Mart oyida Oʻzbekistonda avtomobil savdosi 20 foizga oshdi
Mart oyida Oʻzbekistonda yengil avtomobillar savdosi 78 ming donadan oshdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotiga koʻra, fevral oyiga nisbatan talab 19 foizga, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan esa 20,6 foizga oshgan.

Mart oyida Oʻzbekistonda yengil avtomobillar savdosi 78 ming donadan oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirib oʻtilgan.
Fevral oyiga nisbatan avtotransportga boʻlgan talab 19 foizga oshgan boʻlsa, yillik hisobda oʻsish 20,6 foizni tashkil etdi. Savdolar koʻpchilik hududlarda faollashdi, biroq Jizzax, Samarqand va Andijon viloyatlarida oʻsish kuzatilmadi.
Toshkent shahrida bir oy ichida sotib olingan avtomobillar soni 60,5 foizga oshdi. Poytaxtdan tashqarida esa eng yuqori oʻsish Surxondaryo (51,4%), Toshkent (46%) va Sirdaryo (34,5%) viloyatlarida qayd etildi.
Bir oy davomida oʻzbekistonliklar qariyb 31 mingta yangi avtomobil xarid qildi. Birlamchi bozorda savdolar oylik hisobda 13 foizdan ortiq oshdi, 2025 yil martiga nisbatan esa talab 37 foizga koʻpaydi.
Ushbu segmentda, avvalgidek, talabning asosiy qismi mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillarga toʻgʻri kelmoqda. Jami 25 mingta avtomobil sotildi — bu fevral oyiga nisbatan 3,8 foizga, oʻtgan yilga nisbatan esa 26,5 foizga koʻp.
Shu bilan birga, yangi import avtomobillar savdosi tez surʼatlarda oshib, 5,7 ming donaga yetdi. Fevralga nisbatan ushbu segmentdagi faollik deyarli ikki baravar, yil davomida esa ikki martadan koʻproq oshdi.
Ikkilamchi bozorda esa savdolar 47,5 mingta avtomobilni tashkil etdi — bu avvalgi oyga nisbatan 23 foizga koʻp. Yillik oʻsish qariyb 12 foizni tashkil qildi.
Mart oyida elektromobillar savdosi fevralga nisbatan biroz sekinlashib, 5,5 ming donani tashkil etdi (-20,3%). Biroq 2025 yil martiga nisbatan talab qariyb 25 foizga oshgan.
Soʻnggi bir yil ichida elektr transportiga boʻlgan talab Oʻzbekistonning 8 hududida oshdi. Eng yuqori oʻsish Xorazm viloyatida (5 baravar), shuningdek Navoiy (3,6 baravar) va Jizzax viloyatlarida (2,9 baravar) qayd etildi.









