldi. 

Imzolar soxtalashtirilgan boʻlishi mumkin

Mojaroning eng xavotirli jihati — OKMK bilan tuzilgan davlat shartnomalarida imzolar soxtalashtirilgan boʻlishi ehtimoli mavjud ekanidir.

  • Lemixton Solutions va OKMK oʻrtasidagi 6,2 million dollarlik shartnomalarda Vendi Konroy nomidan imzo qoʻyilgan.
  • Golders Business bilan tuzilgan bitimlarda esa britaniyalik Ruairi Laflin-Makkann imzosi aks etgan.

Biroq Laflin-Makkann jurnalistlar bilan suhbatda bu shartnomalarni “qatʼiyan imzolamaganini”, shuningdek, soʻnggi besh yil davomida ushbu kompaniya bilan hech qanday aloqasi boʻlmaganini maʼlum qildi.

“Bu shartnomalar mening ishtirokimsiz tuzilgan, imzolarim esa soxtalashtirilgan. Men bu holat yuzasidan London politsiyasi hamda Jiddiy firibgarliklar boʻyicha ofisga (CFO) rasman murojaat qildim”, — deydi Laflin-Makkann.

Agar ushbu daʼvolar tasdiqlansa, gap endi faqat davlat xaridlaridagi moliyaviy qoidabuzarlik haqida emas, balki xalqaro miqyosdagi jinoiy ish haqida ketishi mumkin.

Gruziya va Singapurdagi sxemalar

OCCRP maʼlumotlariga koʻra, shubhali sxema faqat Buyuk Britaniya bilan cheklanib qolmagan. Aksincha, u xalqaro miqyosdagi murakkab “oʻrgimchak toʻri”ni eslatadi. Turli mamlakatlarda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalar OKMK tenderlarida goʻyoki bir-biriga raqobatchi sifatida qatnashgan, ammo hujjatlar ularning aslida bitta markazdan boshqarilgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi.

Gruziya yoʻnalishi

Gruziyada roʻyxatdan oʻtgan LOSBP va Prof Engineering kompaniyalari OKMKdan jami 68 million dollarlik tenderlarni qoʻlga kiritgan. Eng eʼtiborga molik jihati shundaki, bu firmalar keyinchalik Polina Ostanova ismli ayol tomonidan bor-yoʻgʻi 350 dollarga sotib olingan.

Ostanova — tibbiy turizm sohasida faoliyat yuritgan shaxs boʻlib, sanoat yoki togʻ-ƒ loyihalari bilan bogʻliq hech qanday tajribaga ega emas. Eng qizigʻi, kompaniyalar aynan sotib olingan paytda allaqachon millionlab dollarlik davlat shartnomalariga ega boʻlgan.

Skrinshot: OCCRP

Singapur yoʻnalishi

Singapurda roʻyxatdan oʻtgan yana uchta kompaniya — Polisteel, Ventopro va Mek Industrial — OKMK bilan jami 102,9 million dollarlik shartnomalar tuzgan.

Surishtiruv hujjatlariga koʻra, bu firmalar Bagama orollarida joylashgan offshor kompaniya orqali yana oʻsha Grigoriy Xvan bilan bogʻlangan. Yaʼni, turli yurisdiksiyalarda joylashgan kompaniyalar ortida bitta manfaatlar guruhi boʻlishi ehtimoli kuchaymoqda.

Bu zanjir shu bilan tugamaydi. Qoʻshimcha hujjatlar shuni koʻrsatadiki, Xvanning oʻgʻli Aleksey Xvan aynan shu Bagama offshor kompaniyasi nomidan Nyu-York shahrida 4,4 million dollarlik kvartira sotib olgan.

Nega bu Oʻzbekiston uchun xavfli?

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) oddiy sanoat korxonasi emas. U Oʻzbekiston davlat byudjeti soliq tushumlarining qariyb 9 foizini taʼminlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu strategik gigantni kelajakda xalqaro fond bozoriga (IPO) olib chiqish rejalarini eʼlon qilgan.

Xalqaro ekspertlar bu fonʼda yuzaga chiqayotgan faktlarni oʻta xavfli signal sifatida baholamoqda. Jumladan, Transparency International tashkiloti vakili Ben Kovdok shunday deydi:

“Davlatning strategik buyurtmalarini tajribasiz, egalari yashirilgan va hujjatlari soxtalashtirilgan kompaniyalarga topshirish — bu oddiy korrupsiya emas. Bu davlat aktivlarini tizimli ravishda talon-taroj qilish sxemasi boʻlishi mumkin. Agar bu jarayon toʻxtatilmasa, xorijiy investorlar Oʻzbekiston bozoriga boʻlgan ishonchini yoʻqotadi”.

OCCRP taʼkidlashicha, OKMK rahbariyati mazkur jiddiy ayblovlar va keltirilgan dalillar yuzasidan hozircha hech qanday rasmiy izoh bermagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+