12 581.970 so‘m

increase

84.220

14 698.260 so‘m

increase

39.650

157.750 so‘m

increase

0.960

12 581.970 so‘m

increase

84.220

4 kun avval
Bank

Markaziy bank 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jarima qoʻlladi

Markaziy bank moliyaviy qoidabuzarliklar sababli 23 ta bank hamda 2 ta mikromoliya tashkilotiga jarima qoʻlladi. 

Shuningdek, “IMKON FINANS MIKROMOLIYA TASHKILOTI” AJ faoliyatining ayrim yoʻnalishlari uch oy muddatga cheklab qoʻyildi.

Markaziy bank 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jarima qoʻlladi
Foto: AI / Pinkod.uz

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi 2025 yil iyun–iyul oylarida oʻtkazilgan 11 ta yigʻilishda jami 59 ta masalani koʻrib chiqdi.

Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishi boʻyicha 37 ta masala koʻrib chiqilgan boʻlib, ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • Kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish — 7 ta;
  • Yangi mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish — 5 ta;
  • Kredit tashkilotlari ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish — 2 ta;
  • Mikromoliya banki faoliyatini boshlash uchun dastlabki ruxsat berish — 1 ta;
  • Banklarda audit oʻtkazish huquqini beruvchi auditorlik malaka sertifikati taqdim etish — 2 ta;
  • Tijorat banklari kuzatuv kengashi, boshqaruv aʼzolari va muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlarini koʻrib chiqish — 20 ta.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 22 ta masala ham muhokama qilindi. Ular Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari bajarilishi, bank va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan inspeksiya natijalari, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirgʻin qurolini moliyalashtirishga qarshi kurash masalalarini qamrab oldi.

Bundan tashqari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdorini shakllantirish talablari buzilgani va boshqa kamchiliklar aniqlangani uchun 15 ta toʻlov tashkilotiga nisbatan chora va sanksiyalar qoʻllanishi haqida ogohlantirish berildi.

Tekshiruvlar natijasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirgʻin qurolini moliyalashtirish qoidalarini buzganlik holatlari aniqlanib, 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jarima sanksiyalari qoʻllandi. Markaziy bank ushbu tashkilotlar nomini oshkor etmadi.

Shuningdek, “IMKON FINANS MIKROMOLIYA TASHKILOTI” AJda aniqlangan qoidabuzarliklar sababli kreditlash, lizing, kafolat berish va faktoring xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha operatsiyalar uch oy muddatga cheklab qoʻyildi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+