Markaziy bank valyuta intervensiyalarini bosqichma-bosqich qisqartiradi — 2030 yilgacha strategiya
Markaziy bank 2026–2030 yillarda ichki valyuta bozoridagi ishtirokini asta-sekin kamaytirishni koʻzda tutmoqda. Intervensiyalar dollar kursini maʼlum darajada ushlab turish uchun emas, keskin tebranishlarni yumshatish va bozorning uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun amalga oshiriladi.

Markaziy bank 2026–2030 yillarga moʻljallangan valyuta operatsiyalari va intervensiyalari strategiyasini eʼlon qildi.
Hujjatda regulyatorning ichki valyuta bozoridagi asosiy yondashuvlari belgilangan. Unga koʻra, valyuta kursi yoki uning oʻzgarishi Markaziy bank pul-kredit siyosatining maqsadli koʻrsatkichi boʻlmaydi. Yaʼni Markaziy bank soʻmning dollarga nisbatan maʼlum bir kursini saqlab turishni koʻzlamaydi.
Valyuta intervensiyalari esa ichki bozorda yirik yoki kutilmagan talab va taklif paydo boʻlganda uning taʼsirini yumshatish, almashuv kursining keskin tebranishlarini cheklash va xalqaro zaxiralarning yetarli likvid qismini saqlash uchun amalga oshiriladi.
Bunda intervensiyalar bozor shakllantirayotgan kurs yoʻnalishini oʻzgartirmasligi kerak. Yaʼni Markaziy bank keskin tebranishlarga qarshi chiqishi mumkin, biroq kursning fundamental trendini sunʼiy ravishda boshqa tomonga burishni maqsad qilmaydi.
Strategiyada yana bir muhim yoʻnalish belgilangan: moliya bozori rivojlanishi, iqtisodiyotdagi dollarlashuv kamayishi, kapital harakati liberallashuvi va kurs oʻzgarishining inflyatsiyaga taʼsiri pasayishi bilan Markaziy bankning valyuta operatsiyalari va intervensiyalari hajmi hamda davriyligi qisqartirib boriladi.
Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan oltin va boshqa qimmatbaho metallarni xalqaro bozorda sotishdan tushgan xorijiy valyutani ichki bozorda sotish davom etadi. Strategiyada bunday operatsiyalar valyuta intervensiyalaridan alohida tushuncha sifatida ajratilgan.
Markaziy bank oddiy valyuta operatsiyalarini valyuta birjasida ham, birjadan tashqari bozorda ham amalga oshirishi mumkin. Intervensiyalar esa faqat valyuta birjasida oʻtkaziladi.
Strategiya suzuvchi almashuv kursi rejimini rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, 2030 yilgacha amal qiladi.









