Moliyaviy qiyinchilik paytida kredit toʻlovlarini 6–10 oygacha kechiktirishga ruxsat beriladi
Endilikda ayrim holatlarda qarz oluvchilar kredit toʻlovlarini 6–10 oyga qadar jarima va penyalarsiz kechiktirishi mumkin boʻladi. Markaziy bank tomonidan joriy etilayotgan yangi tartib bir qator ijtimoiy va hayotiy holatlarni qamrab oladi.

2026 yil 25 yanvardan eʼtiboran, qarz oluvchi vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan taqdirda, kredit toʻlovlarini kechiktirgani uchun qoʻshimcha foizlar yoki jarimalar undirilmaydi. Bu borada Markaziy bank tomonidan tegishli nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Qaysi holatlarda kredit toʻlovini kechiktirishga ruxsat beriladi?
Quyidagi holatlarda qarz oluvchiga kredit toʻlovini kechiktirish huquqi beriladi:
- qarz oluvchi ikki oy yoki undan ortiq muddat davomida vaqtincha mehnatga layoqatsiz boʻlsa;
- mehnat shartnomasi bekor qilinib, ish qidirayotgan shaxs sifatida rasmiy roʻyxatdan oʻtsa;
- qarz oluvchining birgalikdagi qarz oluvchisi yoki kafili boʻlgan turmush oʻrtogʻi vafot etsa;
- qarz oluvchiga I yoki II guruh nogironligi belgilansa;
- qarz oluvchining qaramogʻida I yoki II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar soni oshsa;
- turmush oʻrtogʻiga I yoki II guruh nogironligi belgilansa;
- ayol qarz oluvchi homiladorlik yoki tugʻish taʼtilida boʻlsa;
- qarz oluvchiga tabiiy yoki texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar taʼsir qilgan boʻlsa.
Mazkur holatlar bankka murojaat qilingan sanadan oldingi toʻrt oy ichida yuz bergan boʻlishi lozim.
Kredit muddatini uzaytirish uchun qarz oluvchi oʻzining moliyaviy ahvoli yomonlashganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi shart. Bunda uning soʻnggi ikki oy ichidagi daromadi avvalgi oʻn ikki oylik oʻrtacha daromadiga nisbatan kamida 30 foizga kamaygan boʻlishi talab etiladi.
Agar bank ushbu holatlarni asosli deb topsa, kredit boʻyicha toʻlov muddati qoʻshimcha foizlar va jarimalarsiz uzaytiriladi hamda mazkur kredit “muammoli” toifasiga kiritilmaydi.
Kreditni uzaytirish muddati homiladorlik va tugʻish taʼtili bilan bogʻliq holatlarda 10 oygacha, boshqa barcha holatlarda esa 6 oygacha etib belgilanadi.









