12 129.330 so‘m

increase

28.040

14 061.530 so‘m

increase

30.080

149.170 so‘m

increase

1.160

12 129.330 so‘m

increase

28.040

1 kun avval
Bank

Nega Oʻzbekiston banklari YeI sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmadi?

Yevropa Ittifoqi 23 oktabr kuni Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini qabul qildi, unda ilk bor Markaziy Osiyodagi ayrim banklar ham roʻyxatga kiritildi. Oʻzbekistonning birorta banki yoki tashkiloti esa bu sanksiyalar roʻyxatiga kiritilmadi.

Nega Oʻzbekiston banklari YeI sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmadi?
Foto: AI / Pinkod.uz

Yevropa Ittifoqi 2025 yil 23 oktabr kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 19-paketini qabul qildi.

Yangi sanksiyalar paketiga birinchi bor Markaziy Osiyo davlatlaridagi ayrim banklar ham kiritildi. Xususan, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻizistonda faoliyat yuritayotgan baʼzi moliyaviy muassasalar YeIning sanksiya ostidagi tashkilotlari qatoriga qoʻshildi.

Rossiya tomonidan esa Alfa-bank, MTS Bank, Absolyut Bank, Zemskiy Bank hamda “Istina” nomli nobank kredit tashkiloti cheklovlarga uchradi. Ular bilan har qanday moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish 2025 yil 12 noyabrdan boshlab taqiqlanadi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiya banklarining xorijdagi filiallariga ham sanksiyalar qoʻlladi. Unga koʻra, 2 dekabrdan boshlab Belarusdagi VTB, Sberbank va Alfa-bank, shuningdek, Qozogʻistondagi VTB Banki boʻlinmalariga nisbatan cheklovlar kuchga kiradi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Tojikistonning Dushanbe Siti Bank, Spitamen Bank va Tojikiston Kommerchbanki, Qirgʻizistonning Tolubay Bank hamda Yevroosiyo Jamgʻarma Banki ham YeI sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgan. Ushbu cheklovlar ular uchun ham 12 noyabrdan eʼtiboran amalda boʻladi.


Oʻzbekiston banklari nega sanksiyalar roʻyxatiga tushmadi? 

Quvonarli tarafi YeI ning yangi sanksiyalar paketiga Oʻzbekistondan biror bir bank yoki tashkilot kiritilmaganidir. 

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ham 24 oktabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida bu masalaga toʻxtalib oʻtdi

Unga koʻra, sanksiyalar xatari har doim prognozlarda inobatga olinadi va shuning uchun qoʻshni davlat banklariga kiritilgan cheklovlar Oʻzbekistonga jiddiy taʼsir koʻrsatishi kutilmaydi.

Shuningdek, Ishmetov Markaziy bank ikkilamchi sanksiyalarga tushish masalasiga jiddiy yondashishini taʼkidlab, bu boʻyicha banklarga qatʼiy pozitsiya aytilganini taʼkidladi. 

“Biz ikkilamchi sanksiyalar masalasiga juda jiddiy qarayapmiz. Oxirgi ikki yilda bank tizimida sanksiyaviy komplayens tizimi takomillashdi. Sanksiya qoʻllangan tovarlar va tashkilotlar bilan ishlamaslik boʻyicha banklarga  qatʼiy pozitsiyamizni yetkazganmiz. Oʻylaymanki aynan shunday ishlashimiz hozirda bizdagi birorta bankni sanksiyalarga tushmasligiga olib keldi", — deydi MB raisi. 

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham buni Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan olib borayotgan oqilona siyosati natijasi deb atadi:

"Sanksion roʻyxat jami 45 ta kompaniyani qamrab olgan. Unda oʻzbek banklari va kompaniyalari yoʻqligi Oʻzbekistonning Yevropa ittifoqi bilan ikki tomonlama manfaatli va chuqur oʻylangan siyosatining yutuqlaridan biri deb hisoblasa boʻladi", — deya yozgan iqtisodchi oʻzining Telegram kanalida.


Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi munosabatlari

23 oktabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Belgiya poytaxti Bryussel shahriga joʻnab ketdi. 

Tashrif doirasida davlat rahbari Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati oʻtkazib, iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+