11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

13 329.150 so‘m

decrease

-108.120

146.750 so‘m

increase

0.790

11 903.150 so‘m

decrease

-62.360

Yaqin 2 soat ichida
Iqtisodiyot
36

Mercedes sotilgan, qarz qaytariladi. IMAN 20 mln dollarlik kamomad va boshqa eʼtirozlarga qanday javob berdi?

IMAN 20 mln dollarlik kamomad haqidagi daʼvoni rad etib, ayrim moliyaviy amaliyotlarda xatolar boʻlganini tan oldi. 

Kompaniyaga koʻra, Rustam Rahmatov uchun olingan Mercedes sotilgan, BYD boʻyicha qarzdorlik yopilgan. 

Boshqaruvchi kompaniyaning fond oldidagi 2,97 mln dollarlik qarzini esa noyabrdan boshlab olti oyda qaytarish vaʼda qilingan. 

Mercedes sotilgan, qarz qaytariladi. IMAN 20 mln dollarlik kamomad va boshqa eʼtirozlarga qanday javob berdi?

IMAN Holding IFCB konsalting kompaniyasi eʼlon qilgan hujjatlar va moliyaviy eʼtirozlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Kompaniya muammoli qarzlar, boshqaruv xarajatlari, avtomobillar xaridi va investorlar daromadini taqsimlash boʻyicha oʻz izohlarini keltirgan.

IMANga koʻra, hujjatlar iyulda kompaniyaning oʻz tashabbusi bilan, IFCB vakillari ishtirokida oʻtkazilgan auditga tegishli. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun taftish komissiyasi tuzilgan.

Kompaniya ayrim qarorlar oʻsha paytdagi oferta asosida qabul qilinganini bildirgan. Ularning shariatga muvofiq emasligi auditda koʻrsatilgach, tegishli amaliyotlar toʻxtatilgani aytilgan.

20 mln dollarlik kamomad haqida

IMAN 20 mln dollarlik zarar yoki kamomad mavjudligini rad etgan. Kompaniya ushbu bahoga aloqador summalarni quyidagicha izohlagan.

KoʻrsatkichMiqdorKompaniyaning izohi
Muammoli qarzlar boʻyicha zaxira bilan qoplanmagan risk3,5 mln dollarJoriy portfelning taxminan 3,5 foiziga teng
Boshqaruvchi kompaniyaning fond oldidagi foizsiz qarzi2,97 mln dollarXolding aksiyalari bilan kafolatlangan, olti oyda qaytariladi
Nasiya savdo portfeli bilan investorlar portfeli oʻrtasidagi farq140,75 mlrd soʻmKelajakda tushishi kutilayotgan savdo daromadi

Bayonotga koʻra, iyuldan xalqaro moliyaviy hisobot standartlari asosida hisob yuritishga oʻtilgan. Avval milliy standartlar qoʻllangan. Murobaha boʻyicha daromad va xarajatlar savdo qilingan oyda, moliyaviy ijarada esa oyma-oy tan olingan.

Kompaniya shu kungacha 2,04 trln soʻmlik savdo amalga oshirilganini va 285 952 ta shartnoma imzolanganini bildirgan. Ulardan 195 061 tasi faol ekani aytilgan.

Faol shartnomalar boʻyicha nasiya savdo portfeli 1,11 trln soʻmga yaqin, investorlar portfeli esa 965,02 mlrd soʻm deb koʻrsatilgan. IMAN oʻrtadagi 140,75 mlrd soʻmlik farqni kelajakda olinadigan daromad sifatida keltirgan.

Muammoli qarzlar boʻyicha raqamlar

IFCB dastlabki auditda 31 may holatiga muammoli qarzlar 9,5 mln dollar yoki portfelning 17–18 foizi ekanini koʻrsatgan edi.

IMANning tushuntirishicha, kompaniya muddati oʻtgan qarzlar va qaytmaydigan deb baholangan qarzlarni alohida hisoblaydi. Qarzdorlar bilan 90 kundan keyin ham ishlash davom etadi, qarzlar 300 kundan keyin umidsiz deb baholanadi.

Koʻrsatkich2026 yil 31 may2026 yil 1 oktabr
Jami portfel618,41 mlrd soʻm1 105,78 mlrd soʻm
Kompaniya hisobidagi muammoli qarzlar58,79 mlrd soʻm71,65 mlrd soʻm
Muammoli qarzlarning portfeldagi ulushi9,5 foiz6,5 foiz

Kompaniya keltirgan raqamlarga koʻra, muammoli qarzlar hajmi 21,9 foiz, jami portfel esa 78,8 foiz oshgan. Muammoli qarzlarning portfeldagi ulushi 3 foiz punktga kamaygan.

IMAN kutilgan yoʻqotishlar uchun 31,91 mlrd soʻmlik zaxira shakllantirilganini bildirgan. Kompaniya zaxira bilan qoplanmagan riskni portfelning 3,5 foizi deb baholagan. Bu koʻrsatkichni 3 foizga tushirish maqsad qilingan.

2,97 mln dollarlik qarz qaytariladi

IMAN boshqaruvchi kompaniyaning fond oldidagi 2,97 mln dollarlik foizsiz qarzini tasdiqlagan. Mablagʻlar fondning likvidlik uchun saqlanadigan boʻsh pullari hisobidan berilgani aytilgan.

Kompaniya ushbu amaliyotni oʻsha paytdagi oferta bilan izohlagan. Jumladan, IFCB tasdiqlagani aytilayotgan 2025 yil 28 yanvardagi ofertaning 4.2-bandiga tayangan.

Bayonotda boshqaruvchi kompaniya ham fondni qoʻllab-quvvatlagani, platformadan foydalanish uchun royalti olmagani va imtiyozli tariflar joriy etgani qayd etilgan.

Auditdan keyin fond hisobidan boshqaruvchi tashkilotga qarz berish notoʻgʻri deb topilgan va iyulda toʻxtatilgan. Qarzdorlik oktabrda xolding aksiyalari bilan kafolatlangan.

Mablagʻlarni noyabrdan boshlab olti oy ichida qaytarish va jarayon boʻyicha hisobot berib borish vaʼda qilingan.

Mercedes sotilgan, BYD qarzi yopilgan

IMAN Rustam Rahmatov tashabbusi bilan fond mablagʻlaridan Mercedes-Benz S500 xarid qilinganini tasdiqlagan. Avtomobilni Rahmatovga AQSh dollarida yillik 12 foizlik ustama bilan ijaraga berish rejalashtirilgan.

Kompaniyaga koʻra, maslahat kengashi ofertadagi imtiyoz faqat xodimlarga tegishli ekanini koʻrsatgan. Rahmatov kompaniya egasi ham boʻlgani uchun bitim nojoiz deb topilgan. Ijara stavkasi yillik 17 foizga oʻzgartirilgan, keyinchalik bitim yopilgan.

Bayonotda Rahmatov 31 iyulda 85,33 mln soʻm ijara toʻlovi qilgani koʻrsatilgan. Mercedes 12 avgustda sotilib, undan 1,36 mlrd soʻmga yaqin tushum olingani aytilgan. Kompaniya xarid summasi va ijara toʻlovlari fondga toʻliq qaytarilganini bildirgan.

BYD Champion boʻyicha Rahmatov 31 iyulda qolgan 366,94 mln soʻmlik qarzdorlikni muddatidan oldin toʻlagani maʼlum qilingan. Avvalgi taftish qarorida avtomobil uchun toʻlovlar 2025 yil 4 maydan keyin toʻxtab qolgani qayd etilgan edi.

Taqdimot va xususiy banking xarajatlari

IFCB hujjatida “Imanum 5.0” ochilish marosimiga 144 ming dollar sarflangani koʻrsatilgan edi. IMAN 18 iyundagi tadbirning jami xarajatini 833,12 mln soʻm yoki taxminan 70 ming dollar deb keltirgan.

Kompaniyaga koʻra, shundan 40,02 mln soʻmi, yaʼni 4,8 foizi fond hisobidan ilovani reklama qilishga sarflangan. Qolgan 793,1 mln soʻmni boshqaruvchi kompaniya qoplagan.

Xususiy banking xarajatlari IFCB bilan birgalikda oʻrganilib, boshqaruvchi kompaniyaga tegishli deb topilgan. IMAN ushbu summani yillik 20 foizlik ustama bilan 24 oyda toʻlanadigan murobaha bitimi sifatida rasmiylashtirishini bildirgan.

Boshqaruv xarajatlari ajratiladi

IFCB fond hisobidan boshqaruvchi kompaniya xodimlarining ish haqi, marketing va boshqa xarajatlar qoplanganiga eʼtiroz bildirgan edi.

IMAN xarajatlarni taqsimlash tartibi taʼsis shartnomasi va oferta bilan belgilanishini aytgan. Kompaniya savdo, mijoz jalb qilish, skoring va undiruvga bevosita bogʻliq xarajatlarni fond xarajati sifatida koʻrsatgan.

Dasturiy taʼminot, risk modellari, moliya jamoasi, brend va tadbirlarga oid boshqaruv xarajatlari esa boshqaruvchi kompaniya hisobidan qoplanishi bildirilgan.

Avval investitsiya jalb qilishga oid xarajatlar ham savdo xarajati sifatida fond hisobidan toʻlangan. IFCB eʼtirozidan keyin ularni ajratishga qaror qilingan. Bu ishlar noyabrdan boshlab uch oy ichida yakunlanishi aytilgan.

Zaxiraga ortiqcha mablagʻ ushlangani tasdiqlandi

IMAN may va iyunda investorlar daromadidan IRR zaxirasiga shartnomadagi 5 foizlik chegaradan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilganini tan olgan. IFCB hujjatida maydagi ajratma taxminan 23 foiz, iyundagisi 50 foiz deb koʻrsatilgan edi.

Kompaniya buni moliya va risk yoʻnalishida qaror qabul qilish vakolatiga ega xodimning xatosi bilan izohlagan. Rahbariyat va sharʼiy kengash bundan xabardor boʻlmagani, masʼul xodim bilan avgust boshida mehnat munosabatlari tugatilgani aytilgan.

Iyuldan ajratmalar shartnomada belgilangan 5 foizlik chegaraga qaytarilgani bildirilgan.

Keyingi qadamlar

IMAN Rustam Rahmatov ijro boshqaruvini mutaxassislarga topshirib, kuzatuv kengashi aʼzosi sifatida ishlashini eʼlon qildi.

Kompaniya uch nafar olimdan iborat sharʼiy kengash tuzishga qaror qilgan. “Usmani’s” bilan tashqi sharʼiy audit boshlangan. Xalqaro mustaqil moliyaviy auditorlarni jalb qilish ishlari ham olib borilmoqda. Natijalarni toʻliq eʼlon qilish vaʼda qilingan.

Xolding aksiyadorlari va SAFE shartnomalari orqali kirgan investorlar tarkibini bir oy ichida toʻliq roʻyxatdan oʻtkazish belgilangan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+