Kreditni kim yaxshiroq qaytaradi: erkaklarmi yoki ayollar?
Markaziy bank oʻtkazgan tadqiqot ayollar kreditni erkaklarga nisbatan intizomliroq qaytarishini koʻrsatdi. Eng yuqori risk guruhi 20–30 yoshdagilar boʻlib, yuqori foizli va oʻrta muddatli kreditlarda kechikish darajasi keskin oshishi aniqlangan.

Oʻzbekiston Markaziy banki jismoniy shaxslarning kredit toʻlash xulq-atvorini oʻrganish maqsadida 5 millionga yaqin qarz oluvchi va 8,5 milliondan ortiq kredit shartnomasini qamrab olgan keng koʻlamli tadqiqot oʻtkazdi.
Ayollar kreditni masʼuliyatliroq qaytaradi
Tadqiqotning eng qiziqarli xulosalaridan biri ayollarning kredit qaytarish intizomi erkaklarga qaraganda sezilarli darajada yuqori ekanligidir

Logit modeli natijalariga koʻra, ayollarning kreditni kechiktirish ehtimoli erkaklarga nisbatan 20-21 foizga past shakllangan. Ayollarning oʻrtacha oylik daromadi erkaklarnikidan oʻrtacha 1,6 barobarga kam boʻlsa-da, ular oʻz majburiyatlarini bajarishda koʻproq masʼuliyat koʻrsatishgan
Xalqaro tajriba (masalan, Bangladesh) shuni koʻrsatadiki, bu tendensiya ayollarning ishonchlilik darajasi yuqoriligi bilan bogʻliq
20-30 yoshli qarz oluvchilar — asosiy “risk” guruhi
Kredit toʻlovlarini kechiktirish darajasi qarz oluvchining yoshi bilan teskari bogʻliq. Eng yuqori kechiktirish darajasi 20-25 yoshli erkaklar (22,8%) va 25-30 yoshli erkaklar (20,9%) guruhlarida qayd etilgan. Ayollar orasida ham eng yuqori kechikish aynan 20-25 yoshda (13,3%) kuzatiladi. 30 yoshdan boshlab toʻlov intizomi yaxshilanadi, 55 yoshdan oshganlarda esa kechiktirish darajasi minimal koʻrsatkichlarga (12,5-13,2%) tushadi. Bu holat yoshi kattalarning barqaror ish va koʻproq tajribaga ega ekanligi bilan izohlanadi.
Kredit qanchalik qimmat boʻlsa, xavf shunchalik yuqori
Kredit qanchalik qimmat boʻlsa, uni qaytarmaslik xavfi shunchalik yuqori.
Kredit foiz stavkasi 46 foizdan oshganida portfel sifati keskin yomonlashadi. 62-76 foizli segmentda har uchta kreditdan biri (33,7%) kechiktirilgan.

Eng xavfli muddat — 24 oydan 36 oygacha boʻlgan oʻrta muddatli kreditlardir (19,8% kechikish). Eng kam kechikish esa 3 oygacha boʻlgan qisqa kreditlarda (4,4%) kuzatilgan.
Onlayn kreditlar nisbatan xavfliroq
Texnologiyalar qulaylik bilan birga banklar uchun qoʻshimcha risklarni ham keltirib chiqarmoqda. Onlayn olingan kreditlarni kechiktirish darajasi oflayn usulda olinganlarga nisbatan yuqori. Oʻtkazilgan tekshiruvlar oflayn kredit olganlarning riskini 25 foizga pastroq baholagan.
Bitta qarz oluvchining shartnomalari soni ortishi bilan toʻlov intizomi chiziqli ravishda yomonlashadi. Erkaklarda 10 tadan ortiq shartnoma mavjud boʻlganda, kechikish ehtimoli 45,3 foizgacha chiqib ketadi.
Eng ishonchli kreditlar qaysilar?
Tadqiqot eng barqaror portfel uchinchi shaxs kafilligi asosida berilgan kreditlar ekanini koʻrsatdi. Bunday kreditlarda kechikish darajasi atigi 3,9–7,2 foizni tashkil etadi.
Agar kreditda qoʻshma qarz oluvchi mavjud boʻlsa, kechiktirish ehtimoli 35 foizga kamayadi.









