Markaziy bank qimmatli qogʻozlar portfelini ilk bor qisqartirdi — hajm $1,1 mlrdga kamaydi
Markaziy bankning xalqaro zaxiralar tarkibidagi qimmatli qogʻozlar portfeli iyul oyida $1,1 mlrdga yoki 38,4 foizga qisqardi. Bu regulyator 2024 yil mayida xorijiy qimmatli qogʻozlarga investitsiya qilishni boshlaganidan beri qayd etilgan ilk pasayishdir.

Markaziy bankning 7 avgustda yangilangan statistik maʼlumotlariga koʻra, qimmatli qogʻozlar portfeli iyun oxiridagi $2,86 mlrddan iyul yakunida $1,76 mlrdgacha tushgan. Shu tariqa, bir oy ichida portfel $1,1 mlrdga qisqargan.
Ayni paytda naqd xorijiy valyuta va depozitlar hajmi aksincha keskin oshgan. Ularning qiymati $4,58 mlrddan $5,89 mlrdgacha yetib, bir oyda $1,3 mlrd yoki 28,5 foizga koʻpaygan. Natijada qimmatli qogʻozlardagi kamayishning katta qismi zaxiralarning boshqa likvid aktivlari oʻsishi bilan qoplangan.
Markaziy bank statistikasi aktivlar qoldigʻini koʻrsatadi, biroq qimmatli qogʻozlar portfelidagi $1,1 mlrdlik pasayish aynan sotuv, qogʻozlarning soʻndirilishi, bozor qiymatining oʻzgarishi yoki ushbu omillarning birgalikdagi taʼsiri hisobiga yuz berganini alohida ochiqlamaydi.
Shunga qaramay, portfelning qisqarishi tarixiy ahamiyatga ega. Markaziy bank qimmatli qogʻozlarga ilk investitsiyalarni 2024 yil may oyida amalga oshirgan. Oʻsha paytda regulyator bu Oʻzbekiston tarixida xalqaro zaxiralarni diversifikatsiya qilish maqsadida fixed-income qimmatli qogʻozlarga qilingan birinchi investitsiya ekanini bildirgan.
Dastlab qimmatli qogʻozlar portfeli atigi $35 mlnni tashkil etgan. Keyingi 25 oy davomida uning hajmi biror marta kamaymasdan oʻsib bordi va 2026 yil iyun yakunida rekord $2,86 mlrdga yetdi. Yaʼni ikki yildan sal koʻproq vaqt ichida portfel qariyb 82 baravar kattalashgan.
Eng katta sakrash joriy yil may oyida kuzatilgan. Aprel oxirida $1,55 mlrd boʻlgan portfel bir oy ichida $2,85 mlrdgacha oshgan. Bu $1,303 mlrd yoki qariyb 84 foizlik oʻsish degani. Iyun oyida esa portfel yana $8,3 mln koʻpayib, tarixiy maksimumga chiqqan.
Iyuldagi qisqarishdan keyin qimmatli qogʻozlarning Oʻzbekiston rasmiy zaxiralaridagi ulushi ham sezilarli kamaydi. Iyun oxirida ular jami zaxiralarning qariyb 4,5 foizini tashkil etgan boʻlsa, iyul yakunida bu koʻrsatkich 2,7 foizgacha tushdi.
Biroq qimmatli qogʻozlar portfelining qisqarishiga qaramay, Oʻzbekistonning umumiy rasmiy zaxiralari iyul oyida oshgan. Ularning qiymati $63,76 mlrddan $64,35 mlrdgacha koʻtarilib, bir oyda qariyb $590 mln yoki 0,9 foizga koʻpaygan.
Bunga naqd valyuta va depozitlarning oʻsishi bilan birga oltinning qiymati oshgani ham taʼsir koʻrsatgan. Zaxiralardagi monetar oltinning qiymati $55,76 mlrddan $56,12 mlrdgacha koʻtarilgan. Shu bilan birga, oltinning fizik hajmi 13,88 mln troy unsiyadan 13,85 mln unsiyagacha biroz kamaygan.









