Milliy bankdan “Kapitalbank”kacha: Moody’s 16 ta Oʻzbekiston banki reytingini qayta koʻrib chiqdi
Moody’s Oʻzbekiston suveren reytingi Ba2 darajasiga oshirilganidan keyin mamlakatdagi 16 ta bank reytingini qayta koʻrib chiqdi. Ular orasida Milliy bank, Agrobank, SQB, Xalq banki, Kapitalbank, Hamkorbank va Ipak Yo‘li bank bor. Agentlik qarorni banklar uchun operatsion muhit yaxshilangani, iqtisodiy oʻsish barqarorligi va davlatning bank tizimini qoʻllab-quvvatlash salohiyati oshgani bilan izohlamoqda.

Moody’s Ratings Oʻzbekiston suveren reytingi Ba2 darajasiga oshirilganidan keyin mamlakatdagi 16 ta bank boʻyicha reyting harakatlarini amalga oshirdi.
Agentlik buni banklar faoliyat yuritayotgan muhit yaxshilangani, iqtisodiy oʻsish barqarorligi va davlatning bank tizimini qoʻllab-quvvatlash salohiyati oshgani bilan izohladi.
Agentlik 1 iyul kuni eʼlon qilgan relizida Oʻzbekiston bank sektori boʻyicha makroprofil “Weak-” darajasidan “Weak” darajasiga yaxshilanganini qayd etdi. Moody’sga koʻra, bank nazorati va tartibga solish tizimidagi rivojlanishlar, institutlarning mustahkamlanishi hamda iqtisodiy-fiskal prognozlarning yaxshilanishi banklar uchun umumiy risklarni kamaytiradi.
Moody’s Oʻzbekiston iqtisodiyoti oxirgi uch yilda oʻrtacha 6,5 foiz atrofida oʻsganini, oʻrta muddatda esa oʻsish 6–6,3 foiz atrofida saqlanishini kutmoqda. Agentlik fikricha, iqtisodiy oʻsish va inflyatsiyaning moʻʼtadillashuvi kreditlarga talabni qoʻllab-quvvatlaydi hamda bank mijozlarining kreditga layoqatini yaxshilaydi.
Reyting harakatlari doirasida bir qator yirik davlat banklarining uzoq muddatli depozit reytinglari Ba2 darajasiga koʻtarildi.
Jumladan, Milliy bank, Agrobank, SQB, Asakabank, Xalq banki va Mikrokreditbank reytinglari Ba2 darajasiga oshirildi. Moody’s bu banklarda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash ehtimoli yuqoriligini asosiy omillardan biri sifatida koʻrsatgan.
SQB boʻyicha agentlik 2025 yilda bank kuchli moliyaviy natijalar qayd etganini, shuningdek, bankning kapital bozoridagi roli oshib borayotganini alohida tilga oldi. Moody’s SQB aksiyalarining bir qismi Milliy investitsiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgani va UzNIF’ning London fond birjasida IPO oʻtkazgani bank brendi hamda xalqaro kapital bozorlaridagi pozitsiyasini yaxshilashi mumkinligini qayd etgan.
Xalq banki boʻyicha esa agentlik muammoli kreditlar ulushi 2024 yildagi 13,7 foizdan 2025 yilda 5,2 foizgacha pasayganini, kapital buferlari yaxshilanganini va bank soʻnggi besh yildagi eng yuqori sof foydani qayd etganini taʼkidlagan.
Xususiy banklar orasida Kapitalbank, Hamkorbank va Ipak Yo‘li bank’ning reytinglari Ba3 darajasiga koʻtarildi.
Moody’s Kapitalbank boʻyicha kuchli rentabellik, likvidlik va barqaror moliyalashtirish bazasini, Hamkorbank boʻyicha esa aktivlar sifati, kapital yetarliligi va foydalilik koʻrsatkichlarida mahalliy raqobatchilardan yuqori natijalarni qayd etgan. Hamkorbank reytingi boʻyicha prognoz ijobiyligicha qoldirilgan.
Tenge Bank reytingi ham Ba2 darajasiga oshirildi. Bu holatda Moody’s bankning kuchli kapital va likvidlik buferlari bilan birga, uning aksiyadori — Qozogʻistonning Halyk Bank tomonidan qoʻllab-quvvatlanish ehtimolini asosiy omillardan biri sifatida koʻrsatgan.
Aloqabank va “Biznesni rivojlantirish banki”ning uzoq muddatli depozit reytinglari Ba3 darajasiga koʻtarildi. BRB boʻyicha agentlik muammoli kreditlar ulushi 2024 yildagi 23,3 foizdan 2025 yilda 8,2 foizgacha keskin kamayganini, bank 2025 yilda 531 mlrd soʻm sof foyda olganini qayd etdi.
Shu bilan birga, Asia Alliance Bank reytingi B1 darajasida tasdiqlandi. InFinBank reytingi ham B1 darajasida qoldirildi, biroq prognoz “salbiy”dan “barqaror”ga yaxshilandi. Octobank boʻyicha esa reyting B3 darajasida tasdiqlanib, prognoz “salbiy”dan “barqaror”ga oʻzgartirildi.
Garant Bank reytingi Caa1 darajasida tasdiqlandi, prognoz esa ijobiyligicha qoldi. Moody’s bankning biznes modeli hali shakllanish bosqichida ekanini, rentabellik va aktivlar sifati boʻyicha bosimlar saqlanayotganini bildirgan.
Agentlikka koʻra, keyingi 12–18 oy ichida Oʻzbekiston banklarining moliyaviy profili barqaror yaxshilansa, ayrim banklar reytinglari yana oshirilishi mumkin. Aksincha, suveren kredit profilining yomonlashuvi yoki banklarning kapital va likvidlik pozitsiyasi zaiflashishi reytinglarga bosim oʻtkazishi mumkin.









