Nima sababdan kredit foizlari yuqori boʻlib qolmoqda? MB raisi izoh berdi
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bu holatni inflyatsiya, bozor sharoitlari va ayrim banklarning faqat mikroqarz berishga ixtisoslashgani bilan izohladi.
Uning soʻzlariga koʻra, depozit foizlarining yuqoriligi ham kredit foizlariga bevosita taʼsir qilmoqda.
Regulyator aholining qarz yukini oshirmaslik va banklarning agressiv marketing usullarini cheklash uchun siyosatni qatʼiylashtirmoqda.

11 sentabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Oʻzbekistonda kredit foizlari yuqoriligiga toʻxtalib oʻtdi.
Uning soʻzlariga koʻra, kredit foiz stavkalarini maʼmuriy yoʻl bilan tushirishning imkoni yoʻq — bu bozordagi holatdan kelib chiqadi. Buning bir nechta omillari bor, asosiylari esa inflyatsiya va inflyatsion kutilmalardir.
Qayd etilishicha, bozorda kreditlar arzonlashishi uchun avvalo pulning qadri oshishi lozim.
Depozit va kredit stavkalari oʻzaro bogʻliq
Markaziy bank raisi, shuningdek, depozit foiz stavkalari kreditlarga qanday taʼsir qilayotganiga ham toʻxtaldi. Uning aytishicha, ayrim banklarning biznes modeli bunga bevosita sabab boʻlmoqda.
“Ayrim banklar faqatgina bitta tovar, aholiga mikroqarz shaklida kredit berishga oʻtgan. Albatta, mikroqarz boshqa kreditlarga nisbatan riskliroq boʻlgani uchun, yuqori foizlarda beriladi. Yaqin oylardan beri banklar kesimida ularning foiz stavklarini ham eʼlon qilshni boshladik. Odamlar koʻrsin: banklarda har xil foiz bor”, — deydi Timur Ishmetov.
Maʼlumot uchun: 2025 yil 8 sentabr holatiga koʻra, banklar ichida eng yuqori foiz stavkada mikroqarz berayotganlar qatorida TBC Bank (oʻrtacha 42,5%), Anor Bank (41,2%) va Tenge Bank (39,7%) bor.

Timur Ishmetovning aytishicha, baʼzi banklar faqat bitta instrument — mikroqarz bilan ishlagani uchun kreditlarni yuqori foizda beradi va shu sababli depozitlarni ham juda yuqori stavkada jalb qilish imkoniyatiga ega.
Boshqa banklarda esa mahsulotlar turlicha: aholiga beriladigan kreditlar stavkasi nisbatan yuqori boʻlishi mumkin, mikroqarzlar bundan ham qimmatroq, ayrim biznes kreditlari esa pastroq foizlarda taqdim etiladi.
"Endi sizning kredit portfelingizda faqatgina bitta produkt, Oʻzbekistondagi eng qimmat produkt boʻlgandan keyin, ayrim banklar depozitni ham yuqori foizda jalb qiladi. Buning natijasida boshqa banklar ham depozit stavkasini oshirishiga toʻgʻri keladi, boʻlmasa hamma depozit bitta bankka oʻtib ketadi... Depozit foiz stavkasi yuqori boʻlgandan keyin bu kredit foizlariga ham taʼsir qiladi" — dedi Ishmetov.
Markaziy bank bu yoʻnalishda ham ish olib borayotganini taʼkidladi. Aholining qarz yuki ortib ketmasligi va banklarning agressiv marketing usullari orqali mijozlarni yuqori foizli kreditlarga jalb qilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun siyosat qatʼiylashtirilmoqda. Yil oxirigacha bu borada qoʻshimcha meʼyorlar eʼlon qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, Markaziy bank yil boshida banklarni ushbu masalada ogohlantirgan. Regulyator kredit tashkilotlariga sohada xavflarni koʻrayotganini va vaziyat normallashmaguncha qatʼiy siyosat davom ettirilishini maʼlum qilgan.
Eslatib oʻtamiz, joriy yil aprel oyida mamlakat banklari omonatlar boʻyicha foiz stavkalarini bir vaqtda pasaytirgan edi. Oʻshanda bu qaror bozordagi tamoyillardan koʻra, maʼmuriy aralashuv sifatida baholangan.