11 802.190 so‘m

decrease

-7.630

13 527.670 so‘m

decrease

-41.810

139.870 so‘m

decrease

-0.810

11 802.190 so‘m

decrease

-7.630

3 soat avval
Bank
69

Mikrokreditbank kuzatuv kengashiga toʻrt nafar yangi mustaqil aʼzo saylandi

Mikrokreditbank aksiyadorlari bank kuzatuv kengashining uch nafar amaldagi aʼzosi vakolatlarini muddatidan oldin tugatib, toʻrt nafar yangi mustaqil aʼzoni sayladi. Ular orasida Butunjahon intellektual mulk tashkiloti nazorat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari hamda “Qozogʻiston temir yoʻli”ning mustaqil direktori bor. Nomzodlar Markaziy bank bilan kelishilgandan keyin lavozimiga kirishadi.

Mikrokreditbank kuzatuv kengashiga toʻrt nafar yangi mustaqil aʼzo saylandi

Mikrokreditbank aksiyadorlarining 18 sentabr kuni oʻtkazilgan navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida kuzatuv kengashi tarkibi yangilandi

Aksiyadorlar Umidjon Muydinov, Behzod Hoshimov va Aram Kazaryanning kuzatuv kengashidagi vakolatlarini 18 sentabrdan muddatidan oldin tugatdi. Behzod Hoshimov bundan avval Biznesni rivojlantirish bank kuzatuv kengashiga kiritilgan edi.

Ularning oʻrniga hamda avvalroq boʻshagan yana bir oʻringa quyidagi toʻrt nafar mustaqil aʼzo uch yilga saylandi:

  • Danil Kerimi — Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Mustaqil maslahat-nazorat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari. Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, Kerimi qoʻmitada Turkmaniston vakili sifatida faoliyat yuritadi. 
  • Nizomiddin Murodov — AQShdagi “Insignia Financing” kompaniyasi boshqaruvchi direktori.
  • Ulf Vokurka — “Qozogʻiston temir yoʻli” milliy kompaniyasi direktorlar kengashi aʼzosi va mustaqil direktori. U mazkur lavozimda 2021 yildan buyon ishlaydi. 
  • Mixayel Sarev — Oʻzbekistondagi “The Inter Board Academy” kompaniyasi direktori va muassisi.

Toʻrtala nomzod ham Mikrokreditbank aksiyalariga egalik qilmaydi. Ular Markaziy bank nomzodlarni kelishib berganidan keyingina kuzatuv kengashi aʼzosi sifatida ish boshlaydi.

Yangi aʼzolardan biri Giorgi Paresishvilining oʻrnini egallaydi. “Toshkent” fond birjasining sobiq rahbari boʻlgan Paresishvilining Mikrokreditbank kuzatuv kengashidagi vakolati 2025 yil 7 noyabrda muddatidan oldin tugatilgan edi.

Bank saytida qarordan oldingi sakkiz kishilik kuzatuv kengashi tarkibi koʻrsatilgan boʻlib, unda uch nafar mustaqil aʼzo mavjud edi. Qaror toʻliq kuchga kirgach, kengash toʻqqiz kishidan, jumladan, besh nafar mustaqil aʼzodan iborat boʻlishi kutilmoqda.

Mikrokreditbank deyarli toʻliq davlatga tegishli. Bank aksiyalarining 50,39 foizi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, 49,10 foizi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga qarashli. Ikki davlat aksiyadorining umumiy ulushi 99,49 foizni tashkil qiladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+