Malik Avazov Mikrokreditbank boshqaruvi raisi etib tayinlandi
U 2020 yildan buyon Mikrokreditbankka rahbarlik qilib kelgan Orif Butayev oʻrnini egallaydi. Malik Avazov bunga qadar Anorbank boshqaruvi raisi oʻrinbosari, undan avval esa Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.

Malik Avazov Mikrokreditbank boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda bank sohasidagi bir necha manba xabar bermoqda.
U mazkur lavozimda 2020 yildan buyon ishlab kelgan Orif Butayev oʻrnini egallaydi. Butayev 2026 yil 12 may kuni prezident qarori bilan Mikrokreditbank boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etilib, qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari etib tayinlangan edi.
Malik Abduaxatovich Avazov 1979 yilda tugʻilgan. U 2000 yilda G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasini iqtisodiyot mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. Bank-moliya tizimidagi faoliyatini 2001 yilda boshlagan boʻlib, sohada qariyb 25 yillik tajribaga ega.
Avazov 2019 yildan Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisining oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritgan. U yerda bankning maʼmuriy va boshqaruv jarayonlariga masʼul boʻlgan.
2026 yil 4 mart kuni bank kuzatuv kengashi uning boshqaruv aʼzosi sifatidagi vakolatlarini muddatidan oldin tugatgan. Avazov bilan mehnat munosabatlari 6 martdan yakunlangan.
Oradan bir necha kun oʻtib, 11 mart kuni u Anorbank boshqaruvi raisining oʻrinbosari va boshqaruv aʼzosi etib tayinlangan. Bankda tashqi iqtisodiy faoliyat, biznesni rivojlantirish, korporativ kreditlash va faktoring operatsiyalari yoʻnalishlariga masʼul boʻlgan.
Endilikda Malik Avazov Mikrokreditbank boshqaruviga rahbarlik qiladi.









