NKMK oltin narxi oʻsishi fonida London va Toshkentda IPO oʻtkazishni rejalashtirmoqda
Davlat korxonasi Citigroup, Morgan Stanley va JPMorgan bilan hamkorlik qilmoqda.
Qarzdorlikni ham hisobga olgan holda kompaniya 20 milliard dollarlik baholashni maqsad qilgan.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyada ikkita IPO oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bu haqda Bloomberg holat bilan tanish anonim manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashr maʼlumotiga koʻra, NKMK London va Toshkentda boʻlishi mumkin boʻlgan aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun banklarni tanladi va jahon bozorida oltin narxining oʻsishidan foydalanishni maqsad qilgan.
Davlat korxonasi qarzlarni ham hisobga olgan holda taxminan 20 milliard dollarlik baholashga erishishni kutmoqda.
Bunga joriy yilda oltin narxining qariyb 30% ga oshishi va boshqa oltin qazib oluvchi kompaniyalarining bozor multiplikatorlari yordam bermoqda. Masalan, Newmont Corp. va Barrick Mining Corp. kabi oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalar aksiyalari qimmatbaho metall narxining oshishi fonida ancha qimmatlashdi.
Bloomberg yozishicha, NKMK Citigroup Inc., Morgan Stanley va JPMorgan Chase & Co. bilan ehtimoliy joylashtirishni tashkil etish uchun hamkorlik qilmoqda. Bungacha Citi va JPMorgan davlat kompaniyasiga London fond birjasida evrobondlarni joylashtirishda yordam bergan. IPO boʻyicha maslahatchi — Rothschild & Co.
NKMK, shuningdek, Buyuk Britaniya va Oʻzbekistonda ikki tomonlama listing doirasida Londonda savdoga chiqariladigan global depozitariy kvitansiyalarini (GDR) chiqarish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda. Biroq Bloomberg ogohlantirishicha, yakuniy qarorlar hali qabul qilinmagan, shuning uchun rejalar oʻzgarishi mumkin.