Muddatli toʻlovga savdo qiluvchi ayrim korxonalar Markaziy bankda roʻyxatdan oʻtishi mumkin
Talab bir chorakda 500 mln soʻmdan ortiq savdo qilgan va aylanmasining kamida yarmi boʻlib-boʻlib toʻlash hissasiga toʻgʻri kelgan korxonalarga tatbiq etilishi mumkin. Loyiha tasdiqlansa, yangi tartib 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Markaziy bank tovar isteʼmol krediti beruvchi qaysi tashkilotlar hisob roʻyxatidan oʻtishi kerakligini belgilovchi nizom loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat 1 dekabrgacha jamoatchilik muhokamasida boʻladi. Loyiha tasdiqlansa, yangi tartib 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
Korxonalar muddatli toʻlov ulushini har chorak yakunida mustaqil hisoblaydi. Hisob-kitobga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan tovarlar, ishlar va xizmatlar qiymati hamda ulardan olingan foizli daromadlar kiritiladi.
Har ikkala mezonga javob bergan korxona keyingi oyning 20-sanasigacha Markaziy bankka ariza va hujjatlarni topshirishi kerak boʻladi.
Soliq qoʻmitasi ham bunday korxonalarni elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn kassa cheklari asosida aniqlaydi. Qoʻmita maʼlumotlarni chorak yakunidan keyingi oyning 15-sanasigacha Markaziy bankka yuboradi.
Regulyator ularni besh ish kuni ichida koʻrib chiqadi va zarur hollarda qoʻshimcha maʼlumot soʻraydi. U kredit byurolari maʼlumotlaridan ham foydalanishi mumkin.
Loyihaga koʻra, mezonlarga javob bergan korxonaning hisob roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyat yuritishi nizom talablari buzilishi hisoblanadi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari esa Markaziy bankni xabardor qilish orqali reyestrga kiritiladi.
Loyiha prezidentning 14 avgustdagi qarori asosida ishlab chiqilgan. Qarorda 2027 yildan muddatli toʻlov operatorlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilangan.
Bu xizmatda operator xarid haqini sotuvchiga toʻlaydi, xaridor esa pulni operatorga ustama bilan boʻlib-boʻlib qaytaradi. Loyihadagi 500 mln soʻmlik aylanma va 50 foizlik ulush mezonlari esa xaridorga tovar, ish yoki xizmat haqini bevosita boʻlib toʻlash imkonini beradigan korxonalarga tegishli.
Prezident qaroriga koʻra, operator orqali tuziladigan muddatli toʻlov shartnomasining qiymati 250 BHMdan, yaʼni hozirgi hisobda 110 mln soʻmdan oshmasligi kerak.
Isteʼmolchining toʻlov muddati 12 oygacha boʻladi. Vositachilik haqi, jarima va penyalarni ham oʻz ichiga oladigan qoʻshimcha toʻlovlar yiliga muddatli toʻlov summasining 50 foizidan oshmasligi belgilangan.









