Mustaqillikning 35 yilligi arafasida 50 trln soʻmlik 163 ta obʼekt ishga tushirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obʼektlarni ishga tushirish marosimi oʻtkazildi. Umumiy qiymati qariyb 50 trln soʻm boʻlgan obʼektlarning 72 tasi sanoat va xizmat koʻrsatish loyihalari, 91 tasi esa ijtimoiy soha obʼektlaridan iborat. Ular hisobiga 15 mingta ish oʻrni yaratilishi va byudjetga yiliga qoʻshimcha 1 trln soʻm tushishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida hududlarda umumiy qiymati qariyb 50 trln soʻmlik 163 ta obʼekt foydalanishga topshirildi.
Obʼektlarni ishga tushirish marosimi 25 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida oʻtkazildi. Ularning 72 tasi yirik sanoat va xizmat koʻrsatish loyihalari, qolgan 91 tasi esa ijtimoiy soha obʼektlaridan iborat.

Yangi investitsiya loyihalari energetika, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, togʻ-kon, toʻqimachilik va yengil sanoat yoʻnalishlarini qamrab olgan.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida umumiy quvvati 1 573 megavatt boʻlgan yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish obʼektlari ish boshladi. Qoraqalpogʻistonda esa 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi foydalanishga topshirildi.
Navoiy viloyatidagi yangi energetika loyihalari yiliga 657 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlarida toʻqimachilik, trikotaj hamda gilam ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi. Prezident matbuot xizmatiga koʻra, ushbu loyihalar eksport hajmini millionlab dollarga oshirishi kutilmoqda. Biroq ularning aniq eksport koʻrsatkichlari ochiqlanmagan.

Samarqand va Toshkent viloyatlarida esa yangi metallurgiya korxonalari foydalanishga topshirildi. Ular mahalliy korxonalar oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import oʻrnini bosishga yoʻnaltirilgan.
Yangi loyihalar hisobiga jami 15 mingta ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Ularning faoliyati natijasida davlat byudjetiga yiliga qoʻshimcha 1 trln soʻm tushum tushishi kutilmoqda.

Ijtimoiy sohada 36 ta bolalar bogʻchasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy taʼlim muassasasi va 3 ta shifoxona ochildi.
Xususan, Yangi Toshkentda 10 gektar maydonda qurilgan Yangi Oʻzbekiston universitetining yangi majmuasi foydalanishga topshirildi. U 7 ming nafar talabaga moʻljallangan.
Universitetda Garvard bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirishga moʻljallangan “Taʼlim xabi”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, 1 oktabrdan Sunʼiy intellekt instituti ish boshlashi belgilangan.

Yangi Toshkentdagi besh qavatli Milliy kutubxona binosi ham foydalanishga topshirildi. Maydoni 30 ming kvadrat metr boʻlgan kutubxona bir vaqtning oʻzida 1,5 ming kitobxonga xizmat koʻrsatishi mumkin.
Unda 28 tadan ortiq oʻquv xonasi va zal tashkil etilgan, fondga esa 200 mingdan ortiq kitob jamlangan.
Qarshi shahrida 400 mlrd soʻmga qurilgan Iqtisodiyot va pedagogika universitetining yangi majmuasi ham ochildi. U 3 ming nafar talabaga moʻljallangan boʻlib, loyiha doirasida 700 kishini ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan.
Fargʻona viloyatidagi yangi tibbiyot muassasasida esa yiliga 60 ming nafar bemorni davolash va 30 ming nafar ayolni skriningdan oʻtkazish imkoniyati yaratilgan.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2026 yilda ushbu marosimgacha umumiy qiymati 1,7 mlrd dollar boʻlgan 56 ta yirik sanoat va xizmat koʻrsatish obʼekti ishga tushirilgan. Ularda 8,8 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratilgan.
Shuningdek, byudjetdan ajratilgan 46 trln soʻm hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bogʻcha va 81 ta shifoxona qurilgan, taʼmirlangan yoki rekonstruksiya qilingan. Bundan tashqari, 7,5 ming kilometr yoʻl hamda 3,2 ming kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari barpo etilgan.









