Kredit va boʻlib toʻlash reklamalarida yakuniy toʻlov summasi koʻrsatish majburiy boʻladi
2026 yil 1 sentabrgacha kredit, mikroqarz, nasiya va muddatli toʻlov xizmatlari reklamalariga yangi talablar ishlab chiqiladi. Ularda isteʼmolchi qancha qoʻshimcha haq toʻlashi va yakunda jami qancha mablagʻ qaytarishi ochiq koʻrsatilishi kerak boʻladi.

Prezidentning 2026 yil 15 iyuldagi PQ–265-son qarori bilan kredit va boʻlib toʻlash xizmatlari reklamalariga yangi talablar joriy etilishi belgilandi. Hujjatga koʻra, isteʼmolchiga tovar yoki xizmatning asl narxidan qancha ortiqcha toʻlashi va yakuniy qiymati ochiq koʻrsatilishi kerak boʻladi.
2026 yil 1-sentabrga qadar Raqobat qoʻmitasi Markaziy bank va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Yangi talablar jismoniy shaxslarga taklif qilinadigan kredit, muddatli toʻlov, nasiya savdosi va boshqa moliyaviy xizmatlar reklamalariga tatbiq etiladi. Reklamada tovar yoki xizmatning joriy qiymatiga nisbatan qancha qoʻshimcha toʻlov undirilishi hamda isteʼmolchi yakunda jami qancha mablagʻ toʻlashi aniq koʻrsatilishi shart boʻladi.
Shuningdek, shartnoma tuzilayotgan paytda oldindan aniqlash imkoni boʻlmagan moliyaviy xizmatlarning kelgusidagi daromadliligi yoki samaradorligini vaʼda qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mikroqarz shartnomalarining dastlabki qismida shartnoma yuzasining kamida 30 foizini egallaydigan ogohlantiruvchi matn joylashtirish taklif etilmoqda. Reklama materiallarida ham kredit olishning ehtimoliy salbiy oqibatlari haqida ogohlantirish berilishi kerak boʻladi.
Bundan tashqari, isteʼmolchini chalgʻituvchi deb topilgan kredit mahsulotlarini vaqtincha yoki doimiy taqiqlash amaliyotini joriy etish rejalashtirilgan.
Avvalroq Raqobat qoʻmitasi reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik shartlarini buzganligi uchun 20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgandi.
Qoʻmitaga koʻra, ayrim reklamalarda kredit va omonatlarning muhim shartlari ochiq koʻrsatilmagan, maʼlumotlar esa noaniq, mayda shriftda yoki tushunish qiyin shaklda berilgan.









