Markaziy bank talabalar uchun mukofot qiymati 100 mln soʻmlik tanlov boshladi
Tanlov iqtisodiyot va moliya yoʻnalishlarida tahsil olayotgan yuqori bosqich talabalari hamda magistrantlar uchun moʻljallangan boʻlib, unda ishtirokchilar makroiqtisodiy tahlil va pul-kredit siyosati boʻyicha amaliy topshiriqlarni bajaradi. Gʻolib jamoalar pul mukofotlari bilan birga Markaziy bankda amaliyot oʻtash imkoniyatiga ega boʻladi.

Markaziy bank talabalar uchun CBU Challenge tanlovini eʼlon qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur tanlov oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilib, talabalarning makroiqtisodiy tahlil, iqtisodiy prognozlash hamda pul-kredit siyosati sohasidagi amaliy bilim va koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Tanlovda iqtisodiyot va moliya yoʻnalishlarida tahsil olayotgan bakalavriatning 3–4-bosqich talabalari hamda magistrantlar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilar 4–5 nafar talabadan iborat jamoalar shaklida qatnashadi, har bir jamoaga bir nafar maslahatchi oʻqituvchi biriktiriladi.
CBU Challenge ikki bosqichda oʻtkaziladi. Saralash bosqichida jamoalar joriy makroiqtisodiy sharoit yuzasidan tahliliy taqdimot tayyorlaydi. Yakuniy bosqichda esa pul-kredit siyosati tahlil qilinib, asosiy stavka boʻyicha asoslangan qaror qabul qilinadi hamda press-reliz taqdim etiladi.
Tanlov yakunlariga koʻra gʻolib jamoalar diplomlar, pul mukofotlari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi. Asosiy mukofot 100 million soʻmni tashkil etadi. Shuningdek, gʻoliblarga Markaziy bankda amaliyot oʻtash imkoniyati beriladi.
Arizalarni qabul qilish 15 dekabrdan boshlanadi. Roʻyxatdan oʻtish 10 yanvargacha davom etib, mazkur havola orqali amalga oshiriladi. Tanishtiruv tadbirlari 12–16 yanvar kunlari oʻtkaziladi. Saralash bosqichi 9–13 fevral kunlariga belgilangan. Final bosqichi mart oyida boʻlib oʻtadi, aniq sana qoʻshimcha ravishda eʼlon qilinadi.
Aloqa uchun: Telefon: +998 71 233 00 65 Elektron pochta: j.mamasalaev@cbu.uz
Tanlovga oid batafsil maʼlumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi.









