11 839.590 so‘m

increase

6.220

13 569.350 so‘m

decrease

-8.260

140.420 so‘m

increase

0.630

11 839.590 so‘m

increase

6.220

5 soat avval
Bank
105

Madad Invest Bank asoschisi Moʻminjon Yoʻldashev xalqaro qidiruvga berildi

Interpol Moʻminjon Yoʻldashevga nisbatan 2026 yil 15 sentabrda Red Notice eʼlon qildi. U Oʻzbekistonda oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilishda ayblanmoqda.

Yoʻldashev 2024 yilda Madad Invest Bank kuzatuv kengashi raisligidan ketgan, ammo bank aksiyalarining asosiy qismi hali ham uning oila aʼzolari va ularga bogʻliq kompaniya qoʻlida qolmoqda. 

Pinkod tadbirkorning Madad Invest Bank bilan bogʻliq sobiq va hozirgi aloqalarini oʻrganib chiqdi.

Madad Invest Bank asoschisi Moʻminjon Yoʻldashev xalqaro qidiruvga berildi

Fargʻonalik tadbirkor, Madad Invest Bank’ning sobiq yirik aksiyadori va kuzatuv kengashi raisi Moʻminjon Yoʻldashev Oʻzbekiston soʻrovi asosida Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi.

Interpol maʼlumotlarida 1976 yil 18 fevralda Fargʻona viloyatida tugʻilgan Moʻminjon Yoʻldashevga nisbatan 2026 yil 15 sentabrda Red Notice eʼlon qilingani koʻrsatilgan. 

Qidiruvga Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi, yaʼni oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish boʻyicha qoʻyilgan ayblov asos qilib koʻrsatilgan.

Madad Invest Bank’dagi roli

Yoʻldashev uzoq yillar Madad Invest Bank’ning asosiy aksiyadorlaridan biri va bank kuzatuv kengashi raisi boʻlgan.

2018 yilgi korporativ hujjatlarda unga bankning 578 ming dona oddiy aksiyasi tegishli ekani qayd etilgan. Keyingi yillarda bank kapitali bir necha bor oshirilgan. 

2023 yil avgustda bank ustav kapitalini yana 50 mlrd soʻmga oshirish uchun nominal qiymati 5 ming soʻmdan boʻlgan 10 mln dona yangi aksiya chiqarishga qaror qilgan. Aksiyalar amaldagi aksiyadorlar oʻrtasida ularning ulushiga mutanosib ravishda joylashtirilishi belgilangan. Keyinchalik Yoʻldashevning oʻz nomiga rasmiylashtirilgan ulushi 25,09 foizgacha oshgan.

2024 yilda esa bank boshqaruvida oʻzgarish yuz bergan. Aksiyadorlar qarori bilan Yoʻldashevning kuzatuv kengashi aʼzosi va raisi sifatidagi vakolatlari 16 fevraldan muddatidan oldin tugatilgan. Uning oʻrniga Sherzod Xadjizadayev kengashga saylangan, bankning yuridik manzili esa Fargʻonadan Toshkentga koʻchirilgan.

Shunga qaramay, bankning amaldagi aksiyadorlik tarkibi uning oilaviy biznes doirasi bilan aloqa saqlanib qolganini koʻrsatadi. Hozir Madad Invest Bank aksiyalarining 30,94 foizi “Log‘on Agrosanoat Lyuks”ga, 26,56 foizi Ravshanjon Shokirjonovga, 26,33 foizi Daler Shokirjonovga va 16,2 foizi Raxshona Shokirjonovaga tegishli.

Shu tariqa, ushbu toʻrt aksiyador bank kapitalining amalda 100 foizini nazorat qiladi. Ravshanjon va Daler Shokirjonovlar Moʻminjon Yoʻldashevning oʻgʻillari boʻlib, Ravshanjon ayni paytda bank kuzatuv kengashi aʼzosi sifatida ham faoliyat yuritmoqda.

Shu sabab Yoʻldashev 2024 yilda bank kuzatuv kengashi rahbarligidan ketgan boʻlsa-da, Madad Invest Bank uning oilaviy biznes doirasi bilan bogʻliqligicha qolmoqda.

Qurilish va toʻqimachilik bizneslari

Yoʻldashev faoliyati faqat bank sohasi bilan cheklanmagan.

Korporativ va rasmiy hujjatlarda u “Baxodir Logʻon Tekstil” paxta-toʻqimachilik korxonasi direktori oʻrinbosari sifatida ham koʻrsatilgan.

U avval qurilish sohasida ham katta biznes yuritgan. Jahon banki hujjatlarida Yoʻldashev “Quvasoy Tamir Qurilish” kompaniyasining asoschisi va egasi sifatida koʻrsatilgan. Keyinchalik mazkur biznes Stroy Montaj Invest nomi bilan ham korporativ hujjatlarda uchraydi.

Madad Invest Bank’ning dastlabki yillarida Quvasoy Tamir Qurilish bank bilan bevosita moliyaviy aloqada boʻlgan. Masalan, 2017 yilgi aksiyadorlar yigʻilishida bankni tashkil etish jarayonida ushbu kompaniya hisobidan qilingan 329,3 mln soʻmlik tashkiliy xarajatlarni kompaniyaga qaytarish haqida qaror qabul qilingan.

Bankning kuzatuv kengashida ham Yoʻldashevga yaqin bizneslar vakillari boʻlgan. Turli yillarda Stroy Montaj Invest bosh hisobchisi, Royal Thai Group vakili hamda Fergana-Oseana xodimi kuzatuv kengashi tarkibida qayd etilgan.

Jahon banki uni toʻrt yilga chetlatgan

Moʻminjon Yoʻldashev nomi xalqaro moliya institutlari hujjatlarida ham avval paydo boʻlgan.

2019 yil 8 iyulda Jahon banki uni oʻz loyihalarida ishtirok etishdan kamida toʻrt yilga chetlatgan.

Ish Oʻzbekistondagi Sirdaryo suv taʼminoti loyihasi uchun qurilish tenderi bilan bogʻliq boʻlgan. Jahon bankining Integrity Vice Presidency tuzilmasi Yoʻldashevni raqobatchi kompaniya vakiliga tenderdagi taklifini qaytarib olishi uchun tahdid va bosim oʻtkazganlikda ayblagan.

Jahon banki hujjatlarida mazkur harakat “coercive practice”, yaʼni majburlash amaliyoti sifatida baholangan.

Sanksiya Yoʻldashevning oʻzi bilan birga u bevosita yoki bilvosita nazorat qilgan qator kompaniyalarga ham tatbiq etilgan. Jahon banki va boshqa xalqaro moliya institutlarining cross-debarment roʻyxatlarida Quvasoy Tamir Qurilish, Fergana Oseana, Royal Thai Group, Royal Thai Construction va boshqa kompaniyalar ham qayd etilgan.

Jahon bankining yillik hisobotida Yoʻldashevga nisbatan sanksiyaning asosi ham “coercive practices” sifatida koʻrsatilgan.

Siyosiy faoliyatda ham boʻlgan

Yoʻldashev biznes faoliyati bilan bir vaqtda mahalliy siyosiy jarayonlarda ham ishtirok etgan.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi maʼlumotlarida u Fargʻona viloyati Kengashining 56-Avval saylov okrugidan saylangan deputati sifatida koʻrsatilgan. Uning oʻsha vaqtdagi asosiy ish joyi Madad Invest Bank kuzatuv kengashi raisi lavozimi boʻlgan.

Hozircha huquqni muhofaza qiluvchi organlar Yoʻldashevga nisbatan 167-modda 3-qismi boʻyicha qoʻyilgan ayblov qaysi aktivlar, kompaniyalar yoki operatsiyalar bilan bogʻliq ekani haqida batafsil maʼlumot eʼlon qilmagan.

Shuningdek, Interpolda Red Notice joylashtirilgani Yoʻldashevning aybdor deb topilganini anglatmaydi. Uning aybdorligi faqat sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilanishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+