Mart oyida kredit va depozit stavkalarida pasayish kuzatildi — Markaziy bank
Xususan, jismoniy shaxslar uchun milliy valyutadagi kredit stavkalari mart oyida 0,4 foiz bandga kamayib, yillik hisobda 1,1 foizga tushdi.
Jismoniy shaxslarning muddatli depozit stavkalari olti oydan beri 22,1 foiz darajasida saqlanib qolmoqda.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, milliy valyutada jismoniy shaxslar uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalari mart oyida oʻtgan oyga nisbatan 0,4 foiz bandga kamaydi. Bu koʻrsatkich yillik hisobda 1,1 foiz bandga, 2024 yil dekabr oyidan buyon esa 1,3 foiz bandga pasaygan.
Jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari boʻyicha stavkalar esa ketma-ket oltinchi oyda oʻzgarishsiz qolib, 22,1 foiz darajasida saqlanmoqda.
Mart oyida omonatlar boʻyicha stavkalar 23 foizdan oshmaydigan qilib pasaytirildi. Ushbu tartib 1 apreldan kuchga kirgani sababli, bu chora-tadbirlarning real taʼsiri aprel oyidan boshlab sezilishi kutilmoqda.

Yuridik shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozit stavkalari 2025 yil boshidan buyon 0,4 foiz bandga pasayib, 16,4 foizni tashkil etdi. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan bu koʻrsatkich 1,6 foizga kamaygan.
Boshqa tomondan, tadbirkorlik subʼektlari uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalari esa 0,2 foizga oshib, 22,7 foizga yetgan.
Chet el valyutasidagi kredit va depozitlar
Chet el valyutasidagi qisqa muddatli kreditlar boʻyicha stavka mart oyida 10,6 foizni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 0,7 foizga pasaydi. Uzoq muddatli kreditlar esa 9,8 foiz boʻlib, bir oyda 0,6 foiz, oʻtgan yilga nisbatan 0,4 foizga kamaydi.

Jismoniy shaxslarning xorijiy valyutadagi muddatli omonatlari oʻtgan yil mart oyida 5,4 foiz boʻlgan boʻlsa, joriy yil martida 4,9 foizga tushdi. Yuridik shaxslarning omonatlari esa 4,1 foizdan 4,4 foizga koʻtarildi.