11 940.700 so‘m

decrease

-69.220

13 839.270 so‘m

decrease

-94.640

147.400 so‘m

decrease

-0.400

11 940.700 so‘m

decrease

-69.220

5 soat avval
Bank
18

Milliy investitsiya jamgʻarmasining Londondagi IPO’si 2026 yilda oʻtkazilishi kutilmoqda — Bloomberg

Ayni paytda Navoiy kon metallurgiya kombinatining IPO’si kechikishi aytilmoqda. 

Milliy investitsiya jamgʻarmasining Londondagi IPO’si 2026 yilda oʻtkazilishi kutilmoqda — Bloomberg
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekiston oʻzining Milliy investitsiya fondi (UzNIF) aksiyalarini Londonda ommaviy joylashtirish jarayonini jadallashtirmoqda. Bloomberg manbalariga koʻra, bu mamlakat tarixida London fond birjasidagi birinchi listing boʻlib, keyingi davlat kompaniyalari uchun yoʻl ochishi mumkin.

UzNIF London va Toshkent bozorlarida aksiyalarini sotish uchun hujjatlarni tayyorlamoqda. Jarayon 2026 yilning birinchi choragida boshlanishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilardan biri boʻlgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatining IPOsi boʻyicha ishlar sekinlashgan. Mavzu ommaviy muhokama qilinmayotgani sababli ismini oshkor qilmagan manbalar NKMKning yil oxirigacha Londonda IPO boshlashi endi dargumonligini aytgan.

IPOlar Oʻzbekistonning xorijiy kapitalni jalb qilishga qaratilgan xususiylashtirish dasturining markaziy qismidir. Aprel oyidagi qarorda yaqin ikki yilda listingga chiqarilishi rejalangan bir nechta yirik korxonalar koʻrsatilgan. Shuningdek, Uzum va Centrum kabi xususiy kompaniyalar ham ommaviy joylashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda. Londondagi ilk IPO boshqa nomzodlar uchun mezon vazifasini bajaradi.

Hukumat jozibadorlikni oshirish maqsadida fond portfelini qayta shakllantirishda davom etmoqda. Sentabr oyida “Oʻzbekiston pochtasi”, “Uzbekistan Airports”, BRB va Mikrokreditbankdagi ulushlar qaytarilgach, UzNIF portfeli 18 ta kompaniyadan 15 tasiga qisqardi. 

Evaziga fond ayrim aktivlarning qoʻshimcha aksiyalarini va “Oʻzsanoatqurilishbank”dagi 30 foizlik ulushni qabul qildi. Bu oʻzgarishlar fond boshqaruvidagi aktivlar hajmini 1,93 mlrd dollarga yetkazgan.

Fitchʼning bazaviy ssenariysiga koʻra, SQB’dagi nazorat paketi sotuvi UzNIF’ning 2026 yilda rejalashtirilgan IPO’sidan keyin amalga oshishi mumkin. Joriy yil sentabr oyida SQB’ning 30 foizlik ulushi jamgʻarma tarkibiga oʻtkazilgan edi. 

NKMK: dividend xavotiri fonida kechikish

Ayni paytda Navoiy kon metallurgiya kombinatining IPO’si kechikishi aytilmoqda. Hukumat ushbu bitim oltin qazib oluvchi kompaniyaning davlat byudjetiga toʻlaydigan salmoqli dividendlarini kamaytirishi mumkinligidan xavotirda, deya yozgan Bloomberg.

Kompaniya Oʻzbekiston uchun strategik ahamiyatga ega, chunki oltin sotuvi mamlakat eksportining asosiy qismini tashkil etadi va metall xalqaro zaxiralarning taxminan 80 foizini taʼminlaydi. Oltin narxining oshishi fonida kompaniya 2025 yilning birinchi yarmida oʻz foydasini deyarli ikki baravar oshirib, 1,5 milliard dollarga yetkazdi. U 2024 yilda 1,7 milliard dollar dividend eʼlon qildi, bu esa mamlakat yillik daromadining taxminan 7,5 foizini tashkil etadi.

Avvalroq Pinkod NKMK Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyada ikkita IPO oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrayotgani haqida yozgan edi

Davlat korxonasi qarzlarni ham hisobga olgan holda taxminan 20 milliard dollarlik baholashga erishishni kutmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+