MobiUz kompaniyasini sotib olish uchun uch nafar talabgor raqobatlashmoqda
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi MobiUz (Universal Mobile Systems) kompaniyasini xususiylashtirish jarayonida majburiyatli takliflar bosqichining navbatdagi natijalarini eʼlon qildi. Unga koʻra, eng yuqori xarid qiymati va bitim shartlari boʻyicha eng raqobatbardosh takliflarni taqdim etgan uch nafar talabgor saralab olindi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi MobiUz (Universal Mobile Systems) kompaniyasini xususiylashtirish jarayoni doirasida majburiyatli takliflar bosqichining navbatdagi natijalari eʼlon qilindi.
Dastlab majburiyatsiz takliflar bosqichida 10 nafar talabgor saralab olingan boʻlib, keyingi bosqichda ularning 7 nafari majburiyatli takliflar berish huquqiga ega boʻldi. Ushbu bosqich yakunlariga koʻra, eng yuqori xarid qiymati va bitimning muhim shartlari boʻyicha eng raqobatbardosh takliflarni bildirgan 3 nafar talabgor aniqlandi.
Majburiyatli takliflar bosqichida ishtirokchilarga kompaniyaning moliyaviy, soliq va yuridik faoliyatiga oid keng qamrovli tahliliy maʼlumotlar joylashtirilgan virtual maʼlumotlar xonasidan foydalanish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, ular MobiUzʼning operatsion faoliyati bilan yaqindan tanishish, kompaniya rahbariyati bilan uchrashish hamda qiziqtirgan masalalarni muhokama qilish huquqiga ega boʻldi.
Bundan tashqari, talabgorlar kompaniyani sotib olish va uning kelgusidagi faoliyati boʻyicha asosiy shartlarni belgilovchi bitimni imzoladi.
Aniqlangan uch nafar talabgorga oʻz takliflarini yanada takomillashtirish uchun 2026-yil 23-yanvar kuni soat 23:59 ga qadar qoʻshimcha muddat berildi.
9 iyun kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Universal Mobile Systems (Mobiuz) kompaniyasi ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonini boshlaganini maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Mobiuz mobil aloqa operatorini 300 mln dollarga sotishni rejalashtirmoqda. Bloomberg manbalarining maʼlum qilishicha, jarayonga Yaqin Sharq va Yevropadan investorlar jalb qilinishi mumkin.
Shuningdek, agar Mobiuz boshqa operatorlar bilan birlashish ehtimoli yuzaga kelsa, davlat potensial xaridorni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.









