12 557.560 so‘m

decrease

-34.150

14 809.130 so‘m

decrease

-12.570

159.440 so‘m

decrease

-0.740

12 557.560 so‘m

decrease

-34.150

20 soat avval
Work&life

Men bankomatni ixtiro qildim, evaziga esa atigi 15 dollar oldim — Jeyms Gudfellou

Jeyms Gudfellou ilk bankomatni patentladi va birinchi Pin-kod’ni yaratdi, biroq moliyaviy sohada katta maosh oladiganlardan farqli oʻlaroq, u oʻzining olamshumul xizmati uchun amalda hech narsa ololmadi.

Men bankomatni ixtiro qildim, evaziga esa atigi 15 dollar oldim — Jeyms Gudfellou

Ilk bankomatni patentlagan odam oʻz ixtirosi uchun atigi $15 olgan. Bu haqda ushbu patent egasi Jeyms Gudfellou The Guardian nashriga bergan intervyusida aytib oʻtgan.

Hayot baʼzan juda adolatsiz boʻladi. Mark Sukerberg millionlab insonlar tomonidan foydalaniladigan Facebook’ni yaratdi va uning boyligi hozirda $258 mlrdga baholanmoqda. Jeyms Gudfellou ham oʻz navbatida milliardlab insonlar foydalanadigan bankomatni yaratdi, ammo bu uni milliarderga aylantira olmadi.

Umuman olganda, ixtirosining 50 yilligi arafasida 79 yoshli mutaxassis Guardian Money nashriga patentdan atigi 15 dollar (taxminan 10 funt sterling) ishlab topganini va shundan beri undan bir tiyin ham daromad qilmaganini aytib oʻtgan.

 “Bankirlar bir million funt sterling miqdorida mukofot olayotganini koʻrganimda, oʻzimni qanday his qilishimni tasavvur qila olasiz, deb oʻylayman. Baʼzida oʻylab qolaman, ular shunday katta mukofotga loyiq boʻlish uchun bank sohasiga mendan koʻra koʻproq hissa qoʻshganmikin? Bu menga unchalik mantiqiy tuyulmaydi, lekin nima ham qilardim, dunyo shu tarzda ishlaydi”, — deya taʼkidlaydi Gudfellou.

Shuningdek, uni ixtirochilar va muhandislar uchun yaxshi ibrat namunasi sifatida koʻrishmayotgani ham uning jahlini chiqaradi. U bir nechta sanoat tarmoqlarini yuzaga keltirgan va milliardlab funt sterling daromad keltirgan inqilobiy ixtironi yaratdi,  “Lekin men hech narsa olmadim. Shunday ekan, Jeyms Gudfellouning izidan borib, ajoyib muvaffaqiyatga erishganda atigi 15 dollar olishni kim ham istardi?”

Ixtiro

1960-yillarning oʻrtalarida Gudfellou Glazgodagi Kelvin Hughes firmasiga qarashli boʻlimda rivojlanish boʻyicha muhandis boʻlib ishlardi. Unga shanba kunlari banklar yopilganda mijozlarga naqd pul yechib olish imkonini beruvchi usulni ishlab chiqish vazifasi topshirilgan edi.

 “Hafta davomida ishlaydigan odamlarning koʻpchiligi bankka bora olmasdi. Ular bu muammoga yechim izlashardi. Yechim esa tan olingan mijozga talab boʻyicha naqd pul beradigan mashina edi ”, deya eslaydi u.

 “Men naqd pul beradigan mashina yaratishga kirishdim va buni amalga oshirish uchun PIN [shaxsiy identifikatsiya raqami] hamda u bilan bogʻliq kodlangan tokenni ixtiro qildim”.

Bu token teshiklar teshib chiqilgan plastik kartadan iborat edi. Patent hujjatlarida bank devorining tashqi tomoniga oʻrnatiladigan karta oʻquvchi va tugmachalarni oʻz ichiga olgan tizim taklif etilgan boʻlib, unda shunday deyiladi:

  “Mijoz tizimdan pul olishni xohlasa, u shunchaki teshiklangan kartasini karta oʻquvchiga kiritadi va oʻz shaxsiy identifikatsiya raqamiga (PIN) muvofiq 10 ta tugmadan iborat klaviaturadan foydalanadi”.

Teshikli kartalardan tashqari, bu taʼrif bugungi bankomatlarning ish prinsipi bilan deyarli bir xil.

Gudfellou bu metodologiyani model ishlab chiqib muvaffaqiyatli namoyish qilganidan soʻng, prototiplar tayyorlashga ruxsat berildi va birinchi Chubb brendi ostidagi qurilmalar 1967 yili Westminster Bank (keyinchalik NatWest) boʻlimlariga oʻrnatildi.

Gudfellou bilan bir vaqtda De La Rue kompaniyasida Jon Sheperd-Barron ham bankomatga oʻxshash qurilma ustida ishlagan. Uning qurilmasi plastik kartalardan foydalanmasdi — u karbon-14 deb ataluvchi ozgina radioaktiv modda singdirilgan cheklardan foydalangan. Qurilma karbon-14ni aniqlab, chekdagi maʼlumotni mijozning PIN kodi bilan solishtirgan va pulni bergan.

Bankomatni aslida kim oʻylab topgan?

Koʻpchilik fikricha, birinchi boʻlib oʻrnatilgan va ishlatilgan bankomat — aynan Sheperd-Barronning qurilmasidir. Birinchi bankomat 1967 yil 27 iyun kuni Londonning shimolidagi Enfilddagi Barclays filialida ishga tushirilgan va ochilish marosimini mashhur aktyor Reg Varni olib borgan. Bu voqea Gudfellouning bankomati ommaga taqdim etilishidan bir oy oldin sodir boʻlgan.

Shunga qaramay, Gudfellou oʻz bankomati uchun patent arizasini 1966 yil 2 mayda topshirgan — bu Sheperd-Barron qurilmasi ishlay boshlaganidan 14 oy avval edi. Boshqacha aytganda, Gudfellou texnologiyani huquqiy jihatdan birinchi boʻlib roʻyxatdan oʻtkazgan. Sheperd-Barron esa oʻz qurilmasi uchun patent olmagan, De La Rue kompaniyasi bunga ehtiyoj yoʻq deb hisoblagan.

Ikki ixtirochi oʻrtasidagi raqobat ayniqsa Jon Sheperd-Barron muvaffaqiyati uchun sharaflanganida kuchaya boshladi. Gudfellou bu haqda shunday deydi:

“Eng katta afsus qiladigan narsam — shuncha vaqt jim yurganimdir. Jon Sheperd-Barron 2005 yili OBE mukofotini olguniga qadar men hech narsa demagan edim. Bu mukofot unga 'avtomatik naqd pul beruvchi qurilma' ixtirochisi sifatida berildi. Bu menga juda ogʻir botdi va men norozilik bildirdim. 1966 yildan 2005 yilgacha sukut saqlagandim — katta xatoyim boʻlgan”.

Nihoyat, 2006 yili Gudfellou ham bank sohasiga qoʻshgan hissasi uchun, aniqrogʻi,  “shaxsiy identifikatsiya raqami (PIN)” patentori sifatida OBE mukofoti bilan taqdirlandi.

Jon Sheperd-Barron esa hayotligida raqibiga unchalik iliq munosabatda boʻlmagan. 2005 yilda Guardian gazetasiga bergan intervyusida u shunday degan edi:

 “Men uni tanimayman, omad tilayman, lekin farq shundaki — biz butun tizimni yaxlit tarzda oʻylab chiqqandik. Bu banklar uchun muhim edi. Uning ixtirosi menga xoverkraftni eslatadi — nafis, lekin muvaffaqiyatsiz loyiha”.

Bugungi kunda esa bankomat dunyo miqyosida keng tarqalgan va muvaffaqiyatli texnologiyaga aylangan. Na kontaktsiz toʻlovlar, na bitkoyn bankomatlarning ommaviy tarqalish surʼatini toʻxtata olmayapti.

Gudfellou pul beruvchi qurilma gʻoyasini aynan oʻzi oʻylab topmaganini tan oladi:

 “Lekin uni amalga oshirishning usulini aynan men oʻylab topdim. Odamlar aka-uka Raytlar haqida gapirganda, ular uchish gʻoyasini ixtiro qilmagan deyishadi — chunki bu gʻoyani koʻpchilik oʻylagan edi. Lekin ular bu ishni birinchi boʻlib uddalagan va samolyot ixtirochisi sifatida tarixga kirgan. Shuning uchun men ham bankomatni ixtiro qilgan deb eʼtirof etilishim kerak, deb hisoblayman”, — deydi u.

Gudfellou texnologiyani ilk marta roʻyxatdan oʻtkazgan boʻlishiga qaramay, eʼtirofning bir qismini juda kech oldi. Bugun bankomat texnologiyasining tarixi toʻliqroq oʻrganilgach, koʻplab manbalar — jumladan, ATMInventor.com — unga asosiy ixtirochi sifatida eʼtirof bildiradi.

Sayt xulosasiga koʻra:

ATM gʻoyasini birinchi boʻlib ilgari surgan — arman-amerikalik Lyuter Jorj Simjian.

Hozirgi shakldagi, amaliyotda ishlatiladigan ATM’ni ixtiro qilgan — Jeyms Gudfellou.

Zamonaviy mustaqil bankomat dizaynini yaratgan — Jon D. Uayt (AQShdagi Docutel kompaniyasi)

$15 taqdiri

Gudfellou bu texnologiyadan olgan mukofoti haqida shunday deydi:

 “Men 15 ta davlatga patent arizasi topshirganman. Har bir davlat uchun patent imzosi uchun 1 dollardan olganman — jami 15 dollar. Oʻshanda men endi Kelvin Hughes’da ishlamasdim. Loyiha boshqa shaharga koʻchirilganida, meni u yerga boshqaruvchi sifatida taklif qilishgan, lekin men borishni xohlamadim. Shu tariqa, ishdan boʻshadim va IBM’da ishlashni boshladim. U yerda 26 yil faoliyat yuritdim”.

“15 dollarni nima qildingiz?” degan savolga esa hazil bilan shunday javob beradi:

 “Ehtimol, uni bir yovvoyi kechada sarflagandirman. Bu pul hayotimni oʻzgartirmadi. Lekin qilgan ishimdan mamnunman — bu yaxshi mehnat hayoti boʻldi”.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+