Milliy kutubxona ortidagi 1,3 gektar hududda avtoturargoh quriladi
Toshkent markazida, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona ortidagi 1,3 gektar hududda avtoturargoh va xiyobon qurish rejalashtirilmoqda. Hozir ushbu hududda daraxtlar, maysazor va boshqa yashil maydonlar mavjud. Loyiha uchun kamida 10 mlrd soʻm investitsiya kiritilishi kerak.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning 14 sentabrdagi 463-14-0-Q/26-son qarori bilan loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Loyiha uchun Milliy kutubxona ortidagi 1,3 gektar yer maydoni ajratilgan. Hududning hozirgi qismida daraxtlar, maysazorlar va obodonlashtirilgan yashil maydonlar mavjud.
Loyiha doirasida bu yerda avtoturargoh bilan birga xiyobon ham tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Qarorda mavjud daraxtlarning qanchasi saqlanishi, koʻchirilishi yoki kesilishi haqida maʼlumot keltirilmagan.

DXSh loyihasini amalga oshirish huquqi E-auksion orqali 514 mln soʻm boshlangʻich qiymat bilan savdoga chiqariladi. Auksion gʻolibi hududdan 10 yil foydalanish huquqini oladi va loyihaga kamida 10 mlrd soʻm investitsiya kiritishi kerak.
Avtoturargohdan tushadigan har bir toʻlovning 15 foizi davlat sherigiga, yana 5 foizi “Pullik toʻxtash joyi” operatoriga beriladi.
Bu Toshkentda avtoturargohlarni davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berish boʻyicha yagona loyiha emas.
Joriy yil iyul oyida poytaxtning 10 ta tumanidagi 36 ta avtoturargoh maydoni yagona lot sifatida auksionga chiqarilgan edi. Ularning umumiy maydoni 3,99 gektar boʻlgan. “Korzinka” supermarketlar tarmogʻini boshqaruvchi Anglesey Food kompaniyasi ushbu lotni 20,95 mlrd soʻmga yutib olgan. Boshlangʻich narx 1,34 mlrd soʻm boʻlib, savdo davomida qiymat qariyb 15,7 baravar oshgan.
Mazkur 36 ta uchastka “Korzinka” supermarketlari yonidagi avvaldan mavjud avtoturargohlar hisoblanadi. Kompaniya ularni davlat-xususiy sheriklik modeli asosida boshqaradi.
Shu tariqa, Milliy kutubxona ortidagi 1,3 gektarlik loyiha bilan birga, Toshkentda 2026 yil davomida jami oʻnlab avtoturargoh maydonlarini xususiy operatorlarga DXSh asosida berish jarayoni davom etmoqda.









