Milliondan milliardgacha: dunyoning eng boy odamlari ilk $1 millionini nimaga sarflagan?
Bugungi kunda dunyoda 3028 nafar milliarder bor va ularning 813 nafari AQShda istiqomat qiladi.
Koʻpchilik uchun bu ulkan boylikka olib borgan yoʻl birinchi million dollarni qanday investitsiya qilish qarori bilan boshlangan.
Kimdir bor budini oʻzi ishongan gʻoyaga tikkan, kimdir esa kutilmagan imkoniyatni payqagan. Batafsil:

Dunyodagi milliarderlar soni misli koʻrilmagan darajaga yetdi. Hozirda ularning soni taxminan 3 028 kishini tashkil etadi va ulardan 813 nafari Qoʻshma Shtatlarni oʻz uyi deb biladi. Milliarder maqomiga erishish yoʻli kuzatish uchun juda qiziq va koʻpincha u hal qiluvchi bir lahzadan boshlanadi. Katta miqdordagi birinchi pulni qanday investitsiya qilish ulkan boylikka erishish yoʻlini belgilab berishi mumkin, yoki bir gʻoya global imperiyaga aylanib ketishi mumkin.
Quyida GOBankingRating maʼlumotlari asosida dunyoning eng boy milliarderlari va ularning birinchi 1 million dollarini qanday sarflaganliklariga eʼtibor qaratish orqali ularning tavakkal qilishlari va strategik qarashlaridan olinadigan saboqlar keltirilgan.
Ilon Mask

Sof boyligi: 450 milliard dollar
Pul sabogʻi: Oʻz maqsadingizga qayta sarmoya kiriting. Dunyoni oʻzgartirishiga ishongan gʻoyalaringizga boringizni tiking.
Ilon Mask 2025 yilda Hukumat Samaradorligi Departamenti (DOGE) va uning hukumat xarajatlari, isrofgarchilik va firibgarlikni kamaytirish rejasiga rahbarlik qilgani va keyin kutilmaganda undan voz kechgani bilan sarlavhalarni egalladi. Shunga qaramay, Mask bu bahsli vazifani oʻz zimmasiga olishdan oldin ham X, Tesla va SpaceX kabi bir nechta kompaniyalarni boshqargan. U qisman oʻzining innovatsion gʻoyalari tufayli dunyoning eng boy odamiga aylandi.
Mask oʻzining birinchi biznesi – Zip2’ni ukasi bilan boshlagan va uni 1999 yilda Compaqʼga 307 million dollarga sotgan. Mask ushbu sotuvdan 22 million dollar foyda olgan. Muddatidan oldin nafaqaga chiqish yoki qimmatbaho narsalarni sotib olish oʻrniga, bu pullarni PayPal, Tesla va SpaceX kabi boshqa kompaniyalarni tashkil etish yoki ularga sarmoya kiritishga yoʻnaltirgan.
Larri Ellison

Sof boyligi: 285 milliard dollar
Pul sabogʻi: Nostandart fikrlang va biznesdagi boshqalar qilayotgan ishni takrorlamang.
Larri Ellison universitet diplomi boʻlmasa-da, Oracle Corporation – dasturiy taʼminot va bulutli muhandislik tizimlariga ixtisoslashgan texnologiya kompaniyasi asoschilaridan biri sifatida oʻzining ulkan imperiyasini yaratdi va uning 40% aksiyalariga egalik qiladi. U qattiq muzokaralar olib boradigan, tavakkal qiladigan va mavjud tartibga qarshi chiquvchi texnologiya kashshofi sifatida tanilgan.
U 70 yillarda kompaniyani yoʻlga qoʻyishga yordam bergan va dastlabki foydasini Oracleʼni rivojlantirish hamda koʻchmas mulkka sarmoya kiritish uchun ishlatgan. Ellison dunyo boʻylab bir nechta hayratlanarli mulklarga ega va oʻz biznesini rivojlantirish bilan birga birinchi bir necha millionini yaxta poygalari kabi dabdabali xobbilarga sarflagan.
Jeff Bezos

Sof boyligi: 265 milliard dollar
Pul sabogʻi: Maqsadli ravishda diversifikatsiya qiling va boyligingizni shunchaki saqlamang — kelajakdagi imperiyalar uchun urugʻ eking.
Jeff Bezos 1994 yilda Amazon’ni oʻz garajida boshlagani va uni bugungi onlayn savdo gigantiga aylantirgani koʻpchilikka maʼlum. Ammo u oʻz gʻoyasi bilan ulkan muvaffaqiyatga erishishdan oldin, ehtimol siz bilmagan bir ishni qilgan: 1998 yilda Googleʼga 250 000 dollar sarmoya kiritib, keyinchalik 3,3 million dollar daromad olgan.
U pullarini qimmat xaridlarga sovurish oʻrniga, Amazon’ni kengaytirishga sarmoya kiritdi va Google hali ommaga taqdim etilishidan oldin uni yashirincha moliyaviy qoʻllab-quvvatladi. Oʻshandan beri u faoliyati eng koʻp kuzatiladigan investorlardan biriga aylandi va oʻzi qatʼiy amal qiladigan strategiyaga ega: turlicha portfel, uzoq muddatli sarmoya va oʻzi ishongan loyihalarga pul tikish.
Larri Peyj

Sof boyligi: 248 milliard dollar
Pul sabogʻi: Agar davrdan oldinda boʻlsangiz, oldinga intilishda davom eting. Innovatsiya nafaqat foydali, balki kuchlidir ham.
Larri Peyj Google ortidagi daholardan biridir. Bezos kabi investorlardan dastlabki sarmoyalar kelganda, Peyj bu pullarni kompaniya infratuzilmasi, ofisi va iqtidorli xodimlarni yollashga yoʻnaltirdi. Aynan shu narsa Google’ning jadal rivojlanishiga zamin yaratdi.
Sergey Brin

Sof boyligi: 232 milliard dollar
Pul sabogʻi: Siz kabi fikrlaydigan odamlar bilan hamkorlik qiling va dadil gʻoyalarga birgalikda sarmoya kiriting.
Google’ni yaratishda sahna ortida turgan yana bir daho Sergey Brin boʻlib, u Peyj bilan Stenford universitetida aspiranturada tanishgan. Bu ikki doʻst hozirda dunyoning eng yirik qidiruv tizimini yaratish uchun birga ishladi va dastlabki daromadlarini ham Googleʼni strategik rivojlantirishga birgalikda sarfladi.
Mark Sukerberg

Sof boyligi: 216 milliard dollar
Pul sabogʻi: Ishlayotgan narsani rivojlantiring. Agar qoʻlingizda rivojlanib borayotgan narsa boʻlsa, uni qoʻllab-quvvatlang, undan qochmang.
WhatsApp, Instagram va Messengerʼga ham egalik qiluvchi Facebook (hozirgi Meta) asoschisi va rahbari Mark Sukerberg atigi 23 yoshida oʻz mehnati bilan milliarderga aylandi. U oʻz boyligini Meta aksiyalari va sunʼiy intellektga kiritilgan sarmoyalar evaziga topgan. Garchi u birinchi millionini Facebookʼning oʻziga qayta sarmoya qilgani taxmin qilinsa-da, baʼzi maʼlumotlarga koʻra, boyligining bir qismini avtomobillar va koʻchmas mulkka ham sarflagan.
Bernar Arno va oilasi

Sof boyligi: 204 milliard dollar
Pul sabogʻi: Strategik xaridlar (qoʻshib olishlar) muhim ahamiyatga ega.
Hashamatli buyumlar (lyuks) sohasida hech kim Bernar Arno bilan bellasha olmaydi. Fransuz tadbirkori LVMH kompaniyasi raisi va bosh direktori boʻlib, Louis Vuitton kabi 75 ta kosmetika va moda brendlarini nazorat qiladi. Arno oʻz boyligini Louis Vuitton va Moët Hennessy kompaniyalarining kutilmagan birlashuvini mohirlik bilan amalga oshirib toʻplagan.
Arno hozirda oilasi bilan dunyoning toʻqqizinchi eng boy odami sanaladi. U moda olamida hukmronlik qilish uchun dastlabki moliyaviy imkoniyatlardan unumli foydalangan. U otasining qurilish kompaniyasini meros qilib oldi, uni sotdi va pulni hashamatli moda sohasiga kirish uchun ishlatdi. 1985 yilda u Christian Dior brendini sotib oldi va LVMH imperiyasini yaratish uchun undan tramplin (tayanch nuqta) sifatida foydalandi.
Stiv Balmer
Sof boyligi: 176 milliard dollar
Pul sabogʻi: Sadoqat oʻz samarasini beradi. Toʻgʻri joyda vaqt oʻtishi bilan kapital yaratish tezkor gʻalabalardan ustun turishi mumkin.
Stiv Balmer Microsoftʼdagi faoliyatini Bill Geytsning yordamchisi sifatida boshlagan va 1980 yilda kompaniyaning 24-xodimiga aylangan. Uning boshlangʻich maoshi 40 000 dollar va qoʻshimcha ravishda kompaniyaning 9% ulushi edi.
Balmer mansab pillapoyalaridan koʻtarilib, prezident va bosh direktor lavozimlarigacha yetib bordi. U asosiy boyligini Microsoft aksiyalari ortidan topdi, ammo 2014 yilda bu serdaromad ishni tark etdi. Oʻsha yili u nafaqaga chiqqach, Los-Anjeles Klippers (Los Angeles Clippers) basketbol jamoasini sotib oldi.
Bunday yirik xaridga qaramay, Balmer juda kamtarona hayot kechiradi. Uning na dizaynerlar liboslari, na shaxsiy superyaxtasi bor. U hamon oilasi bilan voyaga yetgan toʻrt xonali uyida yashaydi va mehmonxona minibaridagi ichimliklar narxi qimmatligidan nolishi mumkin.
Uorren Baffett

Sof boyligi: 152 milliard dollar
Pul sabogʻi: Sabr-toqat, intizom va uzoq muddatli sarmoya gʻalaba qozonadi.
Uorren Baffett sayyoramizdagi eng badavlat kishilardan biri boʻlsa-da, dabdabani yoqtirmaydi. U oʻzining tejamkor hayot tarzi va uni dunyoning eng boy 10 kishisi qatoriga qoʻshgan oʻtkir investorlik qobiliyati bilan mashhur.
Baffett Buyuk Depressiya davrida tugʻilgan va atigi 11 yoshidan aksiyalarga pul tikishni boshlagan. 30 yoshida u ahvoli ogʻir boʻlgan Berkshire Hathaway toʻqimachilik kompaniyasini sotib olib, millionerga aylandi. Keyinchalik u bu kompaniyani moliyaviy gigantga aylantirdi va hozirgacha unga rahbarlik qilib keladi.
Baffett boyligini aqlli sarmoyalar ortidan topgan. 1961 yilda u shamol tegirmoni ishlab chiqaruvchi Dempster kompaniyasiga 1 million dollar sarmoya kiritgan. Ikki yil oʻtgach, u kompaniyani deyarli uch baravar qimmatroqqa sotgan.









