Mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavka ilk bor 33 foizdan pastga tushdi
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 27 oktabr holatida ilk bor 33 foizdan pastlab, 32,9 foizni tashkil etdi. Bu kuzatuvlar boshlanganidan beri eng past koʻrsatkich hisoblanadi.

Markaziy bank anʼanaviy tarzda tijorat banklari kesimida mikroqarzlar va avtokreditlarning oʻrta hisobdagi foiz stavkalarini eʼlon qildi. Unga koʻra, mikroqarzlar boʻyicha stavkalar statistik kuzatuvlar boshlanganidan beri ilk marta 33 foizdan past darajaga tushgan.
2025 yil 27 oktabr holatiga koʻra, mikroqarzlarning oʻrtacha foiz stavkasi 32,9 % ni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich oʻtgan oyga nisbatan 0,9 % punktga past.

Eng yuqori foiz stavkalari Anor Bank (41 %), TBC Bank (40,2 %), Tenge Bank (39,7 %) va Apexbank (39,6 %) hissasiga toʻgʻri kelgan. Eng past stavkalar esa Infinbank (25,4 %), BRB Bank (25,5 %), Trastbank (25,6 %), OFB Bank (25,8 %) hamda Aloqabank (26,4 %)da kuzatilgan.
Shuningdek, jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlar (mikroqarzlarsiz) boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 23,4 % ni, yuridik shaxslar uchun esa 23,5 % ni tashkil qilmoqda.

27 oktabr holatiga koʻra, avtokreditlarning oʻrtacha foiz stavkasi 24,3 % boʻlib, eng yuqori stavkalar Universal Bank (30 %), Madad Invest Bank (28,3 %) va SQB (27,5 %)da qayd etilgan. Eng past stavkalar esa Garant Bank (17,2 %), Ipoteka Bank (19,9 %) va OFB Bank (21,2 %) tomonidan taklif etilgan.









