Markaziy bank Humans ishi boʻyicha tekshiruv materiallarini IIBga topshirdi
Markaziy bank Humans MChJ bilan bogʻliq holat yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruv materiallarini Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga taqdim etdi. Regulyator zarar koʻrgan fuqarolarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga chaqirdi.

Markaziy bank Humans MChJ bilan bogʻliq vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot eʼlon qildi. Unda qayd etilishicha, Humans kompaniyasiga toʻlov xizmatlarini koʻrsatgan Octagram AJ toʻlov tashkilotida Markaziy bankning tegishli farmoyishiga asosan ishchi guruh tuzilib, tekshiruv oʻtkazilgan.
Tekshiruv yakunlari boʻyicha tuzilgan maʼlumotnoma belgilangan tartibda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga yuborilgan. Mazkur hujjat huquqiy baho berish hamda vakolat doirasida choralar koʻrish uchun taqdim etilgan.
Hozirda Humans kompaniyasi bilan bogʻliq holat Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda oʻrganilmoqda.
Shu bilan birga, Markaziy bank mazkur holatdan zarar koʻrgan fuqarolarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga chaqirdi.
“Yana bir bor taʼkidlaymizki, har bir bank va toʻlov tashkiloti moliyaviy xizmatlardan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilishni taʼminlashi shart”, — deyiladi regulyator xabarida.
Oʻzi nima boʻlgandi?
2025 yil 8 dekabr kunlari ijtimoiy tarmoqlarda Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan foydalanuvchilarning roziligisiz pul mablagʻlari yechib olingani haqida xabarlar tarqaldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab mijozlar ushbu holatdan zarar koʻrganini bildirgan. Ayrim foydalanuvchilar hisobidan hatto 20–30 million soʻmgacha mablagʻ yechib olingani aytilgan. Keyinchalik mazkur holat yuzasidan Humans va Octagram kompaniyalari bir-birini ayblay boshlagan edi.
Avvalroq Pinkod 14 oktabr kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Humans MChJ bilan bogʻliq nizo koʻrib chiqilgani haqida xabar bergan edi. Sud qaroriga koʻra, Humans MChJ (taʼsischisi — Humans Companies AJ) bankrot deb topilib, unga nisbatan faoliyatini toʻxtatmagan holda tugatish tartib-taomili boshlangan.









