Markaziy bank iyun oyida 21 ta bankni jarimaga tortdi
Qonunchilik va prudensial meʼyorlar buzilgani uchun yana bitta mikromoliya va bitta toʻlov tashkilotiga ham jarima sanksiyalari qoʻllanildi. Shuningdek, 23 ta bank ehtimoliy chora va sanksiyalar haqida ogohlantirildi.

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi iyun oyida qonunchilik va prudensial meʼyorlar buzilgani uchun 21 ta bank, bitta mikromoliya hamda bitta toʻlov tashkilotiga jarima sanksiyalarini qoʻlladi. Yana 23 ta bank ehtimoliy chora va sanksiyalar haqida ogohlantirildi.
Markaziy bank Bank nazorati qoʻmitasi 2026 yil iyun oyida jami yettita yigʻilish oʻtkazib, 34 ta masalani koʻrib chiqdi va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qildi.
Koʻrib chiqilgan masalalarning 22 tasi roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishiga tegishli boʻlgan. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha oltita, auditorlarga banklarda tekshiruv oʻtkazish huquqini beruvchi malaka sertifikatlarini taqdim etish boʻyicha uchta masala muhokama qilingan.
Shuningdek, mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish va toʻlov tashkilotiga litsenziya berish boʻyicha toʻrtta, kredit tashkilotlari ustav fondidagi ulushga egalik qilishga ruxsat berish boʻyicha beshta masala koʻrib chiqilgan. Banklarning kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlariga doir yana toʻrtta masala muhokama qilingan.
Bundan tashqari, kredit va toʻlov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala koʻrib chiqilgan. Ular Markaziy bank koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlarga rioya etilishi, inspeksiya tekshiruvlari natijalari hamda taqsimlanmagan foydani taqsimlash bilan bogʻliq boʻlgan.
Prudensial normativlarga rioya qilmagani yoki faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirmagani uchun 23 ta bank chora va sanksiyalar qoʻllanishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
Inspeksiya tekshiruvlari va oʻrganishlarda aniqlangan kamchiliklar uchun esa 21 ta bank, bitta mikromoliya tashkiloti va bitta toʻlov tashkilotiga jarima sanksiyalari qoʻllanilgan. Markaziy bank jarimaga tortilgan tashkilotlar nomlari va jarimalar miqdorini maʼlum qilmagan.









