Nvidia — bozor kapitallashuvi $4 trlnga yetgan ilk kompaniya
9 iyul kuni chip ishlab chiqaruvchisi Apple tomonidan oʻrnatilgan avvalgi rekordni yangilab, $4 trlnlik bozorlashuvga ega boʻlgan ilk kompaniyaga aylandi. Taqqoslash uchun, Nvidia’ning bozor qiymati hozirda Google va Meta kompaniyalarining umumiy kapitallashuviga teng.

Kaliforniyaning Silcon vodiysida joylashgan chip ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasi bozor kapitallashuvi $4 trilliondan oshgan tarixdagi birinchi kompaniyaga aylandi.
Nvidia qiymatining bu darajada keskin oshishiga sabab — AQSh texnogigantlari oʻrtasida kuchayib borayotgan sunʼiy intellekt (AI) va maʼlumot markazlarini qurish boʻyicha raqobatdir. Google, OpenAI, Meta kabi kompaniyalar oʻz AI modellarini oʻqitishda aynan Nvidia chiplaridan keng foydalanmoqda. Bu holat, oʻz navbatida, global miqyosdagi AI vahimasini yuzaga keltirmoqda.
2025 yil 9 iyul kuni Nvidia aksiyalari 2,5% ga oshdi va kompaniyaning bozor qiymati $4 trilliondan oshib, ilgari Apple tomonidan oʻrnatilgan $3,9 trillionlik rekordni ortda qoldridi. Biroq kun yakuniga kelib aksiyalar narxi $162.88 atrofida yopilib, kompaniya kapitallashuvi $3,97 trillionga tushdi.
Umuman olganda, Nvidia aksiyalari 4 aprel kuni Trampning global boj stavkalari haqidagi bayonotlaridan keyin silkinishlar kuzatilganidan beri 70% dan ortiq oʻsdi. Yil boshidan buyon esa aksiyalar qariyb 20% ga oshgan, soʻnggi besh yilda esa aql bovar qilmas darajada — 1500% ga koʻtarilgan.
Garchi kun yakunida kompaniya bozor qiymati $4 trilliondan biroz pastga tushgan boʻlsa-da, ushbu marraning zabt etilishi sunʼiy intellekt atrofidagi hayajonning texnologiya sohasida qanday ulkan silkinishlarga sabab boʻlayotganini yaqqol koʻrsatadi.
Bu jarayon 2007 yilda Apple asoschisi Stiv Jobs tomonidan birinchi iPhone taqdim etilgan davrdan keyingi eng katta texnologik burilish sifatida baholanmoqda. Bugungi kunga kelib Nvidia, hattoki, Appleʼni ham ortda qoldirib, deyarli $900 milliardga koʻproq qiymatga ega boʻlib turibdi.
Maʼlumot oʻrnida, Apple ilgari bozorda $1 trillion, $2 trillion va $3 trillion qiymatga birinchi boʻlib erishgan kompaniya sanaladi.