12 092.870 so‘m

increase

16.890

13 824.570 so‘m

increase

24.140

157.130 so‘m

decrease

-0.190

12 092.870 so‘m

increase

16.890

41 daqiqa avval
Bank
49

Markaziy bank banklardan kredit sugʻurtasi boʻyicha tushuntirish berishni talab qildi

Markaziy bank onlayn mikroqarz va boshqa chakana kreditlar boʻyicha undiriladigan sugʻurta mukofotlarini qaytarish tartibini oʻrganmoqda. Tijorat banklari sugʻurta majburiymi yoki ixtiyoriymi, toʻlov kimning hisobidan ushlanishi hamda kredit muddatidan oldin yopilganda foydalanilmagan davr uchun pul qaytarilishini ochiq tushuntirishi kerak.

Markaziy bank banklardan kredit sugʻurtasi boʻyicha tushuntirish berishni talab qildi

Markaziy bank onlayn mikroqarzlar ajratishda sugʻurta polisi uchun undirilgan mablagʻlarni qaytarish bilan bogʻliq holatlar yuzasidan oʻrganish boshladi.

Bunga ijtimoiy tarmoqlarda kredit muddatidan oldin toʻliq yopilgan taqdirda ham sugʻurta shartnomasining foydalanilmagan davri uchun toʻlangan pulning tegishli qismi mijozlarga qaytarilmayotgani yoki uni qaytarish tartibi murakkab va tushunarsiz tashkil etilgani haqidagi xabarlar sabab boʻlgan.

Regulyatorning 9 iyuldagi xatiga koʻra, onlayn mikroqarz va boshqa chakana kreditlarga sugʻurta mahsulotlarini qoʻshib taklif qilayotgan banklar mazkur masala boʻyicha oʻz pozitsiyasini rasmiy kanallar orqali eʼlon qilishi kerak.

Banklar, xususan, quyidagi savollarga aniq javob berishi lozim:

  • kredit olishda sugʻurta mahsuloti taklif qilinadimi;
  • sugʻurta mijoz uchun ixtiyoriymi yoki kredit ajratishning majburiy shartimi;
  • sugʻurta mukofoti mijoz hisobidanmi yoki ajratilayotgan kredit summasidan ushlanadimi;
  • xizmatni qaysi sugʻurta tashkiloti koʻrsatadi;
  • bank bu jarayonda kreditor, sugʻurta agenti yoki faqat texnik vositachi sifatida ishtirok etadimi.

Pulni qaytarish tartibi ham ochiqlanishi kerak

Markaziy bank banklardan kredit muddatidan oldin toʻliq soʻndirilganda foydalanilmagan sugʻurta davri uchun mukofotning bir qismi qaytarilishi yoki qaytarilmasligini ham koʻrsatishni talab qilmoqda.

Agar pul qaytarilsa, banklar bu jarayon avtomatik amalga oshirilishi yoki mijoz alohida murojaat qilishi kerakligini tushuntirishi lozim. Shuningdek, murojaat bankka yoki sugʻurta kompaniyasiga yuborilishi, ariza topshirish kanallari, pulni qaytarish muddati va talab qilinadigan hujjatlar roʻyxati ham ochiq eʼlon qilinishi kerak.

Regulyatorga koʻra, bank amaliyotida mijozlar uchun noqulaylik, tushunmovchilik yoki texnik cheklovlar mavjud boʻlsa, bank ularni ochiq tan olishi hamda muammoni bartaraf etish boʻyicha aniq choralar va muddatlarni maʼlum qilishi lozim.

Agar ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan holatlar muayyan bank amaliyotida uchramagan boʻlsa, bank buni asoslangan tarzda rad etib, amaldagi tartibni mijozlarga sodda tilda tushuntirishi mumkin.

Markaziy bank banklar eʼlon qiladigan maʼlumotlar umumiy bayonot yoki mavhum raddiya emas, balki isteʼmolchi uchun amaliy ahamiyatga ega aniq tushuntirish boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Tijorat banklaridan amalga oshirilgan ishlar, eʼlon qilingan tushuntirishlar va ularga havolalarni 16 iyulga qadar Markaziy bankka taqdim etish soʻralgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+