MY-INSURANCE aksiyadorlariga 21,1 mlrd soʻmlik dividendlarni toʻlay olmadi
MY-INSURANCE sugʻurta kompaniyasi aksiyadorlariga 2025 yil yakunlari boʻyicha hisoblangan dividendlarni belgilangan muddatda toʻlamadi.
Kompaniya bunga bank hisob raqamlaridan foydalanish cheklanganini sabab qilib koʻrsatgan.
Hozirda 21,1 mlrd soʻmlik dividendning barchasi qarzdorlik sifatida qolmoqda.

MY-INSURANCE sugʻurta kompaniyasi oʻz aksiyadorlariga 21,1 mlrd soʻmlik dividendni toʻlay olmadi.
Korporativ maʼlumotlar yagona portalida 18 avgust kuni oshkor qilingan muhim faktga koʻra, dividendlarni toʻlash muddati 16 iyundan 14 avgustgacha etib belgilangan. Biroq shu davrda aksiyadorlarga hech qanday toʻlov amalga oshirilmagan — hisoblangan 21,1 mlrd soʻmning 100 foizi toʻlanmagan.
Kompaniya buning sababini bank hisoblaridan foydalanish boʻyicha cheklov bilan izohlagan.
“Jamiyat bank hisob raqamlaridan foydalanish cheklangani sababli dividend toʻlovlarini amalga oshirish imkoniyati mavjud emas”, deyiladi korporativ ochiqlashda.
MY-INSURANCE hisob raqamlaridan foydalanish imkoniyati bank tomonidan tiklangach, dividendlar toʻliq toʻlanishini bildirgan. Biroq hujjatda qaysi bank hisoblariga cheklov qoʻyilgani, cheklov sababi va u qachondan beri amal qilayotgani koʻrsatilmagan.
Dividendga sof foydaning 64 foizi ajratilgandi
MY-INSURANCE aksiyadorlari dividend toʻlash boʻyicha qarorni 16 iyundagi yillik umumiy yigʻilishda qabul qilgan. Kompaniyaning korporativ qaroriga koʻra, 2025 yil yakunida taqsimlanishi mumkin boʻlgan sof foyda 32,9 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Shundan 21,1 mlrd soʻm yoki qariyb 64 foizi dividendlarga, 1,65 mlrd soʻmi zaxira fondiga yoʻnaltirilishi belgilangan. Qolgan 10,18 mlrd soʻm esa taqsimlanmagan foyda sifatida qoldirilgan.
Har bir joylashtirilgan aksiya uchun 248,08 soʻmdan dividend hisoblangan. Kompaniyaning 85,05 mln dona aksiyasi mavjud boʻlib, dividend toʻlovlarini 14 avgustga qadar yakunlash rejalashtirilgan edi.
Taqqoslash uchun, MY-INSURANCE avvalgi dividend toʻlovida 10 mlrd soʻmlik dividendni toʻliq toʻlagan. Korporativ maʼlumotlar yagona portalidagi 2025 yil oktabr oyidagi maʼlumotga koʻra, oʻsha paytda hisoblangan mablagʻning 100 foizi aksiyadorlarga yetkazilgan. Hozirgi dividend hajmi undan 2,1 baravar katta.
MY-INSURANCE bank hisoblaridan foydalanish boʻyicha cheklov kompaniyaning sugʻurta operatsiyalari yoki mijozlar oldidagi majburiyatlariga taʼsir qilayotgani haqida hozircha maʼlumot bermagan. Korporativ ochiqlashda faqat dividendlarni toʻlash imkoni boʻlmayotgani qayd etilgan.









